O‘zbekiston | 17:13 / 13.05.2025
3106
2 daqiqa o‘qiladi

Zarafshon daryosidan elektr toki yordamida baliq ovlagan shaxslar ozodlikdan mahrum qilindi

Qiziltepa tumanida yashovchi 4 nafar shaxs elektr tokidan foydalangan holda Zarafshon daryosidan qariyb 400 dona baliq ovlagan. Ular orasida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan baliq turi ham bor. Sud hukmi bilan baliqchilar ozodlikdan mahrum qilindi. Ulardan 6,3 mlrd so‘m moddiy zarar undirish ham belgilandi.

Foto: Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi

Navoiyda taqiqlangan vositalar yordamida baliq ovlagan shaxslar jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Qiziltepa tumanida yashovchi Sh.G‘., Z.A., M.O. va B.S. elektr tokidan foydalangan holda Zarafshon daryosidan baliq ovlashgan. Ular 2024 yilning 23 sentabr kuni tunda Zarafshon daryosining Navbahor tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismidan elektr qarmoqda 399 dona baliq ushlashgan. Baliqlar orasida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 46 dona “Turkiston mo‘ylovdori” (shimbaliq, qayaz) ham bo‘lgan.

Baliqchilar Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Navbahor tumani IIB JXX HPB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida ushlangan. Ulardan 2 dona rezina qayiq, 4 dona avtomobil akkumulyatori, 2 dona elektr qarmoq sadogi va 2 dona elektr tokini kuchaytirib beruvchi uskuna ashyoviy dalillar sifatida olingan.

Fuqarolarning qilmishi oqibatida tabiatga 6 mlrd 324 mln so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgani hisoblangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudining 2025 yil 14 apreldagi hukmi bilan Sh.G‘., Z.A., M.O. va B.S. Jinoyat kodeksining 202-moddasi (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismining “g, ye, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng sudlanuvchilardan tabiatga yetkazilgan 6 mlrd 323 mln so‘m zarar solidar tartibda undirilishi belgilangan.

Mavzuga oid