Kreml Putin Istanbulga borish-bormasligiga aniqlik kiritmayapti
Putin Istanbuldagi muzokaralarga boradimi? Kremlning rasmiy javobi shunday: u buni zarur deb topganida aytadi.

Mixail Metsel / TASS / Profimedia
15 may – Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishi belgilangan kunga ikki kun qolganida ham bu qanday formatda o‘tkazilishi va unda kimlar ishtirok etishi aniq emas.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an bilan muloqotdan keyin Istanbulga kelishga va RF prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini tasdiqlagandi. U Turkiyaga AQSh prezidenti Donald Tramp ham kelishiga umid bildirgandi (u bundan bir necha soat oldin «Turkiyaga uchish haqida o‘ylayotgani»ni aytgandi). Tramp ayni vaqtda rasmiy tashrif bilan Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi.
Istanbulda muzokara o‘tkazishni taklif qilgan Putin hozircha muzokaralarda shaxsan o‘zi ishtirok etishi mumkinligi haqida hech qanday izoh bermadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bugungi brifingda Rossiya delegatsiyasi tarkibini oshkor qilishdan bosh tortdi va bu «prezident zarur deb topgan zahoti» amalga oshirilishini aytdi.
«Rossiya tomoni payshanba kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan muzokaralarga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Hozircha boshqa hech narsani izohlamoqchi emasmiz», – dedi Peskov.
Rossiyadagi telegram-kanallarda 13 may kuni tongdan Putin Turkiyaga uchmasligi, muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga TIV rahbari Sergey Lavrov hamda prezident yordamchisi Yuriy Ushakov boshchilik qilishi haqida xabar tarqatildi. Bu mish-mishning birinchi manbasi bo‘lgan Gulagu.net bu haqda «FSOga (Federal qo‘riqlash xizmati) yaqin anonim manbasi»ga tayanib xabar bergan. Manba Lavrov va Ushakov uchun go‘yoki «Rossiya» parvoz otryadining maxsus borti tayyorlanayotganini aytgan. Bu ma’lumot boshqa manba tomonidan tasdiqlanmagan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak esa «Zelenskiy Istanbulda Rossiyaning Putindan boshqa birorta vakili bilan uchrashmoqchi emasligi»ni aytdi. «Biz axir Rossiyadagi hokimiyat tuzilishini bilamiz. Medinskiy u yoqda tursin, hatto Lavrov ham faqat Putinning g‘oyasi bo‘lgan u yoki bu qarorlarni qabul qilishga vakolatli emas. Ya’ni urushni davom ettirish yoki to‘xtatish haqida faqat Putin qaror qabul qilishi mumkin», – dedi Podolyak.
U shuningdek agar Putin Istanbulga keladigan bo‘lsa, Kiyevdagilar Zelenskiyning Rossiya prezidenti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni taqiqlovchi farmonini zudlik bilan bekor qilishi mumkinligini aytgan. Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, bu qandaydir «yuridik tasdiqlangan hujjatlar»ni imzolashga tayyorlash bosqichidayoq sodir bo‘lishi mumkin.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham Ukraina muzokaralarning har qanday formatiga tayyorligi, biroq birinchi va eng muhim qadam o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. «Putinning Turkiyadagi muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortishi Rossiyaning urushni to‘xtatishni istamasligining so‘nggi belgisi bo‘ladi», – dedi u.
Yevropa muzokaralarni kutish uchun va’da qilingan qo‘shimcha sanksiyalarni kechiktirmoqda
Yevropa davlatlari yetakchilari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish uchun AQShga bosim o‘tkazishdan oldin 15 maygacha kutishga tayyor, deb yozadi Bloomberg manbalarga tayanib.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 12 may kuni amerikaliklar Yevropaga Putinga bosimni kuchaytirishdan oldin Oq uy Moskvaga muzokaralarda ishtirok etish imkoniyatini bermoqchiligini ma’lum qilgan.
Agar Putin Zelenskiy bilan uchrashishdan bosh torsa yoki har qanday formatdagi muzokaralar yakunida Rossiya zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, Yevropa Ittifoqi Donald Trampni Moskvaga qarshi sanksiyalar kiritishga chaqiradi. Shu bilan birga, Bloomberg yozishicha, AQSh bu yo‘nalishda harakatlanishga tayyormi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Agentlik 10 may kuni Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Rossiya sulhdan voz kechgan taqdirda yangi sanksiyalar joriy etish bo‘yicha Tramp bilan kelishib qo‘yganini eslatgan. Aynan o‘shanda Yevropa davlatlari Ukraina bilan birgalikda Putinni 12 maydan boshlab 30 kunga o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga chaqirgan va agar rad etilsa, bosim kuchaytirilishi bilan tahdid qilgandi. Putin sulh talabini e’tiborsiz qoldirib, Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilganida, Tramp uni qo‘llab-quvvatladi, bu Yevropa uchun kutilmagan holat bo‘ldi.
Rasmiy darajada Yevropa Ittifoqi dushanba kuni Rossiyaga sanksiyalarni kuchaytirish bilan tahdid qilishda davom etmoqda. Xususan, 12 may kuni tushdan keyin Germaniya hukumati rasmiy vakili «soat mili yurishda davom etayotgani» va agar Moskva kun oxirigacha o‘t ochishni to‘xtatmasa, yangi cheklovlar joriy etilishini aytdi. Dmitriy Peskov buni izohlarkan, «Rossiya bilan ultimatumlar tilida gaplashish to‘g‘ri bo‘lmasligi»ni aytdi.
13 may kuni tongda ham Rossiyaning Ukrainaga hujumlari davom ettirildi. Yevropa Ittifoqi vakillari hozircha hech qanday yangi izoh bermadi.
Mavzuga oid

21:38 / 13.05.2025
«U men bilan muzokaradan qo‘rqadi» - Zelenskiy Turkiyaga borishi va u yerda Putinni kutishini ma’lum qildi

20:52 / 13.05.2025
Xitoy Ukrainadan Moskvadagi parad vaqtida hujum qilmaslikni so‘ragan

10:10 / 13.05.2025
Zelenskiy Trampning Turkiyadagi uchrashuvda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatladi

22:48 / 12.05.2025