Jahon | 19:55
22246
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasiga yollangan mingdan ortiq o‘zbekistonliklar ro‘yxati e’lon qilindi

Ro‘yxatdagilardan yuzdan ortig‘i jang maydonlarida omon qolmagan. Xususan, ulardan biri shartnoma imzolaganidan sakkiz kun o‘tib halok bo‘lgan.

Stanislav Krasilnikov / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Ukraina hukumatiga aloqador «Xochu jit» («Men yashashni xohlayman») loyihasi Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan 1100 kishi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi. Mualliflarga ko‘ra, bu ro‘yxat to‘liq emas, agar Rossiya armiyasi safida turib jang qilayotgan etnik o‘zbeklar ham hisobga olinsa, ularning soni bir necha ming kishiga yetgan bo‘lardi.

  • «Men yashashni xohlayman» loyihasi – taslim bo‘lib, harbiy asirlikka tushmoqchi bo‘lganlar murojaatlarini muvofiqlashtiruvchi shtab bo‘lib, Ukraina mudofaa vazirligi va bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida ish olib boradi. U asosan, Rossiya va Belarus armiyasining ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lgan harbiy xizmatchilari bilan shug‘ullanadi.

«O‘zbekiston KXShT (ODKB)dagi a’zoligini to‘xtatib turgan bo‘lishiga qaramay, bu hukumatga o‘z fuqarolarining Rossiya armiyasi saflariga yollanishida ko‘z yumib turishiga xalaqit qilmayapti», – deydi mualliflar.

1100 kishilik ro‘yxatga Ukrainaga asirga tushganlar kiritilmagan. Ular faqat Rossiya armiyasi safida harbiy harakatlarda qatnashayotgan yoki qatnashgan (halok bo‘lgan yoki shartnoma muddati yakunlangan) O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilgan.

Ro‘yxatda O‘zbekiston fuqarolarining ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan sanasi, harbiy xizmatdagi shaxsiy raqami hamda vafot etgan sanasi (109 kishi) keltirilgan.

Tashkilot 1100 kishiga oid ma’lumotlarni qanday yo‘l bilan qo‘lga kiritganini ochiqlamagan.

O‘zbekistonning urushga yollangan fuqarolarining katta qismini 25 dan 50 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.

Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatdagilardan kamida 109 nafari vafot etgan. Ularning yoshi 21 dan 62 gacha bo‘lgan. Xususan, ulardan biri Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzganidan 8 kun o‘tib halok bo‘lgan.

«Rossiya qurolli kuchlari safiga o‘zbeklarni yollash tarixi tojikistonliklarnikiga juda o‘xshaydi. O‘zbekistondan kelayotgan muhojirlar oqimida susayish alomatlari ko‘rinmayapti. Rossiya hukumati ulardan «to‘p yemi» sifatida foydalanishdan mamnun. Ular Markaziy Osiyodan kelgan odamlarni reydlar va deportatsiya tahdidlari bilan shartnomaga imzo chekishga «rag‘batlantiradi», – deyiladi bayonotda.

Ukraina tarafi urush boshlanganidan buyon O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini chet el qo‘shinlari safiga qo‘shilmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, sudlarning yollanma askarlarga chiqargan «yumshoq hukmlari» ko‘plab savollarni tug‘dirayotganini qayd etgan.

«Mahalliy qonunlarga ko‘ra, «urushga yollanish» – jinoyat hisoblanib, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 2023 yildan beri mahalliy sudlar Rossiya qurolli kuchlari safida urushga borgan O‘zbekiston fuqarolariga bir nechta hukm chiqardi, lekin ularning aksariyati shartli jazo yoki ozodlikni cheklash. Garchi, ayblanuvchi o‘nlab ukrainlarni o‘ldirganiga iqror bo‘lgan bo‘lsa ham», – deyiladi matnda.

Tashkilot O‘zbekiston hukumati fuqarolarining Rossiya armiyasi safiga yollanishini to‘xtatishda yordam berishiga umid qilgan. Shuningdek, loyiha mualliflari Rossiya armiyasi safiga qo‘shilib, frontga yuborilganlarni «Xochu jit» loyihasi bilan bog‘lanib, asirlikka tushishga va hayotini saqlab qolishga chaqirgan.

«Xochu jit» e’lon qilgan ro‘yxat (Kun.uz undagi ma’lumotlar haqiqiyligini boshqa manbalar orqali tasdiqlamagan):

Mavzuga oid