Jahon | 18:17 / 27.04.2025
7342
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dengiz piyodalari va Z-blogerlar Kursk oblastida hamon ukrain harbiylari borligini xabar qildi

Bir kun oldin Putin hududdagi Ukraina kuchlari to‘liq «tor-mor etilgani» haqida aytgandi.

Yegor Aliyev / TASS / Profimedia

Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov 26 aprel kuni prezident Vladimir Putinga rossiyalik harbiylar Kursk oblastidan Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini «siqib chiqarishni yakunlagani» haqida hisobot berdi. Putin bunga javoban Gerasimovni «Kursk chegarasida dushman to‘liq tor-mor etilgani» bilan tabrikladi, deyiladi Kreml saytidagi xabarda. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Ukraina bo‘linmalari «muayyan pozitsiyalarni saqlab qolishda davom etayotgani» haqida bayonot berdi. Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Kursk oblasti hududida qolayotgani haqida Rossiyaning Z-kanallari ham xabar bergan.

Rossiyalik harbiy bloger Yuriy Kotenokning ta’kidlashicha, Glushkovskiy rayonida, Seym daryosi bo‘yidagi Otruba xutorida ukrainalik harbiylar qolmoqda va ular mazkur aholi yashash punktiga tutash hududlarni nazorat qilmoqda. Kotenokning aytishicha, «Oleshni hududida ham Ukraina qurolli kuchlarining kichik qarshilik o‘choqlari qolmoqda». Oleshni yaqinidagi janglar haqida «Arxangel spetsnaz» kanali ham xabar bergan.

Harbiy bloger Yuriy Podolyak esa Gerasimov ozod etilganini aytgan Gornal qishlog‘ida ham Ukraina qurolli kuchlarining «qarshilik o‘choqlari» saqlanib qolayotganini aytgan. RF mudofaa vazirligiga yaqin sanalgan Rybar telegram-kanali ukrain harbiylari «chegara bo‘ylab bir qancha dara va jarliklar»da o‘z mavjudligini saqlab qolayotganini qayd etgan. Kanal muallifi mazkur joylarni «yetib borish va o‘tish qiyin bo‘lgan joylar» deb ta’riflagan.

Ukraina mudofaa vazirligiga yaqin sanalgan DeepState OSINT-proyekti 26 aprel kuni kechqurun ukrain harbiylari Gornal va Oleshnya qishloqlari atrofidagi pozitsiyalarni o‘z nazoratida ushlab turganini xabar qildi. DeepState xaritasida Glushkovskiy rayonidagi Otruba xutori ham ukrain kuchlari nazoratida ekani ko‘rsatilgan. Xaritadan ko‘rish mumkinki, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblasti hududida jami 29 kilometr kvadrat maydonni o‘z qo‘lida ushlab turibdi.

Z-blogerlar va DeepState ma’lumotini 810-dengiz piyodalari brigadasi komandiri vazifasini bajaruvchi, «Groza» chaqiruv belgili harbiy ham Vladimir Putinga hisobot berish vaqtida bilvosita tasdiqlagan. U va Putin o‘rtasidagi suhbat 27 aprel kuni Birinchi kanal efirida ketgan. Brigada komandiri Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlarining «turli guruhlari va ayrim harbiylari qolayotgani»ni aytgan.

Rossiyalik harbiy RF qurolli kuchlari askarlari Gornal qishlog‘i ko‘chalarida mustahkam o‘rnashib olgani haqida gapirgandi. «Aholi yashash punkti to‘lig‘icha bizning nazoratimiz ostida, Gornaldan g‘arbda va janubdagi, shuningdek Guyevo atrofidagi o‘rmonzorlar tozalanmoqda. Yaqin vaqtlar ichida dushmanning barcha tarqoq guruhlari hamda alohida harbiylari butunlay yakson etiladi», — degan u Putin bilan muloqotda.

Mavzuga oid