Jahon | 10:16
11459
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Bosh shtabi Kursk oblasti to‘la ozod etilgani haqida hisobot berdi

Va ilk marta yordam uchun KXDR harbiylariga minnatdorchilik bildirildi.

Sergey Bobylev / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

RF mudofaa vazirligi Kursk oblasti bu yerga 2024 yilda bostirib kirgan Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalaridan uzil-kesil ozod etilganini e’lon qildi.

RF qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov 26 aprel kuni rossiyalik harbiylar regionda ukrainlar nazoratida bo‘lib turgan so‘nggi aholi yashash manzili – Gornal qishlog‘i ozod etilganini ma’lum qildi.

«Kursk oblastiga bostirib kirgan Ukraina qurolli kuchlari qurolli tuzilmalarini tor-mor etish jarayoni yakunlandi. Kiyev rejimining strategik platsdarm yaratish va Donbassdagi hujumimizni barbod qilish rejalari barbod bo‘ldi», – dedi Gerasimov Vladimir Putin oldida ma’ruza qilarkan.

U Kursk oblastidagi janglar davomida Ukraina qurolli kuchlari halok bo‘lganlar va yaralanganlar qo‘shib hisoblanganda 76 mingdan ortiq harbiy yo‘qotganini iddao qilgan.

Region ozod etilgandan so‘ng, Rossiya harbiylari «Ukrainaning Sumi oblastining chegara hududlarida xavfsizlik zonasi» yaratishda davom etmoqda, deya qo‘shimcha qildi Gerasimov. Bosh shtab boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha Rossiya armiyasi Sumi oblastining umumiy maydoni 90 kvadrat kilometrdan ortiq bo‘lgan to‘rtta aholi yashash punktini nazorat ostiga olgan.

Rossiya prezidenti, o‘z navbatida, Kursk oblastidagi operatsiya «frontning boshqa muhim uchastkalarida ham qo‘shinlarning keyingi muvaffaqiyatli harakatlari uchun sharoit yaratishi, neonatsist rejimi mag‘lubiyatini yaqinlashtirishi»ni ta’kidladi.

Gerasimov rossiyaliklarga ko‘rsatgan yordami va KXDR harbiy xizmatchilarining janglardagi ishtiroki uchun alohida minnatdorchilik bildirdi. Bu bilan Rossiya birinchi marta Kursk oblastida Shimoliy Koreya askarlari ham jang qilayotganini rasman tan oldi.

Xorijiy davlatlar razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Ukrainaga qarshi urushda yordam ko‘rsatishi uchun Rossiyaga 11 ming harbiy xizmatchisini yuborgan, shundan to‘rt ming atrofidagi harbiy o‘ldirilgan yoki yaralangan.

Gerasimovning nutqidan ko‘p o‘tmay, Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi javob bayonotini e’lon qildi. Unda idora Rossiya qo‘shinlari Ukraina harbiylarini Kursk oblasti hududidan butunlay chiqarib yuborgani rad etilgan.

«Ukraina mudofaa kuchlari Kurskning ayrim hududlarida mudofaa operatsiyasini davom ettirmoqda. Operativ vaziyat murakkab, ammo bo‘linmalarimiz ma’lum pozitsiyalarni ushlab turishda davom etmoqda va belgilangan vazifalarni bajarmoqda, shu bilan birga dushmanga barcha turdagi qurollardan samarali o‘t ochib zarba bermoqda, jumladan, faol mudofaa taktikasini qo‘llamoqda», – deyiladi Ukraina Bosh shtabi bayonotida.

Harbiylarga ko‘ra, kun davomida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlarining beshta hujumni qaytargan, ammo Ukraina bo‘linmalari uchun qurshov tahdidi yo‘q.

«Dushman rahbariyatining Ukraina qo‘shinlari guruhi „tor-mor qilingani“ haqidagi bayonotlari propaganda hiylasi va o‘zi istagan narsani haqiqat deb ko‘rsatish istagidan boshqa narsa emas», – deya qo‘shimcha qilgan Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi.

Mavzuga oid