Jahon | 22:32 / 23.04.2025
3671
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Hech kim Zelenskiydan Qrimni Rossiya hududi deb tan olishni so‘ramayapti

AQSh prezidenti Ukraina Qrimni «ancha yillar oldin» qo‘ldan chiqargani va endi bu «hatto muhokama mavzusi ham hisoblanmasligini» ta’kidladi.

Foto: AFP

AQSh tinchlik rejasi doirasida Ukrainadan Qrim ustidan Rossiya suverenitetini tan olishni talab qilmayapti. Bu haqda prezident Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga yozib qoldirdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiyning Ukraina huquqiy jihatdan hech qachon Qrimni Rossiyaniki deya tan olmasligi haqidagi bayonoti «Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga jiddiy zarar yetkazmoqda». Uning ta’kidlashicha, Ukraina yarimorolni «ancha yillar oldin», AQShda Barak Obama prezident bo‘lgan vaqtda qo‘ldan chiqargan va endi bu «hatto muhokama mavzusi ham hisoblanmaydi».

«Hech kim Zelenskiydan Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni so‘rayotgani yo‘q, lekin agar u Qrimni xohlayotgan bo‘lsa, nega ular yarimorol uchun 11 yil oldin, birorta o‘q otilmasdan Rossiyaga topshirilganida kurashmadi?» — deb yozadi Tramp.

Tramp, shuningdek, tomonlar «bitimga juda yaqin» ekanini ma’lum qildi va «qo‘lida kuziri yo‘q odamdan» ushbu kelishuvni ma’qullashni talab qildi.

23 aprel kuni Londonda AQSh, Ukraina, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari darajasida muzokaralar o‘tkazilishi kerak edi. Unda davlat kotibi Marko Rubio Kiyev va Yevropadagi ittifoqchilarga Trampning tinchlik rejasini taqdim etishi kutilayotgandi. Ammo Rubio Zelenskiy «Ukraina Qrim okkupatsiyasini yuridik jihatdan tan olmasligini» aytganidan keyin muzokarada ishtirok etishdan bosh tortdi.

Axios nashrining Amerikadagi manbalarga tayanib xabar berishicha, uchrashuvdan bir kun oldin Ukrainadan Kiyev delegatsiyasi Londonda Oq uyning urushni yakunlash rejasini emas, balki 30 kunlik sulhni muhokama qilmoqchiligi haqida signallar kelgan. Shuningdek, Axios birinchi marta Tramp rejasining barcha bandlarini e’lon qildi. Bu rejada AQSh Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishidan tashqari, 2022 yil fevralidan buyon Ukrainaning Luhansk, Donetsk, Xerson va Zaporijjya oblastlarining egallab olingan hududlar ustidan Rossiya nazoratini norasmiy tan olishi qayd etilgan. 

 

Mavzuga oid