Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishiga oid tergov hujjatlari oshkor etildi
230 ming sahifadan ortiq fayllar FQB tergovi tafsilotlari, ehtimoliy gumonlanuvchilarga berilgan baholar, shuningdek, tergov jarayonini aks ettiruvchi xizmat yozishmalaridan iborat.

Foto: Getty images
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bo‘yicha Federal qidiruv byurosi (FQB) tergoviga oid 230 ming sahifadan ortiq fayllarni e’lon qildi.
AQSh Milliy razvedkasi direktori Tulsi Gabbard bayonotida aytilishicha, FQB tomonidan to‘plangan va 1977 yildan beri sud tomonidan maxfiylashtirilgan hujjatlar AQSh Milliy arxivlar va hujjatlar boshqarmasi veb-saytida ommaga taqdim etilgan.
Qayd etilishicha, e’lon qilingan materiallar orasida Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bo‘yicha FQB tergovi tafsilotlari, ehtimoliy gumonlanuvchilarga berilgan baholar, shuningdek, tergov jarayonini aks ettiruvchi xizmat yozishmalari mavjud.
Kenja Martin Lyuter King AQSh qoratanli fuqarolari huquqlari harakatining eng taniqli va nufuzli rahbarlaridan biri edi. U 1929 yil 15 yanvarda Jorjiya shtatining Atlanta shahrida tug‘ilgan va baptist ruhoniysi, shuningdek, afro-amerikaliklar huquqlarining taniqli kurashchisi bo‘lgan. King irqiy segregatsiyaga zo‘ravonliksiz qarshilik ko‘rsatish va ijtimoiy adolat tarafdori edi. 1964 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
U 1968 yil 4 aprelda Tennessi shtatining Memfis shahrida afro-amerikalik sanitariya xodimlarining ish tashlashini qo‘llab-quvvatlash uchun borganida o‘ldirilgan. Qotillikda bir necha bor qamoqdan qochgan, ko‘plab sudlangan jinoyatchi Jyeyms Erl Rey ayblandi va sudlandi. U 99 yilga qamaldi va 1988 yilda qamoqda vafot etdi. Biroq, shundan keyin ham Kingning o‘limini maxsus xizmatlar uyushtirgani haqida ko‘plab fitna nazariyalari paydo bo‘ldi.
Hujjatlar e’lon qilinishidan oldin Martin Lyuter Kingning farzandlari ular bilan tanishib chiqdi. Ularning bayonotida aytilishicha, otasining o‘ldirilishi «o‘nlab yillar davomida jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan». Shu bilan birga, King oilasi barchani ushbu materiallarni «hamdardlik, vazminlik va oilaning qayg‘usiga hurmat hissi bilan» o‘rganishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp sobiq prezident Jon Kennedi, uning ukasi – AQSh sobiq bosh prokurori Robert Kennedi va Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish to‘g‘risida saylovoldi kampaniyasida ko‘p marta va’dalar berdi. Prezidentlik lavozimiga kirishgach, Tramp shu haqdagi farmonni imzoladi.
Mavzuga oid

23:01 / 22.07.2025
AQSh Trampning yangi muddati davomida Ukrainaga birinchi harbiy yordam shartnomasini e’lon qildi

19:00 / 22.07.2025
AQSh yana YuNeSKO tarkibidan chiqadi

08:18 / 22.07.2025
AQSh sobiq davlat kotibi Rays Trampning Rossiyaga ultimatumini qo‘llab-quvvatladi

21:58 / 21.07.2025