Jahon | 23:01 / 22.07.2025
4095
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Trampning yangi muddati davomida Ukrainaga birinchi harbiy yordam shartnomasini e’lon qildi

9 mln dollarlik yordam Bradley jangovar mashinalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va to‘liq jangovar holatga keltirishni nazarda tutadi.

Bradley / Foto: Getty images

Amerikaning BAE Systems Land & Armamens LP kompaniyasi Bradley jangovar mashinalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va to‘liq jangovar holatga keltirish bo‘yicha 9 million dollarlik shartnoma oldi. AQSh Mudofaa vazirligi saytida aytilishicha, mablag‘lar 2025-moliya yili uchun Ukraina xavfsizlik tashabbusi (USAI - Ukraine Security Assistance Initiative) budjetida zaxira qilinadi.

Shartnoma summasi katta emas, biroq bu Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida Ukrainaga ko‘rsatgan birinchi harbiy yordamdir.

USAI - bu Ukraina mudofaa qobiliyatini oshirish uchun AQSh tomonidan moliyalashtiriladigan dastur. 2022- va 2023-moliyaviy yillarda ushbu dastur uchun AQSh budjetidan 18 milliard dollar ajratildi. 2024-yilgi harbiy paket 13,77 milliard dollar ajratishni nazarda tutgan.

Avvalroq CBS News diplomatik manbalarga tayanib, Tramp Ukrainani moliyalashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani va gap kamida bir necha milliard dollar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Manbalar «yangi moliyalashtirish so‘nggi kunlarda Ukrainaga dronlar va raketalar yordamida zarba bergan Rossiyaga signal» ekanini ta’kidladi.

11 iyul kuni Reuters agentligi Tramp birinchi marta AQSh Kongressining roziligisiz o‘z farmoni bilan Ukrainaga qurol-yarog‘ yuborish uchun PDA (Presidential Drawdown Authority) huquqidan foydalanayotgani haqida xabar berdi. Ajratiladigan yordam paketi hajmi qariyb 300 million dollarni tashkil etadi. Unga Patriot majmualari uchun raketalar, HIMARS tizimlari uchun GMLRS snaryadlari va o‘rta masofali raketalar kirishi mumkin.

14 iyul kuni Tramp Putindan hafsalasi pir bo‘lganini, shuning uchun NATO bilan Kiyevga qurol yetkazib berish bo‘yicha kelishib olganini aytdi.

Mavzuga oid