Jahon | 19:30 / 18.04.2025
5066
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yamandagi neft terminaliga zarba berdi: 60 ga yaqin kishi halok bo‘lgan

Amerikalik harbiylar Yamanning Qizil dengiz sohilidagi, husiychilar nazorat qiladigan «Ras-Isa» nomli muhim neft terminaliga yo‘llagan aviazarbalari oqibatida kamida 58 kishi halok bo‘lib, yana 126 kishi yaralangan.

Foto: Reuters

«Amerika kuchlari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan terrorchi husiychilar uchun yonilg‘i manbasi bo‘lgan nishonni yo‘q qilish va ularni 10 yildan ortiq vaqt davomida butun mintaqadagi husiychilarning terrorchilik harakatlarini moliyalashtirgan noqonuniy daromadlaridan mahrum qilishga harakat qildi», — deyiladi AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bayonotida.

Amerikalik harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, yil boshida Vashington isyonchilarni xorijiy terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilganiga qaramay, bu yerga port orqali yonilg‘i yetkazib berilishi davom etgan.

Yamanning shimoli-g‘arbiy qismini boshqarayotgan husiychilar hukumati terminal fuqarolik obekti ekani va unga qilingan hujum «to‘laqonli harbiy jinoyat» hisoblanishini ma’lum qildi.

«Ras-Isa»ga zarba berilganidan bir necha soat o‘tgach, Isroil harbiylari Yamandan uchirilgan raketani to‘xtatib qolganini ma’lum qildi.

Isroilning bir qancha hududlarida sirenalar yangradi, ammo qurbonlar yoki vayronagarchiliklar haqida xabar berilmadi.

Husiychilar tomonidan boshqariladigan «Al-Masira» telekanali xabariga ko‘ra, payshanba kuni kechqurun Hudayda shahridan taxminan 60 km uzoqlikda joylashgan «Ras-Isa»ga 14 bor havo hujumi uyushtirilgan.

Telekanalning mahalliy sog‘liqni saqlash idoralariga tayanib xabar berishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati ishchilar bo‘lgan. Shuningdek, ma’lum qilinishicha, 5 nafar feldsher voqea joyiga yetib kelganida AQShning takroriy zarbalari oqibatida halok bo‘lgan.

Qurbonlar haqidagi xabarlarni tekshirishning imkoni yo‘q, biroq «Al-Masira» telekanali tomonidan namoyish etilgan kadrlarda yonayotgan sisternalar yonida kamida 10 kishining kuygan jasadlarini ko‘rish mumkin. Shuningdek, og‘ir kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilganlar aks etgan kadrlar ham bor.

«Biz «Ras-Isa» neft portiga zarba berish to‘laqonli harbiy jinoyat ekanligini tasdiqlaymiz, chunki port harbiy emas, balki fuqarolik obekti hisoblanadi», – deyiladi husiychilar hukumati bayonotida. – Biz Qizil dengizdagi keskinlashuv oqibatlari uchun barcha mas’uliyatni AQSh ma’muriyatiga yuklaymiz».

Eron Tashqi ishlar vazirligi zarbalarni «varvarlarcha hujum» sifatida qat’iy qoralashini ma’lum qildi.

Husiychilar nazorati ostidagi «Al-Masira» telekanali kadrlarida qutqaruvchilar yonayotgan yonilg‘i sisternalari yonidan bir necha jasadni olib chiqayotganini ko‘rish mumkin. Foto: Reuters

Payshanba kuni husiychilar yetakchisi Abdul Malik al-Husiy mart oyi o‘rtalaridan beri guruh kuchlari 170 ga yaqin raketa va dronlardan foydalangan holda 80 ga yaqin operatsiya o‘tkazganini, jumladan, Amerikaning USS Harry S Truman aviatashuvchisiga 30, Isroilga esa 26 bor hujum uyushtirganini aytgandi.

Yaman fuqarolar urushi tufayli vayron bo‘lgan. Mamlakatdagi urush 10 yil oldin husiychilar mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismini nazoratga olib, xalqaro tan olingan hukumatdan hududlarni tortib olgandan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarildi, o‘shanda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi (AQSh ham uni qo‘llab-quvvatlaydi) oldingi hukumatni qaytarish uchun mojaroga aralashdi.

Harbiy harakatlar oqibatida 150 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, gumanitar falokatga yuzaga kelgan: 4,8 million kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan, 19,5 million kishi – aholining yarmi – u yoki bu turdagi yordamga muhtoj.

Isroilning G‘azodagi operatsiyasi boshlanganidan so‘ng, 2023 yil noyabr oyidan boshlab, husiychilar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi savdo kemalarini o‘qqa tuta boshladi. Ular ikkita savdo kemasini cho‘ktirib, yana birini qo‘lga olishdi va ekipajning to‘rt a’zosini o‘ldirishdi.

Husiychilar G‘azodagi Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun harakat qilayotganini va ularning nishoni faqat Isroil, AQSh yoki Buyuk Britaniya bilan bog‘liq kemalar ekanini aytgan. Shu bilan birga, ushbu mamlakatlarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan kemalar bir necha bor o‘qqa tutildi.

Husiychilar Isroilni bir necha bor raketalar bilan o‘qqa tutgan, lekin biror marta jiddiy muvaffaqiyatga erisha olmagan.

Na G‘arb harbiy kemalarining Qizil dengizda kemalar qatnovini himoya qilish uchun joylashtirilishi, na AQShning sobiq prezident Jo Bayden buyrug‘i bilan husiychilar nazorati ostidagi hududlarda joylashgan harbiy obektlarga zarbalari berilishi vaziyatni o‘zgartira oldi.

Yanvar oyida lavozimga kirishganidan so‘ng, Tramp husiychilarni yana «xorijiy terrorchilik tashkilotlari» ro‘yxatiga kiritdi, Bayden ma’muriyati esa mamlakatdagi gumanitar inqirozni yumshatishga urinib, guruhni ro‘yxatdan chiqargandi.

Mart oyida Tramp husiychilar nazoratidagi hududlarga keng ko‘lamli zarbalar berishni buyurdi va ular «butunlay yo‘q qilinishi» bilan tahdid qildi.

Mavzuga oid