O‘zbekiston | 09:04 / 18.04.2025
2702
3 daqiqa o‘qiladi

40 mlrd so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi moddani olib kirmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Andijon viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni respublika hududiga olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi. 

Bojxona qo‘mitasi ma’lum qilishicha, “Do‘stlik” chegara-bojxona posti orqali muntazam ravishda tijorat maqsadidagi tovarlarini go‘yoki shaxsiy ehtiyoj uchun olib o‘tadigan 3 nafar fuqaro 9 kg bo‘lgan 3 dona kir yuvish kukunini chegara-bojxona postidan olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatildi

Mazkur tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada kir yuvish kukuni qadog‘i muqaddam ochilgani va uning ichiga aslida pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi joylangani fosh bo‘ldi.

Pregabalinni qabul qilib oluvchi shaxsga yetkazayotgan yo‘lovchi ham Ohangaron tumanida qo‘lga olindi. Uning yonida 27 kg og‘irlikdagi 9 dona kir yuvish kukuniga ham kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aralashgani aniqlandi.

Ushbu kuchli ta’sir qiluvchi moddalar Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi xonadonlardan biriga keltirilishi kerak bo‘lgan. Shubha ostiga olingan shaxsning ushbu tumanda ijarada yashab kelayotgan xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida bu yerda yashirin narkolaboratoriya tashkil etishga hozirlik ko‘rilayotgani aniqlandi. 

Xususan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qayta ishlash va taqsimlash maqsadida turli jihozlar, xomashyo va bo‘sh kapsulalar borligi aniqlandi.

Shu bilan birga, ushbu holatning ertasi kuni “Do‘stlik” chegara-bojxona postida aynan ushbu laboratoriyaga yetkazilishi kerak bo‘lgan 20 kg og‘irlikdagi 2 nomdagi kir yuvish kukuni qadoqlariga joylangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning navbatdagi partiyasi ham qo‘lga olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar yakunida jami og‘irligi 56 kg ni tashkil qiluvchi 16 dona kir yuvish kukuni qadoqlariga solingan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar olib qo‘yildi. Shundan 45 kg ni pregabalin moddasi tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, 1 kg pregabalin moddasini 33 ming kapsulaga taqsimlash mumkin. Ushbu holatda salkam 1,5 mln dona kapsulaga yetarli kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tarqab ketilishining oldi olingan. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qora bozordagi narxi 40 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Hozirda jami og‘irligi 45 kg pregabalin moddasi daliliy ashyo sifatida olinib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid