Jamiyat | 22:19 / 14.07.2025
2188
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda hokim o‘rinbosari, statistika bo‘limi boshlig‘i va sobiq mansabdorlar pora bilan ushlandi

Andijon tumani hokimining sobiq o‘rinbosari va statistika bo‘limi boshlig‘i 6 gektar yer olib berish uchun tadbirkordan 600 ming dollar so‘radi. Boshqa holatda hokim o‘rinbosari 4 gektar yer uchun 20 ming talab qildi. Ularning barchasi ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hokim o‘rinbosari, statistika va pensiya jamg‘armasi bo‘limlari rahbarlarining qilmishlari fosh etildi.

Xususan, Andijon viloyatining Xonobod shahar hokimi o‘rinbosari va spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJning muqaddam sudlangan rahbari 20 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, ular o‘zaro til biriktirib, mahalliy tadbirkorga matras, profnastil va bolalar tagliklari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishi uchun hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yer maydonini alohida lot sifatida auksion savdoga qo‘ydirib, 2 milliard so‘mga yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Shuningdek, Andijon tumani hokimining sobiq o‘rinbosari, Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va 2 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, kelgusida bolalar mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zavod qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga «Ipak yo‘li» erkin iqtisodiy zonasi hududidan 6 gektar yer maydonini auksion savdo orqali olib berish evaziga 600 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 150 ming dollar olgan vaqtlarida ushlangan.

Mazkur noqonuniy ishga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari, hozirda xususiy bandlik agentligi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan fuqaroning ham aloqadorligi aniqlanib, u ushbu masalada tadbirkorga yordam berish evaziga muqaddam 11 ming AQSh dollari olgani ma’lum bo‘lgan.

Toshkent viloyatida qayd etilgan holatda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Ohangaron tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroning yo‘qolgan mehnat daftarchasini tiklab, uni yoshga doir pensiyaga chiqarib berish evaziga 1500 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid