Iqtisodiyot | 10:02 / 16.04.2025
6374
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «Risoviy» bozori kimoshdi savdosiga qo‘yildi

Mirobod tumanidagi «Beshqo‘rg‘on» bozori («Risoviy») filiali bino va inshootlari kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Uning o‘rnida savdo majmuasi qurilishi mumkin.

Foto: e-auksion.uz

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri Mirobod tumanidagi «Beshqo‘rg‘on» («Risoviy») bozori filialining bino va inshootlarini kimoshdi savdosiga qo‘ydi. 

E-auksion platformasida ma’lum qilinishicha, mulk Farg‘ona yo‘li va Abdurauf Fitrat ko‘chalari kesishmasi yaqinidagi 0,26 gektar yer uchastkasida joylashgan. 

Unda usti yopiq savdo rastasi hamda bir nechta tijorat va yordamchi binolar bor. Ularning umumiy maydoni 1682 kvadrat metrni tashkil qiladi.

Hududda barcha kommunikatsiyalar — gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘i mavjud.

Mazkur maydonda ekobozor, savdo va ko‘ngilochar maskanlar, biznes markazi, ofis va xizmat ko‘rsatish maydonlari hamda yerosti avtoturargohiga ega 6 qavatli savdo majmuasi qurilishi rejalashtirilgan.

Lotning boshlang‘ich bahosi — 15,94 milliard so‘m. Auksion natijalari 28 aprel kuni e’lon qilinishi belgilangan.

Mavzuga oid