O‘zbekiston | 19:45 / 15.04.2025
1521
3 daqiqa o‘qiladi

YeOII Markaziy Osiyo integratsiyasiga monelik qiluvchi omil bo‘lishi mumkin - Farhod Tolipov

Siyosatshunos Farhod Tolipov Markaziy Osiyodagi geosiyosiy jarayonlar yuzasidan Kun.uz studiyasida kechgan suhbatda mintaqaning ikkita davlati Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligi haqida gapirarkan, bu holat Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiyani chigallashtiruvchi omil bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi.

YeOII bilan bog‘liq u yoki bu rasmiy hujjatlar Markaziy Osiyoda integratsiya jarayoniga salbiy ta’sir qilishi mumkinmi, degan mazmundagi savolga Farhod Karimov “albatta” deya javob berdi.

“Men qozog‘istonlik va qirg‘izistonlik ekspertlar bilan doim muloqotdaman, ularning maqolalari, chiqishlarini kuzatib boraman. Masalan, Qozog‘istondagi ekspertlar mamlakatning YeOIIga a’zoligini tashvish bilan baholashyapti. “Qozog‘iston bu a’zolikdan yutgani yo‘q, yutqazdi, kirishga kirdig-u, endi qanday qilib, qachon chiqish mumkin, hozirgi ma’muriyat chiqishga jur’at eta olarmikan” deb ham bosh qotirishyapti. Qirg‘izistonliklar ham shuni aytyapti.

Men nimaga bunga urg‘u berib ta’kidlayapman? O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyasida YeOII ham eslab o‘tilgan. 2020 yilda tashkilotda kuzatuvchi maqomini olgandik, ya’ni to‘laqonlik a’zolikdan bir qadam masofada turibmiz. Qolaversa, kuni kecha O‘zbekiston Yevrosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘ldi. Ya’ni YeOII tomon yana bir qadam qo‘yildi”, – deydi Farhod Tolipov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili kuzda deputat Akmal Saidov O‘zbekistonda YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomi “ko‘proq mos kelishi”ni aytgandi.

“Men O‘zbekistonning YeOIIga kirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi rahbariman. Biz ushbu tashkilotning mingdan ortiq turli hujjatlarini sinchiklab o‘rganib chiqdik va bugun shunday xulosaga keldik: O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi maqomini saqlab qolishdan manfaatdor”, degandi u.

Saidov, shuningdek, Qozog‘iston YeOIIga qo‘shilishdan “juda kam foyda olgani”ni qo‘shimcha qilgandi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 2001 yilda tashkil qilingan bo‘lib, unga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya a’zo sanaladi. Moldova, O‘zbekiston, Kuba va Eron kuzatuvchi davlat maqomiga ega.

Mavzuga oid