Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘limlar, iqtisodiy yo‘qotish va katta xarajatlar – anomal ob-havo Markaziy Osiyoga jiddiy xavf solmoqda
Mintaqa aholisi yozning eng issiq kunlarini yashamoqda. Yildan yilga havo harorati oshib, yashash uchun noqulaylikni oshiryapti. Jahon banki e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, agar besh davlat hozirdanoq bunga qarshi harakat qilmasa, YaIMning 2,5 foizi iqlimni deb yo‘qotiladi. Kun.uz bilan gaplashgan iqtisodchi va ekologga ko‘ra, anomal issiqqa yozgacha tayyorgarlik ko‘rib qo‘yish kerak edi.

Issiq ob-havo odamlarni yashab turgan joyidan ko‘chishiga sabab bo‘lyapti, issiqdan o‘layotganlar ham kam emas. Yaqindagina Jahon banki e’lon qilgan tadqiqotda kelishicha, Markaziy Osiyoda havo haroratining bunday ortib borishi odamlar hayotiga xavflarni ko‘paytiradi va iqtisodiyotga zarar olib keladi. Yaqin kelajakda iqlim o‘zgarishi yomon oqibatlar yaratishidan jiddiy xavotirlar allaqachon mavjud.
Iqtisodchi Valijon To‘raqulovga ko‘ra, havo haroratining bunday ko‘tarilishi ishchi kuchining yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. Chunki har qanday odam qulay muhit va mehnat sharoitlarini xohlaydi. Doimiy sharoitlarning yo‘qotilishi va anomal issiqni deb ishini tark etuvchilar soni oshib ketishi mumkin.
Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyoning 70 ta shahrini qamrab olgan navbatdagi tadqiqoti natijalarini e’lon qildi.
Unda yozilishicha, 2023 yilda mintaqada havo haroratining ko‘tarilishi 87 mingdan ortiq ish o‘rni yo‘qolishiga olib kelgan. Shundan 22 mingdan ortig‘i O‘zbekistonda, 18 mingga yaqini Ozarboyjonda qayd etilgan.
2050 yilgacha Yevropa va Markaziy Osiyodagi yirik shaharlarda issiq kunlar soni uch barobargacha oshishi mumkin. Harorat to‘lqinlari qariyalar, bolalar va kam ta’minlangan aholi uchun katta xavf tug‘diradi. Bunday holatlarda tez tibbiy yordam bo‘limlari va shifoxonalarga yuklama keskin ortadi, surunkali kasalliklar ko‘payadi.
Haddan tashqari issiq harorat ishlab chiqarish uskunalari, elektr tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazadi. Yetkazib berish zanjirlariga salbiy ta’sir qiladi. Odamlar va ishchilarning jismoniy va aqliy samaradorlik sifatini tushiradi.
Shu bilan birga, ish soatlari kamayish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Ayniqsa, bu qurilish, transport, turizm sohalarida ko‘proq kuzatilishi mumkin. Transport tizimlari ishdan chiqishi, qurg‘oqchilik, yong‘inlar xavfi, havo sifati yomonlashuvi va energiya ta’minotida uzilishlar kuzatiladi.
2090 yilga borib Markaziy Osiyoning bir qancha yirik shaharlari, jumladan, Ostona va Toshkentda havoning issiqligi tufayli umumiy o‘lim yiliga 10 mingdan 23 mingtagacha yetishi ham mumkin.
Qirg‘izistonlik ekolog, tibbiyot fanlari nomzodi Kaliya Moldogaziyevaga ko‘ra, hech qaysi davlat bu yilgi anomal issiq yozga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rmagan.
“Bilasizmi, men ekspert sifatida bunday tayyorgarlikni sezmayapman. Hamma harakat qilmoqda, albatta, hokimiyat darajasida, transport sohasida nimadir qilinmoqda. Lekin baribir oddiy shaharliklar ham Bishkekda nega daraxtlar quriy boshlaganini so‘rashmoqda. Shahar xizmatlari ham sug‘orishyapti. Bundan tashqari, Yosh gvardiya xiyoboni ham bor, u yerda yashovchilar yaqinda ekilgan daraxtlar qurib qolayotganidan shikoyat qilishdi va ular ham meriyaga murojaat qilishdi, u yerda ham sug‘orishni boshlashdi. Shuning uchun, aftidan, hech qanday tayyorgarlik bo‘lmagan. Tepadagilar bu odatdagi yozga o‘xshaydi deb o‘ylashgandi, lekin unday emas. Endidan yozlarga alohida tayyorgarlik ko‘rish kerak. Endi har yoz shunday bo‘lishi aniq, yildan yilga bularning barchasi kuchayib boradi. Sizda ham, bizda ham, umuman Markaziy Osiyoda ham”, - deydi ekolog.
Yevropa va Markaziy Osiyoda yashovchi aholining 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. So‘nggi 20 yilda o‘n minglab odamlar issiqlik bilan bog‘liq sabablar tufayli halok bo‘lgan. Agar hech qanday chora ko‘rilmasa, issiqlik oqibatida iqtisodiy yo‘qotishlar 2050 yilga borib yalpi ichki mahsulotning 2,5 foizigacha yetishi mumkin.
Mintaqaning to‘qqizta shahri, shu jumladan, Turkmanistonning Ashxobodida issiqlik sabab yillik iqtisodiy yo‘qotishlar YaIMning 2 foizidan oshish ehtimoli katta.
Qirg‘izistonda ekstremal harorat har yili 200 kilometrga yaqin yo‘llarning shikastlanishiga olib keladi. Bu esa ta’mirlash uchun katta xarajatlarni keltirib chiqaradi va transport infratuzilmasiga bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy faoliyatni izdan chiqaradi.
Ashxobodda jazirama bilan bog‘liq ortiqcha o‘limlar barcha yosh guruhlari uchun yiliga har 100 ming kishiga 25-28 holatni tashkil etadi. Ostona, Bishkek va Toshkentda esa bu ko‘rsatkich 19-21 tagacha yetadi.
Tadqiqotda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Sameh Vahba masala yuzasidan fikr bildirgan. Uning ta’kidlashicha, harorat ko‘tarilishi va issiq to‘lqinlar tobora odatiy holga aylanar ekan, shaharlarda yashash qiyinlashadi.
Hisobotda yozilishicha, issiqlik ta’sirini kamaytirish uchun shaharlarda quyidagi choralarni ko‘rish kerak:
- erta ogohlantirish tizimlarini yaratish;
- tez tibbiy yordam xizmatlarini rivojlantirish;
- aholi ehtiyoj sezayotgan joylarda sovitish markazlari tashkil etish;
- issiqqa chidamli qurilish materiallaridan foydalanish,
- infratuzilmani rejalashtirishda ekstremal ob-havo sharoitlarini hisobga olish.
Tahlilda muvaffaqiyatli yechimlar uchun aniq siyosiy iroda, muvofiqlashtirish va barqaror moliyalashtirish zarurligi keltirilgan.
Mavzuga oid

20:03 / 24.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda

10:04 / 23.07.2025
Iqlimshunos: “Kuzatilayotgan issiq ob-havo aholi uyqusiga salbiy ta’sir qilmoqda”

09:50 / 17.07.2025
Jazirama kunlarda qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?

10:21 / 16.07.2025