Jahon | 10:47 / 11.04.2025
12554
20 daqiqa o‘qiladi

Isroil bilan to‘qnashuvdan so‘ng HAMASdan nima qoldi?

HAMAS guruhi Isroil armiyasining harbiy amaliyoti davomida katta yo‘qotishlarga uchradi. Shunga qaramasdan, u mintaqada faol siyosiy va harbiy o‘yinchi bo‘lib qolmoqda. Hozir guruh qanday faoliyat yuritmoqda, u to‘liq tiklanish uchun yetarli resurslarga egami va uni yaqin kelajakda nima kutyapti?

Foto: Reuters

Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng, Isroil HAMASga qarshi yangi harbiy operatsiya boshladi — bu muvaqqat otashkesim kelishuvi imzolanganiga qaramay amalga oshirildi. Garovda ushlab turilganlarning taqdiri uchun xavotirda bo‘lgan qarindoshlar bundan norozi, ular guruh qo‘lida qolgan insonlar xavfsizligiga tahdid tug‘ilishidan qo‘rqishmoqda. Ammo Isroil rasmiylari radikal guruhni to‘liq yo‘q qilish bo‘yicha qat’iy fikrda turibdi.

Ayrim mutaxassislar HAMASni faqat harbiy yo‘l bilan yo‘qotib bo‘lmasligini ta’kidlashmoqda. Ular bu kuchlar ta’sirini susaytirish bo‘yicha umidlarni falastinliklarning o‘ziga bog‘lashmoqda, deb yozadi BBC.

HAMASdan nima qoldi?

BBC infografikasi.

Siyosiy qanot

G‘azo sektoridagi urush boshlanganidan beri HAMASning siyosiy va harbiy qanoti rahbariyatidan o‘nlab kishilar, jumladan, guruhning eng nufuzli shaxslari va 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilingan hujum mafkurachilari — Ismoil Haniya va Yahyo Sinvar o‘ldirildi.

Yahyo Sinvar Isroil qamoqxonasida 22 yil o‘tirgan va 2011 yili mingga yaqin falastinlik mahkumlar bilan birga isroillik askar Gilad Shalitga almashtirilgan. Shundan so‘ng u garovga olishni Isroilga qarshi kurashda samarali usul deb hisoblagan. Foto: EPA

2024 yil oktyabrida Sinvar ham halok bo‘lganidan keyin HAMAS xavfsizlik nuqtayi nazaridan yuqori lavozimlarga voris tayinlashni ommaga e’lon qilishni to‘xtatdi.

Biroq isroillik hamda Yaqin Sharqdagi ko‘plab tahlilchilar fikricha, guruhda bunday darajadagi rahbarlik vazifalarini bajara oladigan shaxslarning o‘zi umuman qolmagan.

Hozirgi holatda guruhning umumiy rahbarligini Sinvarning ukasi — Muhammad Sinvar amalga oshirayotgani aytiladi. Ammo BBCʼning O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilidagi falastinlik rasmiylardan olingan ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘proq familiyasining ta’siriga suyangan holda qabul qilingan majburiy qaror bo‘lib turibdi.

Isroilning Xon Yunusda yaqinda amalga oshirilgan aviahujumlari natijasida HAMASning yana ikki yuqori darajali rahbari — Ismoil Barhum va Saloh al-Bardavil o‘ldirildi.

Barhum guruh moliyaviy ishlarini boshqargan, al-Bardavil esa HAMAS siyosiy qanotining yuqori doirasi a’zosi edi. Isroil razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, ularning joylashuvi maxsus operatsiya orqali aniqlangan.

HAMAS siyosiy byurosining Doha shahridagi ofisi faoliyatini davom ettirmoqda, biroq uning samaradorligini hozirgi sharoitda baholash juda qiyin.

Ko‘pchilikning fikricha, 22 yil Isroil qamoqxonasida o‘tirgan va «sionist dushman»ni ichidan o‘rgangani aytiluvchi Yahyo Sinvarning o‘limi HAMAS uchun halokatli zarba bo‘ldi.

Biroq bu hal qiluvchi zarbamidi?

HAMAS o‘z safiga yangi jangchilarni qabul qilgan va ayrim baholarga ko‘ra, ularning soni urush oldidagi daraja — 20–23 ming kishiga yetgan. Foto: AFP

Harbiy qanot

HAMASning harbiy qanoti bilan bog‘liq vaziyat biroz boshqacharoq. U jonli kuch bo‘yicha katta yo‘qotishlarga uchragan bo‘lsa-da, soni katta darajada tiklangan.

G‘azo sektoridagi urush boshlanishidan oldin AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi guruh a’zolarining umumiy sonini 25–30 ming jangchi deb baholagan. HAMAS bu raqamlarni hech qachon rasman tasdiqlamagan, biroq bu ma’lumotlar Isroil baholariga mos keladi.

Isroil mudofaa armiyasining 2024 yil yozidagi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda boshlangan operatsiyadan beri HAMASning taxminan 17 ming nafar a’zosi o‘ldirilgan. Bu raqamga guruhning siyosiy qanoti va unga bo‘ysunuvchi ma’muriy tuzilmalari vakillari ham kiradi, ammo ularning soni faqat o‘nlab kishini tashkil qiladi — qolganlar asosan oddiy jangchilar hisoblanadi.

HAMASning o‘zi esa harbiy qanotidan faqat 6–7 ming kishi yo‘qotilganini tan olmoqda.

Yevropa Tashqi munosabatlar kengashi (ECFR) mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot esa Isroil tomoni ma’lumotlari, haqiqatga yaqin bo‘lishi ehtimoli katta ekanini ko‘rsatmoqda.

HAMASning eski jangchilar tarkibidan hozir taxminan 9 ming atrofida odam qolgan. Ammo shu bilan birga, G‘azo sektorida Isroilga qarshi harakat qilayotgan kuchlar umumiy soni yana urushdan oldingi darajaga — 20–23 minggacha yetgan.

Bu miqdorga «Islomiy jihod» kabi boshqa guruhlarga mansub jangchilar ham kiradi. Shuningdek, HAMAS yangi jangchilarni safarbar etgan.

Bu haqda avvalroq guruh vakili Abu Ubayda ma’lum qilgan edi, 2024 yil boshida esa AQSh Kongressidagi manbalar ham AQSh razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, buni tasdiqladi.

«Yangi jangchilarning ko‘pchiligi ehtimol, hech qanday tayyorgarlikdan o‘tmagan. HAMAS ularni tahdidlar orqali majbur qilgan yoki guruhning insonparvarlik yordamni taqsimlashdagi nazorati orqali o‘ziga jalb qilgan. HAMASning harbiy salohiyati jiddiy zaiflashgan, ammo agar ularga vaqt berilsa, o‘zlarini qayta tashkil qilib olish uchun yetarli kuchga ega», — deya hisoblaydi Vashington Yaqin Sharq siyosiy tahlil instituti eksperti Ido Levi.

Biroq Isroil bosimni kamaytirishi amri mahol.

Isroil qanday kayfiyatda?

Isroil jamiyatida ziddiyatli his-tuyg‘ular hukmron. Oxirgi bir yarim yil davomida yuz minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, hukumatdan urushni darhol to‘xtatish va asirlarni qaytarish uchun HAMAS bilan kelishuv tuzishni talab qilmoqda.

«Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi» — Tel-Avivdagi urushga qarshi namoyishda qatnashgan ayol ushlab turgan bannerda shu so‘zlar tushirilgan. Foto: AFP

Biroq BBC rus xizmati gaplashgan deyarli barcha isroilliklar «tugallanmagan va bartaraf etilmagan tahdid hissi» haqida so‘zlashmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘z tarafdorlariga HAMASni to‘liq yo‘q qilguncha urush olib borishga va’da bergan, shuningdek, birinchi prezidentlik davrida unga deyarli barcha rejalarda to‘liq erkinlik bergan Donald Trampning Oq uyga qaytishini intiqlik bilan kutgan edi.

Avvaliga Tramp o‘zidan oldingi prezident Jo Baydenning HAMAS bilan muzokaralarni nazarda tutuvchi tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlagani, do‘sti va ittifoqchisi Netanyahuni noqulay ahvolga solib qo‘ygani bilan barchani hayratda qoldirdi.

«Tramp [tinchlik muzokaralarida] faol ishtirok etishi, jumladan, u rasman prezident lavozimini egallashidan oldinoq o‘zining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakilini mintaqaga yuborishi — yangi ma’muriyatning ikki ashaddiy dushman o‘rtasida zo‘ravonlik qayta boshlanishining oldini olish istagini ko‘rsatadi», — deb hisoblaydi Chatham Houseʼdagi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika dasturi bo‘yicha katta ilmiy maslahatchi professor Yossi Mekelberg.

Oq uyga qaytishidan oldin Tramp necha marta «Avraam kelishuvlari»da erishilgan muvaffaqiyatni takrorlash va Isroil bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasida tinchlikka erishish niyati borligini ma’lum qilgan.

«Trampning dasturi boshqa davlatlarni, avvalo Saudiya Arabistonini «Avraam kelishuvlari»ga qo‘shilishga undashdan iborat. Bu esa Isroildan falastinliklar bo‘yicha jiddiy yon berishlarni talab etadi», — deya ta’kidlaydi ekspert.

Mekelbergning fikricha, Netanyahu HAMAS bilan tinchlik kelishuviga rozi bo‘lgan. Chunki AQShning yangi prezidentidan qo‘rqishi, o‘z hukmron koalitsiyasi parchalanishidan bo‘lgan xavfdan ustun kelgan. Axir agar u shunday qilmaganida, o‘zini aldangan his qilgan ultrao‘ng va dindor partiyalar koalitsiyadan chiqib ketishi mumkin edi.

Hukumat parchalanishining ilk «qaldirg‘och»lari uzoq kuttirmadi. Yanvar oyida HAMAS bilan kelishuvga norozilik sifatida milliy xavfsizlik vaziri — o‘ta o‘ng millatchilarning «Otsma Yyehudit» partiyasi rahbari Itamar Ben-Gvir o‘z lavozimini tark etdi, partiyasini koalitsiyadan olib chiqdi, bir necha boshqa vazirlar ham uning ortidan ergashdi.

Ularning barchasi faqat 18 mart kuni hukumatga qaytdi — aynan o‘sha kuni Isroil G‘azo sektorida HAMASning sohil hududdagi infratuzilmasiga qarshi yangi hujumlarni boshlagandi.

Itamar Ben-Gvir — G‘azoda harbiy harakatlarni davom ettirishni qattiq qo‘llab-quvvatlovchi siyosatchilardan biri. Foto: AFP

«Biz bosh vazir Binyamin Netanyahu boshchiligidagi Isroil davlatining intensiv harbiy harakatlarga qaytayotganini olqishlaymiz. Bu HAMASni yo‘q qilish va asirlarimizni qaytarish yo‘lidagi mutlaqo to‘g‘ri, axloqiy, etik va eng asosli qadamdir. Biz HAMAS degan tashkilot mavjudligiga toqat qila olmaymiz, u yo‘q qilinishi shart», — dedi Ben-Gvir o‘z lavozimiga qaytgan kuni.

AQShning qo‘llovi

Isroil vazirlar mahkamasida Itamar Ben-Gvir kabi ko‘plab hamfikrlar mavjud ekani sababli, harbiy harakatlarni davom ettirish uchun Netanyahuga Trampning qo‘llovi juda muhim. Bu esa avtomatik ravishda tinchlik kelishuvining keyingi bosqichlaridan voz kechishni anglatadi.

HAMASni mutlaqo yo‘q qilish uchun Isroilga Vashingtondan «yashil chiroq» kerak, deyishmoqda tahlilchilar. Foto: Getty Images

Ammo urushni tugatishni hali lavozimga kirishishidan avval Netanyahudan so‘ragan Tramp bunday qarorga keladimi?

Tahlilchilar fikricha, Tramp tomonidan yuborilayotgan signallar ziddiyatli. U ba’zan muzokaralarni talab qilmoqda, ba’zan esa Isroil va AQShni terror qiluvchilarga «chinakam do‘zax» va’da qilmoqda.

Ko‘plab ekspertlar fikricha, hozirgi vaziyatda eng muhim jihat — Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha ulkan rejalari (Eronga bosim, Saudiya Arabistoni bilan yaqinlik, G‘azo taqdiri va hokazo) uchun Netanyahu hukumati qulashi juda o‘rinsiz. «Bibi» aynan shu rejalarni amalga oshirishda Tramp uchun eng qulay shaxs hisoblanadi.

«Shu bois, Vashingtondan HAMASni butunlay yo‘q qilish uchun «yashil chiroq» yo allaqachon berilgan yoki albatta beriladi», — dedi BBCʼning Knessetdagi suhbatdoshi mart oyi o‘rtasida.

18 mart — G‘azoga nisbatan aviahujumlar qayta boshlangan kuni bosh vazir Netanyahuning ofisidan shunday bayonot berildi: «Bundan buyon Isroil HAMASga nisbatan harbiy kuchni bosqichma-bosqich kuchaytirib boradi».

Bunday bayonotlar Vashington bilan kelishuvsiz berilishi mumkin emas.

«U [Netanyahu] o‘zining o‘ta o‘ng hukumatini saqlab qolish uchun hech narsadan qaytmaydi. Xalqaro vositachilar aralashuvi va tinchlik kelishuvini buzgan tomon kim ekanini aniq ko‘rsatuvchi dalillarni taqdim etishi kerak», — dedi HAMAS siyosiy qanoti rahbariyatidagi yuqori martabali vakil Izzat al-Rishek.

HAMASning yerosti arteriyalari

2023 yil 7 oktyabridan buyon Isroil HAMAS rahbariyatini yo‘q qilishda katta yutuqlarga erishdi. Biroq mutaxassislar fikricha, bu yutuqlar strategik emas, balki faqat taktik xususiyatga ega.

Dunyoda turli paytlarda amalga oshirilgan harbiy amaliyotlar ko‘rsatmoqda: jihodchi guruhlar jiddiy zaiflashgach, ular faol qarshilik fazasidan sekinlashgan, yillab davom etishi mumkin bo‘lgan partizan urushi shakliga o‘tadi.

Isroil harbiylari BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) ofisi ostida joylashgan tunnelni yo‘q qildi. Isroil rasmiylari ushbu agentlikni 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumida ishtirok etganlikda ayblamoqda. Huquq faollari esa bu ayblovlarni rad etadi. Foto: AFP

HAMAS ham nazariy jihatdan bunday kurashga o‘tishi mumkin. Ammo G‘azo sektoridagi geografiya bu guruh foydasiga xizmat qilmaydi. Boshqa davlatlardagi jangarilardan farqli o‘laroq, HAMAS a’zolari tog‘larga yoki o‘rmonlarga g‘oyib bo‘lib ketolmaydi, qo‘shni davlatlarga bosqin uyushtirib, u yerdan qurol yoki ozuqa olib kelolmaydi.

G‘azoda tog‘lar ham, o‘rmonlar ham yo‘q. U bir tomondan Isroil, ikkinchi tomondan esa yaxshi qurollangan va siyosiy jihatdan betaraf Misr bilan chegaradosh.

Bunday sharoitda HAMAS partizan urushida faqat ikki tayanchga ega: yerosti infratuzilmasi va aholi qo‘llab-quvvatlovi.

TSAHAL qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, Isroil armiyasi G‘azo va Misr chegarasidagi Filadelfiya koridori ostidagi HAMASga tegishli tunnellarning taxminan 80 foizini yo‘q qilgan. Bu yerlar asosiy kontrabanda yo‘li va qurol hamda boshqa yuklarni yetkazib berish kanali bo‘lgan.

Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq siyosati instituti bahosiga ko‘ra, bu — HAMAS imkoniyatlariga berilgan juda kuchli zarba. Bu yo‘qotish, hatto jonli kuchlar orasidagi katta yo‘qotishlardan ham og‘irroqdir. Chunki inson resursini qayta to‘ldirish infratuzilmani qayta qurishdan ancha oson.

Biroq HAMASning yerosti tunnellari Filadelfiya koridori bilan cheklanmagan. G‘azodagi harbiy harakatlar boshlanganidan bir necha oy o‘tiboq Isroil mudofaa armiyasi bu tunnellar umuman olganda oldingi hisob-kitoblarga nisbatan ancha keng ekanini tan oldi.

Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, yerosti kommunikatsiya tizimining umumiy uzunligi o‘rtacha 650 kilometrni tashkil etadi va avval o‘ylanganidan ko‘ra ko‘proq tarmoqlarga ega.

Joriy yil may oyida AQSh razvedkasi HAMAS tunnellarining taxminan 65 foizi hanuz faol ekanini ma’lum qildi. Isroil esa bu ko‘rsatkichni 40 foiz deb baholamoqda. Ayrim tunnellar shunchalik kengki, ularda zirhli texnika va boshqa qurollarni bombalardan yashirish mumkin.

Ko‘plab harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Isroil uchun bu infratuzilmani yo‘q qilish o‘z maqsadlariga erishishda hal qiluvchi kalit hisoblanadi. Biroq bu — urushdagi eng murakkab vazifalardan biridir.

Ichki bosim

Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda jangarilarga qarshi kurashning eng samarali yo‘li — ularga falastinliklarning o‘zlari tomonidan ko‘rsatilayotgan bosim bo‘lishi mumkin. Ammo aholi xavfsizlikdan qo‘rqqani uchun bunday ommaviy chiqishlar kam uchraydi.

Urush boshlanganidan buyon va umuman, so‘nggi ko‘p yillik davrda ilk bor G‘azo aholisi ko‘chalarga chiqib, HAMASdan ketishni talab qildi. Foto: AFP

Shunga qaramasdan, 25 mart kuni G‘azo sektoridagi Bayt Lahiya shahrida yuzlab odamlar HAMASga qarshi namoyishga chiqdi.

Bu voqea «Islomiy jihod» guruhi Isroilga raketa otgandan keyingi kuni ro‘y berdi. Isroil armiyasi esa bu hujumga javoban Bayt Lahiyaning butun mahallalariga evakuatsiya buyrug‘ini berdi.

Qisqa tanaffusdan keyin yana ko‘chishga majbur bo‘lgan odamlar g‘azab bilan ko‘chalarga chiqib, «HAMAS, ket!» va «HAMAS hokimiyati ketsin, «Ixvon ul-muslimin» («Musulmon birodarlar») hokimiyati ketsin!» degan shiorlarni baqirishdi.

Bu namoyish HAMAS jangchilari tomonidan o‘qotar qurol va kaltaklar bilan tarqatildi. Biroq ochiq norozilikning o‘zi guruh uchun yomon alomatdir.

«G‘azoda HAMASga qarshi bo‘lganlar doim bo‘lgan va kam ham emas. Lekin ular aralashishdan qo‘rqishgan. Ko‘pchilik FATH bilan qilgan hisob-kitoblarini eslaydi — axir u yerda gap oddiy odamlar emas, siyosiy kuch vakillari haqida edi. Hozir esa odamlar ochiqcha ko‘chalarga chiqdi — bu ularning qo‘rqishdan charchaganini anglatadi. Ular bir yarim yildan beri o‘limdan qochib yuribdi. Agar bunday odamlar soni ortib borsa, HAMAS uchun bu jiddiy tahdidga aylanishi mumkin», — deydi 2006 yilda HAMAS hokimiyatga kelganidan so‘ng G‘azoni tark etib, O‘rdun daryosining G‘arbiy sohiliga ko‘chib o‘tgan g‘azolik sobiq jurnalist Nadir S.

G‘azo sektorida HAMAS tarafdorlari ham kam emas. Bu hududda aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish juda murakkab, chunki odamlar o‘z siyosiy qarashlarini ochiq bildirishdan qo‘rqadi. Biroq turli manbalarga ko‘ra, tarixan guruhni taxminan 40 foiz aholi qo‘llab-quvvatlagan. Bu esa mutlaq hokimiyatni saqlab qolish uchun yetarli bo‘lgan.

«HAMAS hech qachon ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lmagan. Biroq u hali ham falastinliklarning G‘azodagi eng mashhur siyosiy va qurolli guruhi bo‘lib qolmoqda. Odatda xalqning HAMASga nisbatan g‘azabi Isroilga nisbatan g‘azab oldida soyada qoladi. Hatto HAMAS tanqid qilinganda ham, Isroil asosiy aybdor sifatida qaraladi», — deydi Yevropa Tashqi munosabatlar kengashining (ECFR) katta ilmiy xodimi, HAMASning harbiy vaziyatiga oid tadqiqot hammuallifi Hyu Lovatt.

Biroq hozir vaziyat sezilarli o‘zgargan. Urush boshlanganidan beri HAMASga qaratilgan tanqid ovozlari internetda ham, G‘azo ko‘chalarida ham tobora balandlashmoqda.

Odamlar HAMASni 2023 yil oktyabrida Isroilga hujum rejalashtirarkan, aholi uchun oqibatlar haqida o‘ylamaganlikda ayblashmoqda. Boz ustiga, jangchilar o‘zlarini tinch aholi bilan niqoblayotganini tan olishmoqda.

Eng qattiq g‘azabni esa aholi orasida HAMAS insonparvarlik yordamini o‘zlashtirayotgani haqidagi gumonlar keltirmoqda. Mazkur yordam qisqa tanaffusdan so‘ng G‘azo sektoriga qayta kirib kela boshladi. Aprel oyida esa Isroil, tinchlik kelishuvi shartlari yuzasidan HAMAS bilan kelishmovchilik tufayli, tovarlar G‘azoga olib kirilishini qayta taqiqladi.

«Shuncha ko‘p yangi jangchilarni yollash uchun kerak bo‘lgan pullar HAMAS tomonidan majburiy musodara qilingan insonparvarlik yordam paketlarini G‘azo bozorlarida qayta sotish orqali kelmoqda», — deydi harbiy manbalar ma’lumotiga tayanib Quddus Xavfsizlik va tashqi ishlar markazining (JCFA) katta ilmiy xodimi Yoni Ben Menahem.

Albatta, G‘azo sektori aholisi o‘z xulosalarini Isroil axborotiga tayanmasdan chiqaradi. Biroq ular aniq biladigan narsa bir kunda bolalarining qornini necha marta to‘yg‘iza olayotgani.

Mavzuga oid