Jahon | 22:26 / 09.04.2025
8445
3 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask bojlar sabab Trampning maslahatchisini haqorat qildi

Import tovarlariga bojlar joriy etilishini yoqlagan Trampning maslahatchisi Tesla zavodi avtomobil ishlab chiqarish bilan emas, balki ularni yig‘ish bilan shug‘ullanishini aytdi. Bunga javoban Ilon Mask uni «haqiqiy ahmoq» deb atadi.

Foto: Getty images

Oq uyda bojlar borasidagi mojaro keskinlashdi. Oldinroq Ilon Mask AQSh prezidentining tarif siyosatidan norozi bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Endi esa Tesla rahbari bojlar tashabbusini ilgari surgan Trampning maslahatchisi Piter Navvaroni haqorat qildi.

Aftidan, Navvaroga Maskning import bojlari haqidagi fikrlari yoqmagan ko‘rinadi. CNBC kanaliga bergan intervyusida u Tesla’ni yetarlicha Amerika kompaniyasi emas deb atadi.

«Aslida u [Mask] ishlab chiqaruvchi emas, balki yig‘uvchi. Uning Texasdagi zavodiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dvigatelning katta qismi — elektromobillarda bu akkumulyatorlar — Yaponiya va Xitoydan kelishi ma’lum bo‘ladi. Elektronika qismi Tayvandan olib kelinadi. Biz xohlayotgan va Ilondan farq qiladigan narsami bu — shinalar Akrondan, uzatmalar qutisi Indianapolisdan, dvigatellar Flint va Saginodan bo‘lsin. Va avtomobillar shu yerda, AQShda ishlab chiqarilsin», — degan prezident maslahatchisi.

Navvaro shu orqali Mask nima uchun bojlarga qarshi chiqish qilayotganini tushuntirishga uringan. Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘i orqali unga javob qaytardi.

«Navvaro — haqiqiy ahmoq. U aytayotgan narsalar — yolg‘on… Tesla Amerika avtomobillarini ishlab chiqaradi. Navvaro bir qop g‘ishtdan ham ahmoqroq», — deb yozgan Mask.

Bild’ning yozishicha, ushbu tortishuv sanoat manfaatlari va proteksionistik savdo siyosati o‘rtasida mojaro oshib borayotganining yorqin ifodasi bo‘la oladi. Tesla kabi yirik texnologik kompaniyalar yangi bojlar o‘zlarining o‘sishiga tahdid qilishidan xavotirda.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni prezident Donald Tramp dunyoning ko‘plab davlatlariga nisbatan 10-50 foizli bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Ular 9 apreldan kuchga kirmoqda. O‘z navbatida Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan davlatlar Yevropa komissiyasining AQShga nisbatan savdo aksilchoralari joriy qilish to‘g‘risidagi taklifini ma’qulladi.

Mavzuga oid