Iqtisodiyot | 21:30 / 17.07.2025
2248
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Coca-Cola retseptini o‘zgartirishni talab qildi, kompaniya bunga rozi

Foto: Euronews

Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya ichimlikni ishlab chiqarish jarayonida makkajo‘xori siropini qamish shakariga almashtirishga rozi bo‘lgan.

Coca-Cola kompaniyasi Amerika bozori uchun ishlab chiqariladigan ichimliklarda yuqori fruktozali makkajo‘xori siropini tabiiy shakarqamishga almashtirishga rozi bo‘ldi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Tramp korporatsiya top-menejerlari bilan shaxsan muzokaralar olib borganini aytib, qabul qilingan qaror uchun ularga minnatdorlik bildirdi.

"Men Coca-Cola bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi ichimlik tarkibida REAL shakarqamishdan foydalanish haqida gaplashdim va ular bunga rozi bo‘lishdi. Men Coca-Colaʼdagi barcha vakolatlilarga rahmat aytmoqchiman", deb yozgan Tramp.

Ushbu tashabbus Tramp ma’muriyatining sog‘liqni saqlash vaziri Robert Frensis Kennedi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Amerikani yana sog‘lom qilamiz” (MAHA) dasturi bilan bog‘liq.

Loyiha mahsulotlar tarkibidagi zararli ingrediyentlar ulushini kamaytirish va tabiiy komponentlardan foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Kennedi, shuningdek, Amerika ratsionida iste’mol qilinadigan shakar miqdorini ham tanqid qilgan.

Reuters'ga ko‘ra, Coca-Cola allaqachon bir qator mamlakatlardagi mahsulotlaruchun shakarqamish siropidan foydalanadi. 

AQShning o‘rta g‘arbiy qismida joylashgan makkajo‘xori ishlab chiqaruvchilari uzoq vaqtdan beri Vashingtondagi qonunchilarga katta ta’sir o‘tkazib keladi. Prezidentning vatani Florida shtati esa mamlakatning eng yirik shakarqamish ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. 

"Yuqori fruktoza makkajo‘xori siropini qamish shakariga almashtirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi", degan Makkajo‘xori qayta ishlovchilar uyushmasi prezidenti va bosh direktori Jon Bode.

“Bundan tashqari, yuqori fruktozali makkajo‘xori siropini qamish shakariga almashtirish Amerikaning oziq-ovqat ishlab chiqarishidagi minglab ish joylariga qimmatga tushadi, fermer xo‘jaliklari daromadini kamaytiradi va xorijiy shakar importini oshiradi, bularning barchasi ozuqaviy foyda keltirmaydi" – degan Jon Bode, Makkajo‘xori qayta ishlovchilar uyushmasi prezidenti

AQSh prezidenti kola ichishni yaxshi ko‘rishini yashirmaydi. Mart oyida u jurnalistlarga Oval kabinetidagi ish stolida ichimlikka buyurtma berish uchun maxsus tugma o‘rnatilganini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyning ba’zi mehmonlari bu tugma yadro qurolini ishga tushirish uchun mo‘ljallangan deb noto‘g‘ri o‘ylamoqda.

Mavzuga oid