Jahon | 15:29 / 06.04.2025
13134
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azoda tibbiyot xodimlari otib tashlanganini tan oldi

Isroillik harbiylar to‘rtta mashinani o‘qotar qurollardan o‘qqa tutishi oqibatida o‘t o‘chiruvchi va shifokor bo‘lgan 15 kishi halok bo‘lgan. Avvaliga Isroil tomoni kolonnadagi mashinalar chiroqlarini o‘chirgan holda «shubhali tarzda» harakatlanganini aytgandi, ammo voqea joyidan topilgan telefonda yozib olingan kadrlar bu yolg‘onligini ko‘rsatdi.

Foto: Videodan kadr

Isroil armiyasi o‘z askarlari 23 mart kuni G‘azo janubida xatolik tufayli favqulodda xizmatlarning 15 nafar xodimini o‘ldirganini tan oldi. Isroil harbiylari halok bo‘lganlarning ba’zilari Hamasga aloqador bo‘lganini ta’kidlagan, biroq hozircha hech qanday dalil keltirilmagan. Isroil mudofaa armiyasi bayonotida tan olinishicha, qurbonlarning barchasi o‘qqa tutish chog‘ida qurolsiz bo‘lgan.

O‘shanda Falastin Qizil yarim oy jamiyati (PRCS) avtomobillar kolonnasi, BMT mashinasi va G‘azoning Rafah hududidagi fuqarolik mudofaasi o‘t o‘chirish mashinasi o‘qqa tutilgandi.

Dastlab Isroil harbiylar mashinalar kolonnasi qorong‘ida, chiroqlarsiz va miltillovchi mayoqlarsiz «shubhali» tarzda yaqinlashgani uchun o‘t ochganini da’vo qilgandi. Bu avtomobillar harakati oldindan armiya bilan kelishilmagandi.

Biroq, halok bo‘lgan paramediklardan biri mobil telefonida olgan videoyozuvda chaqiruv bo‘yicha yaradorlarga yordam berishga yo‘l olgan mashinalarning chiroqlari yoniq bo‘lganini ko‘rish mumkin. Dastlab New York Times tomonidan e’lon qilingan videoda tong otish chog‘ida mashinalar yo‘lda to‘xtagani va ko‘p o‘tmay otishma boshlanganini aks etgan.

Video olti daqiqadan ko‘proq davom etadi. Unda Refat Radvan ismli paramedik duo o‘qiyotgani, so‘ngra Isroil askarlarining ovozlari eshitilgani yozilgan.

Isroil mudofaa armiyasi rasmiy vakili shanba kuni kechqurun jurnalistlarga ma’lum qilishicha, askarlar avvalroq Hamasning uch a’zosi bo‘lgan avtomobilni o‘qqa tutgan. Tez yordam mashinasi voqea joyiga yetib kelganida, havodagi kuzatuv quruqlikdagi kuchlarga kolonna «shubhali harakatlanayotgani» haqida xabar beradi.

Tez yordam mashinalari Hamas mashinasi yonida to‘xtaganida, Isroil harbiylari buni tahdid deb hisoblab, shifokorlardan birortasi qurollangani haqida dalillar yo‘qligiga qaramay, o‘t ochgan.

Keyinchalik Isroil avtomobillarning chiroqlari o‘chirilgani haqidagi dastlabki bayonot noto‘g‘ri bo‘lganini tan oldi – bu harbiylarning o‘z xabarlariga asoslangan edi. Videodan ko‘rinib turibdiki, avtomobillar aniq qilib belgilangandi, shifokorlar esa yorug‘lik qaytaruvchi formada bo‘lishgan.

TsAXAL vakilining so‘zlariga ko‘ra, harbiylar 15 kishi jasadini yovvoyi hayvonlardan himoya qilish uchun ko‘mib yuborgan, mashinalar esa keyingi kuni yo‘lni ochish uchun olib ketilgan.

Jasadlar faqat bir haftadan keyin topilgan, chunki xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT ham bu hududga xavfsiz o‘tishni tashkil eta olmagan va voqea joyini aniqlay olmagan.

Gumanitar missiya voqea joyidan Refat Radvanning dalillar yozilgan mobil telefonini ham topishadi.

TsAXAL tibbiyot xodimlaridan kamida olti nafari Hamasga aloqador bo‘lganini iddao qilgan, biroq shu paytgacha hech qanday dalil keltirmagan. Shuningdek, Isroil hujum vaqtida ularning barchasi qurolsiz bo‘lganini tan oldi.

TsAXAL vakili shifokorlarning qo‘l-oyoqlari bog‘liq bo‘lgani yoki yarador shifokorlar qatl etilgani haqida ba’zi manbalarda tarqalgan ma’lumotni rad etgan.

Omon qolgan paramedik shu hafta boshida BBC muxbiri bilan suhbatda mashinalar chiroqlarini yoqib harakatlanganini aytgandi. Shuningdek, u hamkasblarining Hamas bilan aloqador bo‘lganini qat’iyan rad etgandi.

TsAXAL «voqealar ketma-ketligini tushunish va voqea joyidagi harakatlarni baholash uchun» hodisani «sinchiklab tekshirish»ga va’da bergan.

Qizil yarim oy va ko‘plab xalqaro tashkilotlar mustaqil tekshiruvni talab qilmoqda.

Sulh tuzilishi cho‘zilmoqda

Isroil va Hamas o‘rtasida 19 yanvarda kuchga kirgan va 42 kunga mo‘ljallangan kelishuvning birinchi bosqichi muddati 1 mart kuni tugagandi. Bu vaqtga kelib sulhning ikkinchi bosqichi shartlari allaqachon kelishib olinishi taxmin qilingandi, ammo bunday bo‘lmadi.

Isroil va AQSh sulhning birinchi bosqichini aprel oyi o‘rtalarigacha uzaytirishni talab qila boshladi, Hamas kelishuvning avvalgi muddatlarini saqlab qolishni talab qildi va Isroilni TSAHALning G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishi bo‘yicha majburiyatni bajarishni kechiktirishda aybladi.

Isroil 19 mart kuni Hamasni AQShning o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish va anklavda guruh tomonidan hali ham garovda ushlab turilgan 59 kishini ozod qilish bo‘yicha yangi taklifini rad etishda aybladi.

29 mart kuni Isroil Hamas vositachilar – Misr va Qatardan olingan taklifga rozi bo‘lganidan so‘ng, o‘z harakatlarini AQSh bilan muvofiqlashtirib, vositachilarga yarashuv bo‘yicha qarshi taklif yuborganini ma’lum qildi. Reuters agentligi shu hafta hujjat bilan tanishib chiqqan, unga ko‘ra vositachilarning taklifi 17 yanvardagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining bir qismi bo‘lgan va uni yana 50 kunga uzaytirgan.

Hujjatga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralar 50 kunlik muddat tugagunga qadar yakunlanishi kerak.

Taklif Nyu Jyersi shtatida tug‘ilgan, Isroil armiyasining 21 yoshli askari Eden Aleksandr o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganidan keyingi birinchi kuni ozod qilinishini ko‘zda tutadi.

Hamas, shuningdek, Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 250 nafar falastinlik va 7 oktyabr kuni Hamasning Isroilga hujumidan keyin hibsga olingan 2000 kishini ozod qilish evaziga har 10 kunda bir nafardan jami to‘rt nafar isroillikni ozod qilishi kerak.

Taklif, shuningdek, Isroil harbiy amaliyotlarini to‘xtatish, insonparvarlik yordami yetkazish uchun nazorat punktlarini ochish va janubdan shimolga va orqaga avtomobillar o‘tishi uchun Netsarim yo‘lagi faoliyatini tiklashni nazarda tutgan.

Hamas Isroilning G‘azoda sulh tuzish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha so‘nggi taklifini qabul qilmasligini, guruh Misr va Qatarning 50 kunlik sulh haqidagi taklifiga amal qilishini ma’lum qilgan.

Tafsilotlar oshkor etilmagan, biroq mintaqa davlatlari taklifi falastinlik mahbuslar evaziga garovdagilarning besh nafarini ozod qilish, Isroil armiyasini G‘azo hududlaridan olib chiqish va insonparvarlik yordami oqimini o‘z ichiga olishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi. Isroil yangi sulh boshida ko‘proq kishini ozod etishni talab qilmoqda.

Mavzuga oid