O‘zbekiston | 14:38 / 01.04.2025
4937
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyodagi eng chuqur g‘or joylashgan qishloq – Dehibolo | Manzil

Osiyodagi eng chuqur g‘or O‘zbekistonda ekanini bilarmidingiz? Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz yer osti dunyosining bu ajib mo‘jizasi Surxondaryo viloyati Boysun tumanida ekanini bilmasligi aniq. “Manzil” loyihasi navbatdagi ko‘rsatuvida Boybuloq g‘ori joylashgan qishloq va uning atrofidagi tabiat go‘zalliklarini namoyish etadi.

Boybuloq g‘ori Surxondaryo viloyati Boysun tumani Dehibolo qishlog‘i atrofida joylashgan. O‘tgan asrning 70-yillarida qurg‘oqchilik sabab qishloqda yashovchi Mustafoqul Zokirov suv izlab shu g‘orga kirgan. Mustafoqul shu asno g‘ordan qaytib chiqmagan. Mahalliy aholi uni qidirib, g‘orning ma’lum qismigacha kirgan, lekin topisholmagan. Oradan bir yil o‘tib speleologlar yordamida marhum tanasining qoldiqlari olib chiqilgan.

Shu tariqa, bir insonning o‘limi va qurg‘oqchilik sabab Osiyodagi eng chuqur g‘or topilgan.

2023 yil 20 avgust kuni Boybuloq g‘origa uyushtirilgan xalqaro speleologik ekspeditsiya navbatdagi rekord darajadagi chuqurlik kashf etilishi bilan yakunlangan.

Vadim Loginov boshchiligidagi Rossiya, Chexiya va Tayvandan kelgan 33 nafar speleologdan iborat ekspeditsiya g‘orning chuqurligi 1517 m, uzunligi esa 17 km ekanini aniqlagan. Avvalgi ko‘rsatkich 1430 m va 15,2 km edi.

Bugungi kunda g‘or chuqurligi bo‘yicha dunyoda 12-o‘rinda turadi.

G‘orni o‘rganish bo‘yicha birinchi tadqiqot 1985 yilda boshlangan. Boybuloq texnik jihatdan tushishning qiyinligi sabab 5+ toifasiga kiradi. Asosiy to‘siqlar – chuqurligi 180 metrgacha bo‘lgan ichki “quduqlar”, tor vertikal meanderlar, yarim sifonlar (ya’ni suv bilan to‘lgan o‘tish joylari) va boshqalardir.

Mutaxassislarning fikricha, Boybuloq g‘orining o‘tish joylari 1283 m chuqurlikda A.Vishnevskiy nomidagi boshqa g‘or tomon olib boradi. Ikkita g‘orning potensial ulanishi 2033 m chuqurlik va taxminan 30 km uzunlikni tashkil qiladi. Agar bu ma’lumotlar tasdiqlansa, bu dunyodagi uchinchi eng chuqur g‘or bo‘lishi mumkin.

Rekord chuqurlikka erishish uchun Boy-Buloq va A.Vishnevskiy g‘orlarida yana tadqiqotlarni davom ettirish rejalashtirilgan.

Boysun tog‘larida bundan tashqari bir nechta g‘orlar bor. Ular orasidagi eng mashhurlari Xo‘ja G‘ur-G‘ur ota, Vishnevskiy. Bu g‘orlarga ham nasib qilsa, sayohat uyushtiramiz.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun

Ko‘rsatuv O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Mavzuga oid