O‘zbekiston | 12:45 / 25.07.2025
12648
2 daqiqa o‘qiladi

“Surxondaryoning “o‘pkasi” yonib ketyapti” – Sheroboddagi yong‘in davom etayotgani ma’lum bo‘ldi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Surxon davlat qo‘riqxonasi hududidagi yong‘in o‘chirilganini bildirgandi. Biroq mahalliy aholi yong‘in hamon davom etayotgani va kengayib borayotganini aytmoqda. “5 gektar maydon yondi degan gap yolg‘on, minglab gektar maydon yonmoqda. Ko‘p yillik archalar bilan birga yovvoyi hayvonlar ham nobud bo‘lmoqda”, deydi Kun.uz suhbatlashgan guvohlardan biri.

Foto: Kun.uz

Sherobod tumani, Qizilolma mahallasida joylashgan Surxon davlat qo‘riqxonasiga qarashli hududda 2 kun oldin boshlangan yong‘in hamon davom etayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz’ga mahalliy aholi xabar berdi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in tobora kuchayib, kengroq hududni egallab olmoqda. Uni o‘chirishga bo‘lgan urinish foyda bermayapti.

“Surxondaryoning “o‘pkasi” yonib ketmoqda. 2 ta vertolyot jalb qilingan, ammo ularning kuchi yetmayapti yong‘inni o‘chirishga. 5 gektar maydonda quruq o‘t yongani haqidagi gap yolg‘on. Yong‘in minglab gektar maydonni egallab olyapti. Ko‘p yillik archalar yonib ketmoqda, qancha yovvoyi hayvonlar nobud bo‘lmoqda. Odamlar xavotirda”, deydi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan guvohlardan biri.

Tahririyatga qo‘riqxonadagi yong‘in hamon davom etayotgani aks etgan videolavhalar kelib tushdi. Unda olov tobora kengroq maydonni egallab olayotgani, daraxtlar ham yonib kulga aylanayotganini ko‘rish mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 23 iyul kuni tushdan keyin boshlangan ushbu yong‘in 24 iyul kuni soat 00:35 da to‘liq o‘chirilgani haqida ma’lum qilgandi. Xabarlarda qo‘riqxonaga qarashli hududda taxminan 5 gektar maydonda quruq o‘t yonayotgani aytilgan.

Kun.uz holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi yong‘in rasman o‘chirilganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid