Jamiyat | 16:22 / 11.02.2025
18176
6 daqiqa o‘qiladi

“Tog‘am bosmachi emas, qahramon edi” - Madaminbekning 102 yoshli jiyani Odiljon ota

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida Rossiya mustamlakachiligiga qarshi ozodlik uchun kurashgan Madaminbekdan qolgan yagona “tirik tarix” 102 yoshli Odiljon ota Zokirov istiqomat qiladi. Odiljon ota ikkinchi jahon urushida ham ishtirok etgan. Nuroniy otaga Madaminbekdan bir nechta buyum yodgorlik bo‘lib qolgan. Ulardan shu kungacha faqat uzuk yaxshi saqlangan. Unutilgan qahramonning jiyani onasidan eshitganlarini so‘zlab berdi.

“Madaminbek mening tog‘am. Onam Mehriniso aya Madaminbekning opasi edi. 1882 yilda Toshloq tumanining So‘kchilik mahallasida tug‘ilgan. Ota-onam Madaminbek bosmachi emas, u xalqni talamagan, millatni bosqinchilarga qarshi oyoqqa turgizgan yurtparvar odam bo‘lgan, kun kelib aytganlarimni avlodlarga yetkazasan deb vasiyat qilgan edi. Bugun shu vasiyatni bajo keltiryapman. Rus bosqinchilariga qarshi xalqni birlashtirgan xalqparvar inson bo‘lgan edi deb ko‘p uqtirardi.

Odiljon ota Zokirov, Madaminbekning jiyani

Kambag‘allar, qiynalganlarning haqini olib berishi bilan xalq orasida tanilgan inson edi. U rus bosqinchilarga qarshi tik turib Farg‘ona vodiysi aholisini birlashtirib isyonlarga bosh bo‘lgan. G‘alayonlari sabab Sibirga surgun qilingan. Ma’lum vaqt o‘tib yana qishloqqa qaytib kelgan Madaminbek Farg‘onada “nachalnik melisa” bo‘ldi.

Madaminbek yoniga Qumariq qishlog‘idan Shermuhammadbek (Ko‘rshermat) kelib yordam berardi, otlarini sug‘orardi. Chaqqonligi uchun uni o‘ziga yordamchi qilib olgan.

Shermuhammadbek

Tog‘amiz “melisa”likdan chiqib Farg‘ona vodiysi oliy bosh qo‘mondoni bo‘lib to “Amir al-muslimin” darajasiga erishdi. Shermuhammadbek bilan birga O‘shni zabt qilishdi. O‘shliklar Madaminbekni iliq kutib olgan. Hatto unga atab baland minora ham qurdirilgan. Shu minoraga chiqib ma’ruza qilgan.

Yurtda ruslar ko‘payib qo‘rboshilar parokanda bo‘la boshlagandan keyin Madaminbek qo‘rboshilarini olib Qirg‘izistonning Shig‘ay qishlog‘iga ketgan. Shig‘ayda Xolxo‘ja eshonning buyrug‘i bilan Madaminbekning boshi tanasidan judo qilindi. Oltiariqlik xofiz Dadaxon Hasanov 1994 yillarda Shig‘aydaga bordi va tog‘amning qabrini ziyorat qilib unga qabrtosh, panjara o‘rnatdi.

Eski qabrni sel yuvib ketganida mayitni qayta ko‘mgan qirg‘iz ota bilan suhbatlashdi. Mo‘jizani qarangki, Allohning irodasi bilan sel atrofni yuvib ketgan ekan. Lekin mayyit qabrni yonida qolgan. Qirg‘iz ota ham holatdan yoqasini ushlab, izzat-ikrom bilan uni yana qabrga qo‘ygan.

Hamon esimda Madaminbek o‘limidan keyin oilamizga zulmlar boshlanib ketgan. Onam bilan birga tomga chiqib yotardik. Qo‘rboshilar har kuni kelib tintuv o‘tkazardi. Onam ularga faol qarshilik ko‘rsatib uyimizga kiritmagan.

Madaminbek yonida yuradigan 5 nafar sodiq polvoni bo‘lgan. Bu hech qaysi manbalarda yo‘q. Bular Zulm polvon, To‘ra polvon, Mamadisoq polvon, Masharif polvon, Dadajon polvonlar edi. Polvonlar Madaminbekning tansoqchilari edi. Ular tog‘amdan keyin otib o‘ldirilgan.

Madaminbek tog‘amizdan bir qancha buyumlar yodgorlik bo‘lib qolgan. Ular yo‘qolib-yo‘qolib hozirda qo‘limdagi birgina uzuk bor. 105 yillik uzukni mana qo‘limga taqdim. Afsuski, Madaminbekdan birorta farzand qolmadi. O‘limidan keyin turmush o‘rtoqlari boshqa oila qurdi.

Madaminbekdan keyin Shermuhammadbek 3 ming askari bilan Afg‘onistonga o‘tib ketgan. U Afg‘onistonda mudofaa vaziri bo‘lgan. U yerdan Turkiyaga o‘tib o‘sha yerda bandalikni bajo keltirgan. Shermuhammadbek Turkiyada ekanida Madaminbekka hurmat nazaridan nevarasiga “Madaminbek” deb ism bergan. Shermuhammadbekning farzandlari Amerikada yashaydi hozir. Tog‘am bilan faxrlanaman. U millat faxri edi,” deydi Madaminbekning jiyani 102 yoshli Odiljon ota Zokirov.

“Bobomiz yigirma olti yoshida “Amir al-muslimin” bo‘lgan. Otam Madaminbekning jiyani. Otamning onalari Mehriniso aya vasiyat qilib qoldirib ketishgan ekan.

Orifjon Zokirov, Odiljon ota Zokirovning o‘g‘li

“Bobolarim bolam, Xudo xohlasa tirik bo‘lsang, sen albatta ko‘rasan tog‘angning xalqparvarligini, uning ozodlik uchun kurashganlarini xalq e’tirof etadi. Bu albatta bir kun amalga oshadi, deyishgan ekan. Madaminbek tog‘ang, bosqinchi emas, xalq farovonligi uchun, bosqinchilarga qarshi jonini fido qilgan odam”, degan. Mana, Xudoga shukur, hozirga kelib Madaminbek oqlandi.

Bobomizning qabri Qirg‘izistonning Shig‘ay qishlog‘ida. Bu narsa bizni ancha qiynab kelardi. 2017 yilda Madaminbekning xoklarini olib keldik. Tuprog‘ini Toshloq tumaniga olib kelib ramziy qabr o‘rnatganmiz”, deydi Odiljon ota Zokirovning o‘g‘li Orifjon Zokirov.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid