O‘zbekiston | 20:08 / 18.03.2024
20143
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston havo hududida «Tolibon» harbiy vertolyoti urib tushirilgani haqidagi xabarlar rad etildi

Rossiyalik siyosatshunos O‘zbekiston havo hududida «Tolibon» vertolyoti urib tushirilgani haqida xabar tarqatdi. Mudofaa vazirligiga ko‘ra, bu xabar «hech qanday asosga ega emas».

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mamlakat havo hududida «Tolibon» harbiy vertolyoti urib tushirilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni rad etdi

«Shuni ma’lum qilamizki, ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», – deyiladi bayonotda.

Bu ma’lumotni rossiyalik siyosatshunos, Afg‘on siyosatini o‘rganish markazi rahbari Andrey Serenko tarqatgan. U o‘z manbalariga tayanib gap «Tolibon» armiyasining Mi-17 harbiy vertolyoti haqida ketayotgani, bortida 15 kishi bo‘lgan vertolyot Mozori Sharifdan Badaxshon tomon uchgani, O‘zbekiston havo hududiga qanday kirib qolgani noma’lum ekani haqida yozgan.

«OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishlarini so‘rab qolamiz. Asoslanmagan yolg‘on xabar tarqatganlik uchun javobgarlik mavjudligini eslatib o‘tamiz», – deyilgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi raddiyasida.

Mavzuga oid