O‘zbekiston | 12:27 / 30.11.2023
10107
9 daqiqa o‘qiladi

“Narxi arzon narsaning qadri ham bo‘lmaydi” - suv ta’minoti mas’ullari bilan suhbat

So‘nggi oylarda O‘zbekiston hududlarida ichimlik suvi tariflari oshirilmoqda. Xususan, 9 dekabrdan boshlab Toshkent shahrida ham yangi tariflar kuchga kiradi. Kun.uz muxbiri shu munosabat bilan “O‘zsuvta’minot” boshqarma boshlig‘i Sultonxo‘ja Dadaboyev va kompaniya matbuot kotibi Akmal Murodovga bir qator savollar bilan yuzlandi.

— Bizda mavjud suv zaxiralari bo‘yicha holat qanday? Aholi va iste’mol o‘sib borishi kabilarning ta’siri qanday bo‘lyapti?

Akmal Murodov: — Ichimlik suvi – butun dunyodagi eng aktual masala, ayniqsa, suv zaxiralari kundan kunga kamayib borayotgan Markaziy Osiyoda.

O‘zbekistondagi suv zaxiralarining 70 foizdan ortig‘i qo‘shni davlatlardagi manbalar orqali shakllanadi. Lekin ayni o‘sha suv boshida turgan qo‘shni davlatlarda suv narxi bizdagidan qimmat. Vaholanki, aholiga ichimlik suvi yetkazib berish katta mehnat, mablag‘ talab etiladi, 23 mingdan ortiq ishchi-xodimlar ishlaydi. “Suvtekin”, “oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” kabi tushunchalar ongostimizga singib qolgan, lekin bularni unutadigan vaqt keldi.

Tahlillarga ko‘ra, 2050 yilga borib Markaziy Osiyo suv taqchil bo‘lgan hududga, xususan O‘zbekiston suv eng tanqis bo‘lgan 33 davlatdan biriga aylanadi. Bunga bor-yo‘g‘i 20 yildan ko‘proq vaqt qoldi. Agar shu ketishda isrof qilaversak, bu vaqt yana ham qisqarishi mumkin. Biz suvga nisbatan haddan tashqari qo‘pol munosabatda bo‘lyapmiz, isrofgarchilikning yuqori darajasiga yetdik. Shu yil yozda Qozog‘iston va Qirg‘iziston umumiy hammomlar va avtomobil yuvish shoxobchalariga cheklovlar qo‘yishdi. Biz aholi farovonligini o‘ylab shu ishni qilmadik, ammo odamlarimiz yana ham isrofgarchilikni ko‘paytirishdi.

Biz suvga nisbatan munosabatni evolyutsion emas, revolyutsion o‘zgartirishimiz kerak, chunki kech qoldik. Farzandlarimiz, nevaralarimizning suvini sarflab bo‘ldik aslida.

Sultonxo‘ja Dadaboyev: — Yuqorida aytilgandek, Jahon bankining tahliliga ko‘ra, bizning hududda suv resurslari kamayadi, talab esa oshadi va suv taqchil bo‘lgan hududga aylanamiz. Agar shu bugun keskin o‘zgarishlar bo‘lmasa, yildan yilga resurslarimiz kamayib, ahvol yomonlashaveradi.

— Respublikamiz aholisining necha foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan? Va yana necha yilda ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan aholi holati ijobiylashadi? Moddiy-texnik imkoniyatlar qanday?

Sultonxo‘ja Dadaboyev: — Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha umumiy 74 foiz aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari eng kam ichimlik suvi bilan ta’minlangan hududlardir, xususan, Qashqadaryo viloyati toza ichimlik suvi bilan 51,6 foiz ta’minlangan.

Akmal Murodov: — 74 foiz aholi ta’minlangan, deyapmiz, bu degani har to‘rtinchi odam markazlashgan quvurdan suv ichmaydi, degani. Hali aholimizning to‘rtdan bir qismini suv bilan ta’minlash vazifasi turibdi. Yirik quvurlarimiz o‘tgan asrning 60-70-yillarida yotqizilgan, suvni to‘xtatib, birdan yangilab bo‘lmaydi ularni, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ya’ni hali tizimda mavjud muammolar ham ko‘p.

O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, 2026 yilga borib, 90 foiz aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishi kerak.

Moddiy-texnik imkoniyatlar haminqadar. Aholi qarzlarini o‘z vaqtida bermayotgan, biz bu yoqda kredit to‘lab yotgan bo‘lsak ham, jarayonlar rejali tartibda amalga oshirilyapti. Agar aholidagi 1 trln so‘m qarzdorlik vaqtida to‘langanida, biz hozir ta’minotni 90 foizga yetkazib, sohani modernizatsiya qilish haqida gapirayotgan bo‘lardik.

Ilgari bemalol ariqdan suv ichardik, non botirib yerdik. Hozir hatto ariqlarda cho‘milish xavfli, shu darajada ifloslantiryapmiz. Shu suv o‘zimizga, ertaga bolalarimizga kerak.

— Biz asosiy suvni qishloq xo‘jaligiga sarflaymiz. Katta hajmli suv yo‘qotishlar ham ayni shu tomondan bo‘ladi. Bu borada ham qandaydir nazorat o‘rnatilganmi, qanday aniq rejalar bor?

Akmal Murodov: — Bir yillik suv sarfining 87 foizi qishloq xo‘jaligiga ishlatiladi, 9 foizi energetika va baliqchilikka ishlatiladi. Orol dengizi qurishi suv siyosatimizning birinchi fojiasi bo‘lsa, qishloq xo‘jaligiga hali ham 87 foiz ishlatayotganimiz ikkinchi fojiamizdir. Chunki allaqachon yangi innovatsion sug‘orish tizimlariga o‘tish kerakligi ta’kidlanyapti, subsidiyalar, imtiyozlar berilyapti. Lekin bugungi kunda 23 ta tumanda monitoring olib borilganda fermerlar quduq qazish mumkin bo‘lmagan joylardan suv chiqargan. Bu ham yetmaganday, har xil kimyoviy moddalarni quduqlarga tashlagan, suv osti suvlari ham zaharlangan. Yerosti suvlari 5 metrdan 15 metrgacha pastlagan. Endi gidrogeologiya markazi xulosasi bilan quduq qazish yo‘lga qo‘yiladi.

Misrga kanalizatsiya tarmoqlari, suv inshootlarini o‘rganish, tajriba almashish uchun bordik. Ma’lumki, kanalizatsiya oqova suvlarini 15 kmdan so‘ng qishloq xo‘jaligiga ishlatish mumkin. U yerda o‘sha tindirilgan kanalizatsiya suvlari ham dalalarga quvurlar orqali olib borilarkan. Suvning qadri ana shu darajada bo‘lishi kerak.

Sultonxo‘ja Dadaboyev: — Bir misol aytaman. Hamkasbimiz bir chet davlatda bo‘lganda havo issiqligi sababli mehmonxonada bir necha kun dush qabul qilgan. Mehmonxonadan chiqishda ming yevrolik jarima qog‘ozi berishgan, chunki u belgilangan vaqtdan tashqarida yuvingan ekan. Mana, oddiy bir misol, suvga munosabat.

— Tariflar oshishi masalasi. Shu bo‘yicha asosiy sabablarga to‘xtalsak, ular nimalar?

Sultonxo‘ja Dadaboyev: — Aytaylik, har bir shaxsning kundalik majburiyatlari bor. Agar shu majburiyatlarga yarasha mablag‘ bo‘lmasa, yo qarz oladi, yo majburiyatlarning bir qismini bajarmaydi. Shu ma’noda biz ham suv narxini oshirishga majburmiz.

Akmal Murodov: — Oddiy qilib tushuntirsak, bozordagi sotuvchi-dehqon mahsulotiga narxni tayyor bo‘lgunga qadar ketgan xarajatdan kelib chiqib narx belgilaydi. Tariflar oshishi ham mana shunday bo‘ladi.

Sultonxo‘ja Dadaboyev: — So‘nggi bor tariflar 3 yil oldin qayta ko‘rib chiqilgan edi. 3 yil ichida, albatta, narxlar o‘zgardi. Xizmat ko‘rsatish, tozalash, inshootlar rekonstruksiyasi, suv tozalash uchun ishlatiladigan vositalar, suv ta’minotchilar oldidagi majburiyatlar, kreditlarimiz bor – umuman, mana shunday omillar tannarxga ta’sir qiladi. Umumiy hisobda 3 yil davomida suv ta’minoti korxonalaridagi ichimlik suvi tannarxi 40 foizga oshdi, ammo daromad o‘zgarmadi, xarajatlar oshdi. Bu mablag‘ tanqisligini yuzaga keltiradi.

Akmal Murodov: — Xalqaro moliya institutlari kreditlari bor, ishchi-xodimlarning maoshi bor, joriy va kapital ta’mirlash ishlari, transport vositalari xarajatlari, elektr ta’minoti xarajatlari. Demoqchimanki, suv ta’minoti korxonalari suv yetkazib berishdan ortiqcha foyda ko‘rmaydi. Agar tariflar oshmay, shu ketishda bo‘lsa, bizda katta qarzdorliklar kelib chiqadi.

— Tarif narxlari oshirilishida aholining daromadi, imkoniyatlari ham hisobga olindimi?

Akmal Murodov: — Narx oshdi deb bong urilyapti, lekin aholi hududidagi suv narxini biladimi? To‘g‘ri, bunda bizning ham aybimiz bordir, targ‘ibot ishlari sust olib borgandirmiz. Misol uchun, Qashqadaryo viloyatida 1 kub (ming litr) suv uchun 2 ming so‘m etib belgilandi narx. Qanday qilib ming litr suvga 2 ming so‘m to‘lolmaydi odamlar? Biz dunyodagi ichimlik suvi eng arzon bo‘lgan davlatlardan birimiz. Yangilangan tariflar bo‘yicha ham qo‘shni davlatlardan arzon bizda. Suvning qadrini ko‘tarmoqchi bo‘lsak, narxini ham ko‘tarish kerak.

— Aholi qarzdorligi eski tariflar bo‘yicha qoladimi?

Sultonxo‘ja Dadaboyev: — Ha, aholi qarzdorligi eski tariflar bo‘yicha hisoblanadi.

— Suv iste’moli bo‘yicha noqonuniylikka yo‘l qo‘yganlarga nisbatan qanday jazo choralari bor?

Akmal Murodov: — Joriy yilning may oyida Jinoyat kodeksining 169-moddasiga (o‘g‘rilik) o‘zgartirish kiritildi. Elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga noqonuniy ulangan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish choralari qo‘llaniladi. Jazolar qat’iylashtirildi, endi shunchaki jarima to‘lab ketish yo‘q.

Uralbek Bo‘riyev suhbatlashdi.

Mavzuga oid