Sport | 19:51 / 16.06.2022
23114
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada hapkido bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi

2022 yil 1-2 iyul kunlari Farg‘ona viloyatida hapkido sport tyri bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Musobaqa kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladi.

Foto: fight.ru

14 iyun kuni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov o‘tkazgan yig‘ilishda hapkido sport turi bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli vazifalar belgilab berildi. Mazkur chempionatda xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, hapkido – jang san’atlari orasida taekvondo va dzyudodan keyin uchinchi o‘rinda turadigan sport turi hisoblanadi. Hapkido – hozirgi mavjud jang san’atlarining eng samarali usullarini o‘zida mujassam etgan koreys jang san’atidir.

Hapkido (koreyscha birlashish, kuch, energiya) jismoniy va ruhiy chidamlilikni oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu sport turida anatomik nuqtalar ustida ishlashga katta e’tibor beriladi. Hapkido – bu qo‘llar, oyoqlar, tirsaklar, tizzalar, bosh, ochiq va yopiq kaftlar, barmoqlar, burmalar, og‘riqli tutqichlar, otishlar kabi zarba berishning keng usullarini o‘z ichiga olgan jang turi.

Aynan maxsus qo‘llaniladigan texnikalarning yuqori samaradorligi tufayli hapkido nafaqat Koreyada, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida armiya, politsiya va turli huquq-tartibot idoralari maxsus bo‘linmalari xodimlarini tayyorlashda ham qo‘llaniladi.

Mavzuga oid