O‘zbekiston | 12:07 / 04.05.2022
20715
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonida mehmonxonalarni saralamoqda. Haj kvotasi va xarajatlari hozircha ochiqlanmadi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi O‘zbekiston «Haj – 2022» delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Musulmonlar idorasining ma’lum qilishicha, «Haj – 2022» delegatsiyasi Madina shahridagi o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan zamonaviy mehmonxonalarni saralash maqsadida, ularni ko‘zdan kechirmoqda.

«Alloh nasib etsa, bu yil Madinai munavvara va Makkai mukarramada besh yulduzli va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy mehmonxonalar o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun xizmat ko‘rsatadi. Asosiy maqsad, ziyoratchilarimiz besh mahal namozlarini ushbu tabarruk masjidlarda ado etish saodatiga erishishlari, muborak safar davomida faqat rohat bilan ibodat qilishlari va duoyu iltijolar qilishlariga erishishdir», – deyiladi idora xabarida.

Ma’lum qilinishicha, ushbu mehmonxonalar Masjidi Nabaviy va Harami sharif hisoblangan Baytullohga yaqin bo‘lishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, delegatsiya vakillari safari davomida Madinada o‘zbekistonlik umrachilar bilan ham uchrashdi.

Haj kvotasi va to‘lovlari

Haj mavsumi joriy yil taxminan iyul oyining boshlariga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Avvalroq, «Haj-2022» mavsumida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yosh chegarasi haqida xabar bergan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Haj mavsumi uchun to‘lovlar bo‘yicha ma’lumot bermagan edi.

Haj ziyoratiga borish uchun xarajatlarning umumiy summasi har yili o‘zgarib boradi. So‘nggi bor 2019 yilda bu summa rasman e’lon qilingan edi – 33,5 million so‘m.

Shuningdek, kvotalar borasida ham rasmiylar raqamlarni ochiqlamayapti. So‘nggi marta 2017 yildan O‘zbekiston fuqarolari uchun haj kvotasi 5200 dan 7200 nafargacha oshirilgan edi.

Haj va Umra, shuningdek Saudiyadagi ikki masjid haqida ma’lumotlar berib boruvchi HaramainInfo portali 21 aprel kuni “Haj-2022” mavsumi uchun har bir davlatga ajratilgan kvotalar soni bo‘yicha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun 10 ming 865 ta o‘rin ajratilgan.

Musulmonlar idorasi matbuot xizmati Kun.uz’ga Haj kvotalari va narxi borasida o‘zgarishlar bo‘lsa ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

«Haj safari bahosi barcha sarf-xarajatlar umumlashtirilgandan keyin ma’lum bo‘ladi. Kvota masalasida o‘zgarishlar bo‘lishini kutyapmiz, biror yangilik bo‘lishi bilan xabar beramiz», – deydi idora matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan ikki yil davomida COVID-19 pandemiyasi tufayli Haj amallarini atigi bir necha ming nafar podshohlik fuqarolar va rezidentlari ado eta oldi.

2022 yilda esa jami 1 million nafar chet ellik va mahalliy hojilarga Haj ibodatini amalga oshirishga ruxsat berildi. Taqqoslash uchun, pandemiyaga qadar – 2019 yilgi Haj mavsumida 2,5 mln nafar musulmon qatnashgan.

2022 yilda Haj amallarini bajarish uchun 65 yoshdan oshmagan, COVID-19’ga qarshi ma’qullangan vaksinalardan biri bilan to‘liq emlangan va jo‘nab ketishdan oldin 72 soat ichida topshirilgan koronavirusga manfiy natijali PZR-test natijasiga ega fuqarolarga ruxsat beriladi.

Mavzuga oid