Jahon | 21:18 / 14.04.2025
5022
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Suriyaning Jahon banki oldidagi qarzini to‘lab bermoqchi

Bu Suriya rasmiylariga mamlakatni qayta tiklash uchun mablag‘ olishga yordam beradi.

Foto: Anadolu Agency

Saudiya Arabistoni Suriyaning Jahon banki oldidagi qarzlarini to‘lashni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Reuters.

Suriyaning tashkilotdan qariyb 15 million dollar qarzi bor, bank uzoq davom etgan fuqarolar urushidan jabr ko‘rgan mamlakatni qayta tiklash va boshqa yordam ko‘rsatish uchun grantlarni ma’qullashdan oldin uni to‘lash kerak.

Suriyaning yangi rasmiylari xorijiy valuta taqchilligini boshdan kechirmoqda va xorijdagi muzlatilgan aktivlar yordamida qarzlarni to‘lash bo‘yicha ilgari ishlab chiqilgan reja amalga oshirilmagan, deb xabar beradi ikki manba. Reuters manbalari, shuningdek, Jahon banki rasmiylari mamlakat elektr tarmog‘ini tiklash va budjet sektori xodimlariga ish haqini to‘lashni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ ajratish masalasini allaqachon muhokama qilganini aytdi.

Aprel oyi oxirida Suriya delegatsiyasi Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) yillik yig‘ilishlarida qatnashish uchun Vashingtonga boradi. Bu Suriya rasmiylarining o‘tgan dekabr oyida Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin AQShga ilk rasmiy tashrifi bo‘ladi. Avvalgi hukumat davrida AQShning Suriyaga nisbatan joriy qilgan deyarli barcha sanksiyalari o‘z kuchida qolmoqda.

Saudiya Arabistoni ilk bor Suriyaning yangi ma’muriyatiga moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi, deb yozdi Reuters. Saudiya Arabistoni moliya vazirligi vakili Ar-Riyozning Suriya qarzlarini to‘lash rejalari haqidagi ma’lumotni na tasdiqladi, na inkor etdi. Mart oyida Qatar elektr taqchilligidan aziyat chekayotgan Suriyaga Iordaniya orqali gaz yetkazib berish rejasini e’lon qilgan edi. Bu harakat Vashington tomonidan ma’qullangan.

Mavzuga oid