Sport | 16:18 / 19.06.2021
45724
8 daqiqa o‘qiladi

Vadim Abramov iste'foga chiqarildi. Odil Ahmedov milliy jamoadagi faoliyatini yakunladi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatlari saralashidagi eng yomon natijasini qayd etdi. Bugun, 19 iyun kuni O‘FAda shu masalada yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov va murabbiylar shtabi shartnoma shartlariga muvofiq iste'foga chiqarilgani ma'lum qilindi.

Jamoa sardori Odil Ahmedov milliy jamoadagi faoliyatiga yakun yasaganini aytdi. Tribuna.uz yig‘ilish tafsilotlarini yoritdi.

«Milliy jamoani kim boshqaradi, degan savol bir kunlik emas. Bu masalani futbol faxriylarimiz va mutaxassislar bilan muhokama qilamiz. O‘zimizni va yevropalik murabbiylar nomzodini ko‘ramiz. Keyin yana hech qanday bahona bo‘lmasligi kerak. Kimlar ish boshlashi haqida hali yana ma'lumot beramiz. Milliy jamoa masalasi esa hali yana muhokama qilinadi», – dedi O‘FA rahbari Abdusalom Azizov.

Vadim Abramov: «Odil Ahmedov nega himoyada o‘ynadi? Aziz Haydarov va futbolchilar kelib shunday qilishimni so‘rashdi, rad eta olmadim»

So‘zga chiqqan bosh murabbiy o‘z izohlarini aytib o‘tdi.

«O‘zbekiston milliy jamoasi ikki yil avval Falastindan mag‘lub bo‘lgach, meni bosh murabbiy sifatida tayinlashgan va oldimga milliy jamoani keyingi bosqichga olib chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Biz milliy jamoa tarkibini 70 foizga yangiladik. Shundan keyin Yaman va Singapurni mag‘lub etdik, Saudiya Arabistoniga esa Toshkentda 2:3 hisobida yutqazdik. Bu bahsni futbolchilarimizning tajribasizligi sabab boy berdik. Natijada 1-o‘rinni egallash imkoniyatimiz pasayib ketdi.

Saudiya Arabistonidagi markazlashgan tizimda davom ettirilgan o‘yinlarda esa 3ta o‘yinda 6 ochko olsak keyingi bosqichga chiqardik. Ammo pandemiya tufayli Shimoliy Koreya JCh-2022 saralashidan chiqib ketdi va FIFA boshqa guruhlardagi 2-o‘rindagi jamoalardan 6 ochko olib tashladi. Oxir-oqibat Livan 10 ochko bilan keyingi bosqichga chiqdi, O‘zbekiston esa 15 ochko bilan qolib ketdi. Bosh murabbiy sifatida hamma aybni o‘z bo‘yimniga olaman. Futbol muxlislaridan uzr so‘rayman. Murabbiy bo‘lib ishlaganimda ikki markaziy himoyachi va darvozabonni tayyorlay olmadik. Bu muammo haligacha mavjud», – dedi Vadim Karlenovich.

U Anzur Ismoilov va Yegor Krimets jamoaga chaqirilmaganiga izoh berdi.

«Ismoilov taklifimizni rad qildi. O‘zini milliy jamoaga tayyor emasman, deb hisobladi. Bu kutilmagan hol bo‘ldi. Krimets esa formada emas. «Paxtakor»ning so‘nggi o‘yinlarida ham qatnashmadi», – dedi endilikda sobiq bosh murabbiy.

Abramov fikrini bildirib, o‘z o‘rniga qaytmoqchi bo‘lganida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Odil Ahmedovning himoya markazida o‘ynatilgani haqida murabbiyning fikrini so‘radi.

«Odil Ahmedov nima uchun himoyada o‘ynadi? O‘yindan oldin aksariyat futbolchilar kelib, Odil himoyada o‘ynamoqchi ekanligini aytishdi. Aniqrog‘i, Aziz Haydarov kelib shunday dedi. Yakunda birgalikda shunday qarorga keldik. Himoyadagi muammoni kuchli pressing orqali bartaraf etmoqchi bo‘lgandik. Futbolchilar bu haqda so‘raganidan keyin buni rad eta olmadim va Ahmedov himoyaga qo‘yildi», – deydi Vadim Karlenovich.

Odil Ahmedov: «Futbolni aldab bo‘lmaydi. Milliy jamoadagi faoliyatimni yakunladim»

Jamoa sardori milliy jamoadagi faoliyatiga yakun yasaganini e'lon qildi.

«Bugun juda ko‘p gapirildi, lekin men bitta narsani aytib o‘tmoqchiman – futbolni aldab bo‘lmaydi. Agar biz bugun o‘zgarmasak, har safar saralash yakunida shu yerda turib kechirim so‘raymiz. Futbolchi bo‘ladimi, murabbiy bo‘ladimi yoki umuman futbol sohasida ishlaydigan bo‘ladimi futbol manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ymasa, bizda hech qachon natija bo‘lmaydi.

Futbolda mayda detallar ko‘p. Men gapiradigan bo‘lsam, bu bahonadek ko‘rinadi. Buni futbol ichidagilar to‘g‘ri tushunadi. Asosiy muammolarimizdan biri biz bolalar futbolini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganmiz. Fundament bo‘lmaganidan keyin natija ham bo‘lmaydi. Milliy jamoadagi faoliyatimni yakunladim», – dedi Odil Ahmedov.

Aziz Haydarov: «Futbolchilar oldimga kelib, «Odil aka himoyada o‘ynab bersinlar», deyishdi. Ularning gapini murabbiyga yetkazdim»

O‘FA terma jamoalar markazi boshlig‘i Aziz Haydarov mag‘lubiyat uchun uzr so‘radi.

«Avvalambor, mag‘lubiyat uchun uzr so‘rayman. Vadim Karlenich aytganlaridek, Odil Ahmedovning himoya markazida o‘ynashini futbolchilar xohlashdi. Yigitlar mening oldimga kelib, «Odil aka himoyada o‘ynab bersinlar», deyishdi. Ularning gapini murabbiyga yetkazdim.

Taktik jihatdan yaxshi emasligimiz pand berdi. Bizda faqat birgina reja bor edi. V va S rejalar yo‘q edi», – deydi Haydarov.

Uning aytishicha, «yosh futbolchilar borgan sari kichkinalashib ketmoqda, chunki ularga vitaminizatsiya yetishmaydi».

«JChga chiqa olmasligimizda futbol ichidagi va atrofidagi barcha aybdor. Aynan bir aybdorni qidirish kerak emas. Avvalo, ishimizda halollik bo‘lishi kerak.

Tizimli ishlashimiz kerak. Pastga qarab ketyapmiz. Bizga futbol maydonlari yetishmaydi. Mahallalarda sharoitlar yo‘q. Avvalgidek mahallaga-mahalla o‘yinlar yo‘q. Hamma bola ham pullik maydonlarga bora olmaydi.

Yoshlarimiz borgan sari kichkinalashib ketyapti. Chunki vitaminizatsiya yo‘q. Kunduzi issiqda mashg‘ulot o‘tkazishadi, kerakli vitaminlar yo‘q, natijada bolalar majruh holatga kelib qolmoqda», – deydi Haydarov.

Yarimhimoyachi bosh murabbiylikka Vadim Abramov tanlangani bo‘yicha ham o‘z fikrlarini aytdi.

«Abramovning murabbiylikka tayinlanishi? Falastin (0:2) bilan o‘yindan keyin oldimizda atigi 1 oy bor edi. Futbolchilarni psixologik jihatdan o‘zgartira oladigan murabbiy kerak edi, shuning uchun Abramovni tanladik. Qolaversa, muxlislar ham buni xohlashdi.

Futbol shunaqa. Mag‘lubiyatdan keyin hammaning fikrlashi o‘zgarib qoladi. O‘sha paytda Abramovning tayinlanishi ko‘pchilikka ma'qul kelgandi.

Vadim Karlenichga Iroqdan (0:1) uchralgan mag‘lubiyatdan keyin xatolarni to‘g‘rilash kerakligi aytildi. O‘zim ham bir necha marta taktik xatolar borasida gapirdim, lekin unga tarkibni tanlash borasida aralashishga haqqim yo‘q edi», – deydi Aziz Haydarov.

Mavzuga oid