Jahon | 14:24 / 19.09.2017
10685
2 daqiqa o‘qiladi

Ostona maxsus datchiklar orqali nazorat qilinadi

Foto: Turar Kazangapov

Ostonada elektr energiyasi, suv, havo harorati, shamol tezligi va namlik darajasini o‘lchovchi onlayn-datchiklar o‘rnatiladi. Tengrinews nashri "Astana Innovations" AJ boshqaruv raisi O‘ljas Sartayevning so‘zlariga asoslanib, shu haqida ma'lum qildi. 

"Yaqin vaqtda butun shahar bo‘ylab datchiklar o‘rnatamiz, shundan so‘ng real vaqt rejimida kerakli ma'lumotlarni olishimiz mumkin. Masalan, elektr energiyasi, suv, yo‘lovchi transportiga doir ma'lumotlar. Shuningdek harorat, shamol datchiklarini o‘rnatish mumkin - bu qaysi ko‘chalarda yaxmalak bo‘lishini oldindan bilish imkonini beradi. Biz shaharda shunga o‘xshash tizimni o‘rnatmoqchimiz. Bularning bari muhokama bosqichida", - dedi O‘ljas Sartayev. 

Ma'lum qilinishicha, loyiha bir yil davomida muhokama qilinadi va shundan keyingina amalda tadbiq etiladi. 

"Ob-havo, suv, elektr energiyasi, ekologiya haqidagi ma'lumotlar kelib tushadi. Bularning barchasi bir joyda to‘planib, tahlil qilinishi kerak bo‘ladi. Bunday ishlar tahdidlarning oldini olishga yo‘naltiriladi", - qo‘shimcha qildi u.

Bundan tashqari, manbaga ko‘ra, poytaxtdagi chiroqlar yangi LED-chiroqlarga almashtirilmoqda. 

"Ular modeliga qarab 10 yil va undan ham ko‘p vaqt xizmat qiladi. Ular kamroq elektr energiyasini iste'mol qiladi va tabiiyki, yorug‘ligi ham boshqacha. Bugunga kelib taxminan 600 ustundagi chiroqlar almashtirildi. Chap qirg‘oqda. Umuman olganda esa, 25 000 chiroq almashtirilishi kerak", deyiladi manbada.

Mavzuga oid