Jamiyat | 11:37
2065
2 daqiqa o‘qiladi

Mashina ustiga chiqib salyut uchirgan fuqaro 7 sutkaga qamaldi

Toshkent viloyatida harakatlanib ketayotgan avtomobil ustiga chiqib olib, salyut uchirgan fuqaro javobgarlikka tortildi. 

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati IIBB YHXB xabariga ko‘ra, 3 avgust kuni Yuqori Chirchiq tumanida fuqaro hududdan o‘tgan avtomobil yo‘lida hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda, harakatlanib ketayotgan mashina ustida pirotexnika vositalaridan foydalangan va bu holat aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

Tezkor-surishtiruv tadbirlari natijasida haydovchi va qoidabuzar shaxs aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan yo‘lovchining hayotini xavfga qo‘ygani sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasi, ya’ni yo‘l bezoriligi bo‘yicha, yo‘lovchiga esa jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaganligi, jamoat tartibini buzganligi hamda pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalangani sababli 183- va 185-1-moddalari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ishga doir hujjatlar Yuqori Chirchiq tuman sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining qarori bilan 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro Ma’muriy kodeksning tegishli moddalarida aybli deb topilib, 7 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, transport vositasi haydovchisiga 1 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish va BHMning 25 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid