Jamiyat | 10:30
2154
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik bolalar yozgi ta’tilini Toshkent viloyatidagi oromgohda o‘tkazdi

Rossiyalik bolalar yozgi ta’tilning ikki haftasini Toshkent viloyatidagi "Anor" sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tkazdi.

Foto: "Dunyo" AA

Ular uchun o‘zbek madaniyatini yaqindan tanishtirishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etildi. O‘zbekistonda o‘tkazilgan ikki hafta davomida bolalar turli mahorat saboqlari va sport musobaqalarida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Bunga qo‘shimcha, oromgohda bolalar uchun musiqa, raqs, rasm chizish va kompyuter darslari tashkil etildi. Shuningdek, ular turli festival va tanlovlarda qatnashish, mahalliy tomoshalar va turli filmlarni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bolalarni Moskvada O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari va Rossiya Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi (FNPR) vakillari kutib oldi.

Rossiya Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi apparati tashkiliy ishlar bo‘limi boshlig‘i Anastasiya Anisimova ikki davlat farzandlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va muloqotga bag‘ishlangan yozgi ta’tillar yuqori saviyada o‘tganini ta’kidladi.

"Umid qilamizki, bu iliq xotiralar bolalar xotirasida abadiy qoladi. Ushbu haqiqiy va unutilmas sharqona ertakni hayotga tatbiq etishda ishtirok etgan O‘zbekiston prezidenti va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga hamda barcha tashkilotchilarga katta rahmat", - deya minnatdorchilik bildirdi bo‘lim boshlig‘i.

Mavzuga oid