Jamiyat | 20:07 / 05.08.2025
8720
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘rmonda yog‘och kesishga ishga olamiz deb aldab, urushga jo‘natishdi” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit hikoyasi

Ota-onasiga yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan 25 yoshli yigit Rossiya armiyasiga yollanib, Sudja shahri yaqinida harbiy xizmatchilarga oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullangan. U bu ishni o‘rmon oralab piyoda bajargan. Oyog‘idan sovuq o‘tib, yurolmay qolgan yigit ma’lum muddat davolangach, Kursk viloyatidagi harbiy lagerdan qochib, O‘zbekistonga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik yigit jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, 2000 yilda tug‘ilgan Q.S. 2024 yil 15 oktyabrda ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borgan. Qurilish firmalaridagi ishlar ma’qul kelmagach, Telegram’dagi “Rostov rabota” guruhidan ish izlab ko‘rgan. O‘rmonda daraxt kesish bilan bog‘liq ishga taklif berilgan e’lonni ko‘rib, undagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Bu uning uchun Rossiya armiyasiga yollanishdagi ilk qadam bo‘lgan.

Q.S. ish taklifiga asosan 2024 yil 29 oktyabr kuni Rostov-na-Donu shahriga yetib borgan. Uni kutib olganlar to‘g‘ri Rossiya armiyasi safida xizmat qiluvchilarni qabul qilish punktiga olib borishgan. Yigit punktda Rossiya qurolli kuchlari safida xizmat qilish uchun bir yilga shartnoma imzolagan.

So‘ngra Q.S. Novocherkassk shahridagi harbiy qismga borib, harbiy xizmatchilar bilan birga jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. Shundan so‘ng u “Axmad sila” harbiy polki, “Vagner” harbiy kompaniyasi va Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari bilan birga Kursk oblasti, “Bolshoye Soldatskoye” qishlog‘idagi front pozitsiyalarini qo‘riqlagan.

Q.S. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan va uni daraxt kesishga ishga olamiz deya aldab shartnoma tuzdirishganini ma’lum qilgan.

2024 yilning 15 oktyabr kuni mahalladoshimning taklifiga asosan Rossiyaning Lipetsk viloyatiga qurilish firmasida ishlash uchun bordim. Ishga kirish uchun 2 oydan ortiq vaqt ketishini bilib, Telegram’dagi kanallardan ish izladim. “Rostov rabota” degan kanaldagi o‘rmonda yog‘och kesish ishi ma’qul bo‘ldi. Ko‘rsatilgan telefon raqamga qo‘ng‘iroq qildim. Zavod Rostov-na-Donu shahrida ekanini, oylik 150 ming rublligini, ish o‘rmon ichida bo‘lishini, yotish va ovqatlanish ham zavod hisobidan ekanini aytishdi. Ushbu taklif menga maqul bo‘lib, Rostov-na-Donu shahriga yetib bordim.

Avaks” firmasining ma’muriy binosiga olib borishib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda va ishga qabul qilishlarini aytishdi. Mehnat shartnomasi tuzishga kirishdik. Keyinchalik bilishimcha, meni aldab, shartnoma asosida oddiy askar sifatida Rossiya qurolli kuchlariga harbiy xizmatga qabul qilishgan ekan.

2024 yil 30 oktyabr kuni firma vakillari bizni harbiy poligonga olib borishdi. Men bilan jami 60 nafar shaxs birga keldi. Ularning 4 nafari O‘zbekiston fuqarosi edi. Poligon ma’muriy binosida harbiy xizmatchi bizni urushga “o‘z xohishimiz bilan kelganimiz” uchun tabrikladi hamda Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishimizni ma’lum qildi. Norozilarga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi aytib, ogohlantirishdi. Norozilar bo‘lsa ham hech kim aytishga jur’at etolmadi”, degan yigit o‘z ko‘rsatmasida.

Q.S. shundan so‘ng elektr ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni bilgani uchun harbiy shiyponlarga ulangan elektr tarmoqlarini sozlash ishlariga jalb qilingan. 2024 yil 19 noyabrda esa harbiylar ularni Kursk oblastidagi Lyubastan qishlog‘iga olib borishgan.

Bu hududda aholi evakuatsiya qilingan bo‘lib, ularning turar joylariga joylashdik. Faqat harbiy kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan ta’minlandik. Ammo qurol berishmadi. 21 noyabr kuni menga 1,3 mln rubl oylik berishdi. Pulning 800 ming rublini dadamga jo‘natdim, qolganiga harbiy kiyim va himoya vositalari sotib oldim.

Mazkur hudud urush o‘chog‘idan 50 km uzoqlikda joylashgan edi. 2024 yil 1 dekabr kuni transport vositasida o‘rmon ichida 2 soat yurib, maxfiy harbiy poligonga yetib keldik. 14 kun harbiy mashg‘ulotlarni o‘tadik. 14 dekabr kuni poligon komandiri bo‘lgan “Lenin” laqabli shaxs men va 20 nafarga yaqin shaxslarni boshqa hududga ko‘chirishini aytdi. Transport vositasida 4 soatga yaqin yurib, boshqa harbiy poligonga bordik. Bu yerda bizni avtomat va bronjilet bilan ta’minlashdi.

2024 yil 30 dekabr kuni manzilimizdan 250 km uzoqda joylashgan o‘rmon ichidagi harbiy qismga yetib bordik. 5 ta rotadan iborat 500 nafarga yaqin harbiy xizmatchi Ukrainaga qarshi harbiy topshiriq bajarishga yuborildi. Berilgan topshiriqqa asosan Sudja shahriga yaqin Maxinovka qishlog‘iga jo‘natildik. “Sanya” ismli rota komandiri bilan yaqin munosabat o‘rnatishga erishdim va unga ota-onamning yagona o‘g‘il farzandi ekanimni aytib, ishg‘olchi guruhga qo‘shmasligini iltimos qildim. U rozi bo‘ldi.

Harbiy pozitsiyalarda joylashgan harbiy xizmatchilarga oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullandim. Ushbu topshiriqni o‘rmon oralab piyoda yurib bajarardim. Oyog‘imdan sovuq o‘tishi oqibatida yurolmay qoldim”, degan Q.S. sudda.

Shundan so‘ng u shifoxonada davolangan va 2025 yil 11 fevral kuni Kursk viloyatidagi maxfiy harbiy qismga yuborilgan. Biroq oyog‘idagi og‘riq sababli harbiy tayyorgarlikka chiqmagan. 2025 yil 24 fevral kuni O‘zbekiston elchixonasining ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan va bo‘lgan voqealarni aytib bergan. So‘ngra taksichilik bilan shug‘ullanuvchi Hikmatillo ismli O‘zbekiston fuqarosini topib, unga harbiy lager yaqiniga kelib turishni iltimos qilgan. Shu tariqa harbiy lagerdan qochib chiqib, taksida Moskva shahriga yetib borgan.

Q.S.ga elchixonada “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirib berilgan va u 2025 yil 25 fevral kuni samolyotda O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Sud R.D.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanish) bilan aybli deb topdi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, jazoni o‘tash davrida ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, internetdan foydalanmaslik, nazorat qiluvchi organ roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Jizzax viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik kabi qo‘shimcha cheklovlar o‘rnatildi.

Avvalroq “Vagner”ga yollangan o‘zbekistonlik jinoiy jazoga tortilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodligi cheklangandi.

Mavzuga oid