O‘zbekiston | 07:28
1086
2 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasining "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini  takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan yangi lavozim – tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i lavozimi joriy etildi. U o‘z vakolatlari doirasida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bajarilmagan taqdirda, davlat organlari va tashkilotlarining mas’ul rahbarlariga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari buzilganligi holatlari yuzasidan, shuningdek bunday huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan majburiy taqdimnomalar kiritadi.

Hujjatga "Psixokorreksiya" tushunchasi – zo‘ravonlikka moyil shaxslarning shaxsiy kamchiliklarini bartaraf etish va xulq-atvorini jamiyat talablariga moslashtirishga qaratilgan psixologik va pedagogik ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui kiritildi.

Himoya orderlarini berishda endilikda vakolatli organlar va tashkilotlar, shu jumladan mahalliy hokimiyatlar, ta’lim va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, psixologlar va jamoatchilik tuzilmalari tomonidan bir oygacha bo‘lgan muddatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar – tuzatish dasturidan o‘tgani majburiy tartibda ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid