Jahon | 20:34 / 03.07.2025
2814
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning Harkiv shahrida soliqlar va yig‘imlar bekor qilindi

Mer Rossiya tomonidan o‘qqa tutilayotgan shaharda biznes va odamlarni shu tarzda ushlab turishga harakat qilayotganini aytdi.

Foto: president.gov.ua

Ukrainaning Harkiv shahri aholisi jamoat transportidan bepul foydalanadi va urushdan keyin ham shunday qiladi. Korxonalar esa deyarli soliq to‘lamaydi. Shu va boshqa bir qator yo‘llar bilan mahalliy ma’muriyat shahardagi odamlarni ushlab turishga harakat qilmoqda. Bu haqda shahar meri Igor Terexov aytdi.

2022 yil may oyidan Harkiv aholisi jamoat transportidan bepul foydalanmoqda, yer yoki ko‘chmas mulk uchun soliqlar yo‘q, ba’zi tadbirkorlar uchun yagona soliq bekor qilingan.

«Odamlar bu yerda qolib, ishlashi uchun barcha soliq va yig‘imlarni bekor qildik», dedi Terexov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Harkiv korxonalari urushga qaramay, deyarli boshqa joyga ko‘chmagan. U rus dronlari tomonidan hujumga uchragan, ammo baribir qolishga qaror qilgan kompaniyalarni misol qilib keltirdi.

«Kimdir ko‘chib ketdi, kimdir filial ochdi - ha, shunday bo‘ldi. Kimdir ko‘chib, keyin qaytib keldi. Raqamlarni aytmayman, lekin biz buni shahar budjetida salbiy ta’sirini sezyapmiz. Kundalik o‘qqa tutish shahar iqtisodiyotiga zarba beryapti. Ko‘pincha korxonalar vayron bo‘ladi, lekin egalari shaharni tark etmaydi va qayta tiklab oladi», deb qo‘shimcha qildi u.

Terexov hukumat tomonidan soliq kompensatsiyasi bo‘yicha kelishuv borligini qo‘shimcha qildi. Uning ta’kidlashicha, yiliga 2 milliard grivna jamoat transporti xarajatlari uchun kompensatsiya shaklida berilishiga qaramay, bu tartib urush tugaganidan keyin ham davom etadi. Chunki shaharda Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporijjya viloyatlaridan ko‘chirilgan 206 ming kishi istiqomat qiladi.

Umuman olganda, uning ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Harkivda 1,3 million kishi istiqomat qiladi. Rossiyaning keng miqyosli bosqinidan oldin shaharda 2 millionga yaqin odam yashagan.

Mavzuga oid