USAGM maxsus maslahatchisi «Amerika ovozi»ni «utilizatsiya qilish»ga chaqirdi
AQShning Global media agentligi maxsus maslahatchisi Keri Leyk «Amerika ovozi»ni «butunlay utilizatsiya qilish» va keyin qayta ishga tushirishga chaqirdi. Tramp «Amerika ovozi»ni «to‘liq so‘l radikal falokat» deb atadi va uni «o‘ldirish»ga chaqirdi.

Foto: Annabelle Gordon/Sipa USA/picture alliance
«Amerika ovozi» (Voice of America, VOA) mediakompaniyasi «butunlay utilizatsiya qilinishi va keyin qayta ishga tushirilishi» kerak. Bunday fikrni 25 iyun, chorshanba kuni AQSh Kongressining Xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasida so‘zlagan nutqida «Amerika ovozi»ni moliyalashtirish uchun mas’ul bo‘lgan AQShning Global media agentligi (USAGM) maxsus maslahatchisi Keri Leyk ma’lum qildi.
Uning AP agentligi keltirgan so‘zlariga ko‘ra, bu mediakompaniya «tagigacha chirigan» va «uning barcha qutqarilishi mumkin bo‘lgan qismlari AQSh Davlat departamenti nazoratiga o‘tkazilishi kerak».
Avvalroq, 20 iyun kuni «Amerika ovozi» direktori Maykl Abramovits AQShning Global media agentligi mediakorporatsiyada xodimlarni qisqartirishning yangi bosqichini boshlagani haqida xabar bergan edi. O‘z navbatida, The New York Times gazetasining aniqlik kiritishicha, 600 dan ortiq xodim ishdan bo‘shatilgani haqida xabar olgan.
Shu tariqa, xodimlar soni 200 dan kam odamga qisqartiriladi — 2025 yil boshidagi xodimlar sonining yettidan bir qismi. «Amerika ovozi» jurnalistlari va texnik xodimlari 1 sentabrgacha haq to‘lanadigan ta’tilga jo‘natiladi.
Keri Leyk 25 iyun kuni Kongressda so‘zga chiqib, AQSh prezidenti Donald Trampning, uning ma’muriyati fikriga ko‘ra, noxolis va «tashviqot» tarqatuvchi ommaviy axborot vositalarini moliyalashtirishni «tagigacha» qisqartirish haqidagi buyrug‘ini eslatdi.
Trampning o‘zi 25 iyun kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shunday deb yozdi: «Nega respublikachilar demokratlarning «ovozi» bo‘lmish «Amerika ovozi» (VOA) faoliyatini davom ettirishni xohlaydi? Bu butunlay, so‘l radikal falokat — hech bir respublikachi uning omon qolishi uchun ovoz bermasligi kerak. Uning o‘ldiring!»
Avvalroq, Keri Leykning Kongressdagi nutqiga qaramay, «Amerika ovozi» direktori Maykl Abramovits dezinformatsiya tarqatayotgan jurnalistlar haqida hech narsa bilmasligini ta’kidlagan edi. Unga ko‘ra, muxbirlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar tuzatilib, standartlarni buzganlar intizomiy jazoga tortiladi.
7 may kuni Keri Leyk X ijtimoiy tarmog‘ida «Amerika ovozi» faoliyatini davom ettirishi va Tramp siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydigan ultrakonservativ One America News Network (OAN) dasturlarini translatsiya qilishni boshlashi haqida yozgan.
Avvalroq, 3 may kuni AQShning Kolumbiya okrugi bo‘yicha Federal apellyatsiya sudi AQSh prezidenti Donald Trampning «Amerika ovozi»ni yopish haqidagi farmoyishini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilgan edi. Shunga qaramay, sud Tramp ma’muriyatiga radiostansiyaning «qonuniy ravishda talab qilinadigan» eshittirish darajasini ta’minlashni buyurdi. Bir kun avval «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro inson huquqlari tashkiloti AQSh Adliya vazirligidan elektron maktub olgani, unga ko‘ra «Amerika ovozi» xodimlari kelasi haftadanoq ishga kirishishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Bundan tashqari, «Amerika ovozi»ning yuzlab xodimlari akkaunti qayta faollashtirilgani aytilgan.
«Amerika ovozi» 16 mart kuni, Tramp AQShning xorijiy teleradiokompaniyalarini moliyalashtiradigan USAGM'da keskin qisqartirishni amalga oshirishni buyurganidan so‘ng, tunda efirdan uzildi. «Amerika ovozi»ning 1300 dan ortiq xodimi muddatsiz ta’tilga jo‘natildi.
Mavzuga oid

22:51
AQSh 2026 yilda yadro triadasini rivojlantirishga 60 mlrd dollar sarflashni rejalashtirmoqda

20:51
Tesla robot-taksisining birinchi ommaviy sinovlari yo‘llarda muammolarga olib keldi

17:53
Eron oliy rahbari Isroil va AQSh ustidan g‘alaba qozonilganini e’lon qildi

14:54