Jahon | 17:53
10868
2 daqiqa o‘qiladi

Eron oliy rahbari Isroil va AQSh ustidan g‘alaba qozonilganini e’lon qildi

Ali Xominaiy Eron va Isroil o‘rtasidagi qarama-qarshilik boshlangan 13 iyun kunidan beri xalq oldiga chiqmagan edi.

Foto: AP

Eron oliy rahbari Ali Xominaiy so‘nggi mojaroda Eron tomoni AQSh va Isroilni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lganini aytdi.

«Sizlarni Eronning Amerika rejimi ustidan qozongan buyuk g‘alabasi bilan tabriklayman. Amerika rejimi urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirdi, chunki ular buni qilmasa, sionistik rejim butunlay yo‘q bo‘lib ketishini tushundi. Ular bu rejimni qutqarish uchun urushga kirishdi, lekin hech narsaga erisha olmadi», deb yozdi Xominaiy ijtimoiy tarmoqda.

Keyinroq Eron ommaviy axborot vositalari Xominaiy telemurojaatini efirga uzatdi, unda Eron yadro inshootlari haqiqatan ham Amerika zarbalaridan zarar ko‘rgani, ammo Vashingtonning bu operatsiyasining muvaffaqiyati, shunga qaramay, cheklangani aytiladi.

Xominaiy shuningdek, Eron hech qachon taslim bo‘lmasligini ta’kidladi va agar kimdir yana mamlakatga hujum qilishga urinsa, jiddiy javob berilishini ma’lum qildi.

Eron va Isroil o‘rtasidagi qarama-qarshilik boshlangan 13 iyun kunidan beri Eron oliy rahbari xalq oldiga chiqmagan edi.

22 iyunga o‘tar kechasi AQSh Eronning Natanz, Fordo va Isfaxondagi yadroviy inshootlariga zarba berdi. Prezident Donald Tramp obektlar to‘liq yo‘q qilinganini aytdi. Eron bunga javoban Qatardagi AQSh harbiy bazasiga raketa uchirdi.

23 iyun kuni Tramp Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganini e’lon qildi. Keyinroq Isroil va Eronda sulh tasdiqlandi.

Mavzuga oid