Jahon | 18:18 / 26.06.2025
6292
5 daqiqa o‘qiladi

Urushning iqtisodiy jihatlari: Eron va Isroil milliardlab dollar yo‘qotdi

Eron va Isroil o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv har ikkala tomon uchun ham jiddiy moliyaviy zarar keltirdi. Xususan, Isroil uchun kunlik xarajatlar harbiy harakatlar intensivligiga qarab 800 mln dollargacha yetgan. Eron esa faqat o‘rta masofali raketalarga deyarli 2 mlrd dollar sarflangan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Har qanday siyosiy ziddiyat, qurolli to‘qnashuv va urushlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelib, insoniyat taraqqiyotining bir necha yillar ortda qolishiga sababchi bo‘ladi. Xususan, Eron va Isroil o‘rtasidagi qurolli qarama-qarshilikning avj olishi ham har ikki tomon uchun jiddiy moliyaviy zarar keltiryapti. Hali rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, tahlilchilar umumiy zarar ko‘lamini taxminan hisob-kitob qilishdi.

Isroil qancha zarar ko‘rdi?

Isroil to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita juda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, harbiy harakatlar intensivligiga qarab, kunlik xarajatlar 800 million dollargacha yetgan. Xususan, The Wall Street Journal Isroil harbiy operatsiyaning dastlabki ikki kunida taxminan 1,45 milliard dollar sarflagani haqida yozdi.

Eng katta xarajat Eron tomonidan uchirilgan raketalarni tutib qolish uchun sarflangan. David's Sling va Arrow 3 kabi havo hujumidan mudofaa tizimlarining har bir raketasi 700 ming dollar turadi. Shu jihatdan ba’zi kunlarda havo hujumidan mudofaa tizimining o‘ziga 200 million dollargacha ishlatilgan.

O‘q-dorilar narxini hisobga olmaganda, 1300 kmdan ortiq masofada amalga oshiriladigan F-35 qiruvchilarining jangovar parvozi har bir samolyot uchun soatiga taxminan 10 ming dollarga tushgan. Aaron nomidagi Iqtisodiy siyosat instituti bahosiga ko‘ra, agar mojaro davom etsa, Isroilning oy davomidagi umumiy harbiy xarajatlari 12 milliard dollarga yetishi mumkin.

Shuningdek, Hayfadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodida ishlar vaqtincha to‘xtatilgan, Ben Gurion aeroporti yopilgan, qurilishlar to‘xtab qolgan va infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazilgan.

Isroil soliq boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri mol-mulkka yetgan zarar bo‘yicha 35 mingdan ortiq ariza kelib tushgan va ularni qoplab berish narxi taxminan 1,2 milliard dollar bo‘ladi. Bu miqdor yanada ortishi mumkin. Uylardan taxminan 9 ming kishi evakuatsiya qilingan.

Ma’lumot uchun, G‘azodagi urush ham 2024 yil oxiriga kelib Isroilga 250 milliard shekel yoki 67,5 milliard dollarga tushgan. Bu umumiy summa bevosita harbiy operatsiyalar, fuqarolarga yordam uchun sarflangan mablag‘lar va urush tufayli iqtisodiy uzilishlardan kelib chiqqan daromad yo‘qotishlarini o‘z ichiga oladi.

Eron qancha zarar ko‘rdi?

Eron qancha zarar ko‘rgani haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q, ammo rasmiy Tehron ham urush davomida milliardlab dollarni yo‘qotdi. Isroil razvedkasining baholashicha, «Shahab» yoki «Sijjil» kabi o‘rta masofali bitta raketani uchirish Eron uchun taxminan 5-6 millionga tushadi. Mojaroning dastlabki bir haftasi davomida Tehron shu turdagi 370 ga yaqin raketa uchirgan, ya’ni faqat o‘rta masofali raketalarga deyarli 2 milliard dollar sarflangan.

Eronning Natanz, Fordo va Isfahondagi yadroviy inshootlariga ham zarbalar berildi. Jumladan, Fordo obektiga Amerikaning GBU-57 bunkerga qarshi bombalari tashlangan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yerosti infratuzilmasi va sentrifugalar juda jiddiy shikastlangan. Masalan, IR-1 sentrifugasining narxi 50 ming dollardan oshadi. IR-2, IR-4, IR-5, IR-6 kabi zamonaviyroq texnologiyalar yanada qimmat. Ularning bahosi har bir birlik uchun 100 ming dollarni tashkil qilishi mumkin.

Natanz zavodida Isroil hujumidan oldin deyarli 50 mingta ilg‘or IR-4 va IR-6 sentrifugalari bo‘lgan va uranni 60 foizgacha boyitgan. Agar Amerika zarbasi natijasida ushbu qurilmalarning barchasi ishdan chiqqan bo‘lsa, zarar 5 milliard dollardan oshishi mumkin.

Ushbu hujumlarning iqtisodiy ta’siri nafaqat milliardlab dollarlik murakkab infratuzilmani tiklash zaruratini, balki operatsion imkoniyatlarning yo‘qolishini ham o‘z ichiga oladi. Tsentrifugalar, boyitish tizimlari va xavfsizlik qurilmalarini tiklash katta xarajatlar vaqt va texnik tajribani talab qiladi.

Eron tomoni rasmiy moliyaviy hisob-kitoblarni taqdim qilmagan bo‘lsa-da, xalqaro ekspertlar zarar o‘ta jiddiy va uning oqibatlarini bartaraf etish katta hajmdagi sarmoya talab qilishini ta’kidlashyapti.

Mavzuga oid