O‘zbekiston | 08:03
4433
13 daqiqa o‘qiladi

Katta AES bitimi, Farg‘onadagi “maska-shou” va qulayotgan dollar - hafta dayjesti

“O‘zatom” “Rosatom”ning AES haqidagi bayonotini nuqta-verguligacha ko‘chirib bosdi: bunaqasi o‘zidan yuqori turuvchi organning press-relizini ulashadigan quyi tashkilotga yarashadi. “Portal”dan umidini uzganlar najotni boshqa joydan izlayapti: dispetcherga aylanib qolgan xalq qabulxonalari tanqidga uchradi. Bosh rejaga amal qilmaslikni Toshkent shahar hokimligining o‘zi boshlab bermoqchi: hokimiyat 9 qavatdan yuqorisi taqiqlangan joyga 30 qavatli “dom” qurish niyatida. Ortda qolayotgan hafta voqealari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ham kichik, ham katta AES quriladi

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi muloqotlarda yirik AES qurish mavzusi yana kun tartibiga qaytganidan 3 oy o‘tib, bu masala rasmiy hujjat shakliga kirdi. 20 iyun kuni “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev va “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov O‘zbekistonda katta quvvatli AES qurish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish to‘g‘risida bitim imzoladi.

Bitim har biri 1 gigavatt quvvatli ikkita energoblokni tashkil etish va kelgusida energobloklar sonini to‘rttagacha yetkazish masalasini birgalikda ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Azim Ahmadxo‘jayevga ko‘ra, loyihaning asosiy jihatlarini o‘rganish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzilgan. Bu guruh yirik AESning narxi qancha bo‘lishini ham hisoblab chiqadi.

Yodingizda bo‘lsa, 2018 yilda muhokamada bo‘lgan 2,4 gigavattli AESni Rossiya tomoni 11 mlrd dollarga baholagan edi. Keyinchalik bu boradagi rejalar o‘zgardi: O‘zbekiston ehtiyotkorlik yo‘lini tanlab, atom energetikasidagi ilk qadamlarini birdaniga yirik AESdan boshlamaslikka, avvaliga kam quvvatli yadro reaktorlarini o‘rnatish orqali bu sohada tajriba to‘plashga qaror qildi.

Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, Jizzaxda quriladigan kichik AES borasidagi rejalar ham o‘zgargan. Endi bu stansiya reja qilinganidek 330 megavatt emas, 110 megavatt quvvatga ega bo‘ladi. Ya’ni 55 megavattlik RITM-200N suv-suvli yadro reaktorlaridan 6 ta emas, 2 tasini o‘rnatishga qaror qilindi. Eslatib o‘tamiz, bu reaktorlarning original varianti shu paytgacha faqat abadiy muzliklar bag‘ridagi muzyorar kemalarda foydalanilgan. Quruqlikda, issiq iqlim sharoitida hali ishlatib ko‘rilmagan bu reaktorlardan birinchisini “Rosatom”ning Peterburgdagi zavodi O‘zbekiston uchun o‘tgan oyda ishlab chiqarishni boshlagan edi.

Afsuski, AES haqidagi bu yangiliklarni o‘zbekistonliklar yana birinchi bo‘lib Rossiya rasmiylaridan eshitdi. Yuqorida aytib o‘tilgan o‘zgarishlarni 19 iyun kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak ma’lum qilgandi. Ertasiga, tegishli bitim imzolanganidan keyin ham, “O‘zatom” biror yangi axborot bergani yo‘q: agentlik “Rosatom” saytida chiqqan press-relizni nuqta-verguligacha ko‘chirib, e’lon qilib qo‘ya qoldi. Ko‘chirilgan bayonot esa, tabiiyki, Rossiya tomonining nuqtayi nazaridan yozilgan: “O‘zatom” nomi “Rosatom”dan keyinga qo‘yilgan, asosan Lixachyovning gaplariga o‘rin berilib, Ahmadxo‘jayevning izohi eng oxiriga joylashtirilgan. Oradan 2 soat o‘tib, ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlardan keyin, agentlik Telegram-kanalida press-relizning o‘zbekchaga tarjimasi ham paydo bo‘ldi, lekin undagi siyosiy xatolar xatoligicha qoldi.

Haydovchilarni nimalar kutyapti?

Haydovchilarga taalluqli qonun loyihasi deputatlar tasdig‘idan o‘tdi. Qonunda kamera va radarlar orqali avtomatik qayd etilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklarning 20 ga yaqin turi sanab o‘tilgan va ro‘yxatga, avval e’lon qilinganidek, harakatlanish bo‘laklarini ajratuvchi sidirg‘a chiziqni bosish holatlari kiritilmagan. Shu bilan birga, avtomobilning davlat raqamini yechib olib haydash, boshqa raqamni taqib olish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish, quvib o‘tish qoidalarini buzish kabi huquqbuzarliklarni ham radarlar orqali qayd etishga qonunan ruxsat berilyapti.

Qonun kuchga kirgach, 8 xil qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxslar kechirib yuboriladi. Aniqrog‘i, ularga ma’muriy ogohlantirish beriladi va jarima yozilmaydi. Haydovchi bu imkoniyatdan bir yilda bir marta foydalanishi mumkin. Bir yil ichida birinchi marta sodir etilganida ogohlantirish beriladigan qoidabuzarliklar qatoriga kamar taqmaslik, vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tmaslik, majburiy sug‘urtaga ega bo‘lmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish va rulda telefondan foydalanish kabilar kiradi.

Bundan tashqari, kamerada qayd etilgan huquqbuzarlik uchun jarima solish haqidagi qarorni chiqarish muddati bir oygacha qisqartirilyapti. Ya’ni agar qoidabuzarlik sodir etilganidan keyin haydovchi 1 oy ichida jarimaga tortilmasa, ish yopiladi va jarima qo‘llanmaydi. Ma’lum qilinishicha, amaliyotda 7-8 oy oldingi qoidabuzarliklar uchun jarima qo‘llash holatlari ham uchrab turadi.

Yo‘llardagi kameralar haqida dushanba kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev ham to‘xtalib o‘tdi. “Aholining yana bir e’tirozi – yo‘llardagi kameralar dislokatsiyasidan. Ular faqat qonunbuzarlikni qayd etib, jarima yozish uchun ishlayapti. Bu kameralar aslida transport oqimini boshqarish, tirbandlik va avariyani kamaytirishga xizmat qilishi kerak emasmi?” – dedi davlat rahbari.

“Odamlar dodini kimga aytsin?”

Odamlar portalga yozgan murojaati hal bo‘lmaganidan keyin, ijtimoiy tarmoqlarga chiqib norozilik bildirishga majbur bo‘lyapti. Shaxsan Shavkat Mirziyoyevning qabuliga kirishni so‘rab murojaat qilganlar soni salkam mingtaga yaqinlashib qolgan. Bu haqda dushanba kungi selektorda davlat rahbarining o‘zi aytib o‘tdi.

Xalq qabulxonalari tizimi murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi dispetcherga aylanib qoldi. Misol uchun, o‘tgan yili virtual qabulxona va xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmagan. Murojaatlar hal bo‘lmagani uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘paygan. Vazirlar va hokimlar murojaatlarga yechim bermasa, odamlar dodini kimga aytsin?” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident xalq qabulxonalarining barcha xodimlarini ishdan bo‘shatishga topshiriq berdi. Ularning o‘rni masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to‘ldirilishi aytildi. Endilikda xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qiladi. Shavkat Mirziyoyev hokimlarga murojaatchi boshqa idoraga yubormasdan, shu yerning o‘zida hal qilish topshirig‘ini berdi. Buning uchun hokimning vakolatlari kengaytirilib, bir nechta vazirlik va idoralarning tuman bo‘linmalari bevosita uning bo‘ysunuviga o‘tadi.

Selektorda qattiq tanqidga uchragan boshqa bir tizim – Prezident administratsiyasining nazorat inspeksiyasi esa butkul yopib yuborildi. Ma’lum bo‘lishicha, inspeksiya prezident qarorlari va farmonlarining ijrosi yuzasidan vazirlar nimani bersa shuni ko‘tarib kelavergan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha taklif kiritmagan. Tugatilgan nazorat inspeksiyasining vakolatlari Hisob palatasiga o‘tkazildi.

Toshkentda – bosh rejaga zid loyihalar

Toshkent shahrining o‘tgan yili tasdiqlangan bosh rejasi sinov qarshisida turgan bo‘lishi mumkin. Bosh rejada taqiqlanganiga qaramay, shaharning markaziy nuqtalarida ikkita 30 qavatli va bitta 53 qavatli binolar qurish rejalashtirilyapti. Bosh rejaning tegishli qismlarida bunday balandlik taqiqlanganiga qaraganda, shahar infratuzilmasi bu loyihalarning yukini ko‘tara olmaydi.

Shahar markazida, Amir Temur xiyoboni yaqinida qad rostlashi ko‘zda tutilgan ikkita minorali futuristik bino loyihasi ayniqsa e’tiborga loyiq. Loyihani o‘tgan yili 151 mlrd so‘mga xususiylashtirilgan “Foton” kompaniyasi, o‘zi egallab turgan binoning o‘rnida qurishni taklif qilgan. Ulkan me’moriy uzukni o‘z ichiga oladigan majmuada binolardan birining balandligi 53 qavat bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Vaholanki, bosh rejaga ko‘ra, bu yerda 25 qavatdan baland bino qurish mumkin emas.

30 qavatli binolardan birini Geologiya qo‘mitasining xususiylashtirilgan binosi o‘rnida, ikkinchisini Beshyog‘och bozori oldida qurish reja qilingan. Lekin bu yerlarga mos ravishda 5 va 9 qavatdan yuqori binolarni qurish – bosh rejaga zid. E’tiborlisi, Beshyog‘ochdagi 30 qavatli majmua loyihasini tadbirkorlar emas, naq Toshkent shahri hokimiyatining o‘zi taklif qilgan. Bu esa haqli bir savolni uyg‘otadi: shahar hokimligining o‘zi bosh rejani nazar-pisand qilmayotgan ekan, xususiy sektordan nimani kutish mumkin?

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Dollar kursi hayratlanarli ravishda tushishda davom etyapti. AQSh valutasi o‘zbek so‘miga nisbatan bir hafta ichida 2 foizga qadrini yo‘qotdi. Natijada rasmiy kurs 2024 yil fevral oyidan beri ilk marta 12 500 so‘mdan pastga tushdi. Banklardan dollar sotib olish kursi 12 555 so‘mgacha quladi. Bu – global noaniqliklar sharoitida O‘zbekistonning asosiy eksport tovari bo‘lmish oltin narxining o‘sishi, dollar indeksining tushishi va boshqa omillar fonida ro‘y beryapti. Markaziy bank revalvatsiya sabablari borasida hozircha izoh bermadi.

O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotning barqaror o‘sishini mustahkamlashni xohlasa, tarkibiy va institutsional islohotlardan to‘xtab qolmasligi kerak. Xalqaro valuta jamg‘armasining Toshkentga kelib ketgan missiyasi o‘z o‘rganishlari yakunida shunday xulosaga keldi. Bundan tashqari, kuzatuvchilarning fikricha, hukumat oltin narxi oshdi deb, xarajatlarni ham oshirishdan tiyilishi kerak. Chunki bu inflatsiyaning pasayishiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, inflatsiyani pasaytirish uchun tashqi qarz olish limitlariga rioya qilish ham muhim ahamiyatga ega. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili tashqi qarz limiti 5 mlrd dollardan 7,3 mlrd dollarga oshirilgan edi.

Yoz jaziramasi sharoitida energetika tizimi zo‘riqib ishlay boshladi. Toshkent shahri va viloyatlarda elektr energiyasi uzilishlari ko‘paydi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish ortib borayotgan bo‘lsa-da, taqsimlash tarmoqlari haligacha muammoli nuqta bo‘lib qolayotgani ko‘rinib turibdi. Svet o‘chgan kunlari odamlar ijtimoiy tarmoqlarda 2023-2024 yillarda budjetdan energetikaga misli ko‘rilmagan darajada katta mablag‘ yo‘naltirilgani, eng muhimi, tariflar oshirilganini yodga olishdi. Energetika vazirligi uzilishlarning faqatgina ayrimlari haqida xabar beryapti.

O‘zbekistonda viloyat prokurori darajasidagi mansabdor reyd o‘tkazilayotgan joyga narkotik tashlab qo‘yish haqida buyruq berishi mumkin ekan. 2023 yilda ro‘y bergan voqeada, Farg‘ona shahridagi restoranlardan biriga “maska-shou” uyushtirilgan bo‘lib, unda qurollangan niqobli xodimlarga viloyat IIB boshlig‘i Azizbek Ikromov va viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov boshchilik qilgan. Reyd vaqtida prokuror tezkor vakilga restoran rahbarini “narkotik tashlab tiqish”ni buyurgan va bu gaplar kuzatuv kameralariga yozilib qolgan. E’tiborlisi, bu noqonuniy topshiriq uchun prokurorga intizomiy jazo qo‘llangan xolos. Tadbirkor esa o‘sha kundan buyon ta’qib qilinayotganini aytmoqda. Kengroq tafsilotlar bilan – Kun.uz surishtiruvida tanishing.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov

Mavzuga oid