O‘zbekiston | 17:43
3814
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bosh rejaga zid uchta yirik loyiha taqdim etildi

O‘tgan yili xususiylashtirilgan “Foton” AJ Amir Temur xiyoboni yaqinidagi zavod o‘rnida 53 qavatli majmua (Nest One'dan ham balandroq) qurishni taklif qilmoqda. Geologiya qo‘mitasi binosini sotib olganlar esa u yerga 30 qavatli “dom”lar qurmoqchi. Toshkent shahar hokimligi ham Beshyog‘ochda 30 qavatli bino qurishni xohlayapti. Bu uchala loyihada binolarning qavati bosh rejada ruxsat etilganidan karrasiga ko‘p.

"O‘zbekiston 24" lavhasidan kadr

O‘zbekiston prezidenti 16 iyun kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishgan edi. Shu yig‘ilishdan keyin poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyu berdi. Telekanal reportajida taklif etilayotgan loyihalardan uchtasiga oid taqdimot-stendlar ko‘rsatilgan.

Har uchala loyiha – Toshkent shahrining markaziy nuqtalarida bosh rejada ruxsat etilganidan balandroq binolar qurishni nazarda tutadi.

Ulardan eng balandi – 53 qavat. Ulkan me’moriy uzuk bilan bog‘langan ikkita minora loyihasi 175 mln dollarga baholangan. Loyiha tashabbuskori – “Foton” AJ. Majmua Islom Karimov ko‘chasida (“O‘zavtosanoat” AJning yonida, Investitsiyalar vazirligining ro‘parasida) joylashgan kompaniyaga qarashli sobiq zavod o‘rnida qad rostlashi mumkin.

Taqdimot stendiga ko‘ra, 0,9 gektarni egallaydigan majmua 1500 ta xonadonni o‘z ichiga oladi. Loyiha uchun seysmologik, gidrogeologik, sanitar-epidemiologik va FVVning “ijobiy” xulosasi olib bo‘lingan.

E’tiborlisi, Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasiga asosan, bu hududda binolarning ruxsat etilgan balandligi 25 qavatgacha deb belgilangan. “Foton”ning uzukli qo‘shaloq minoralaridan biri esa 53 qavat bo‘lishi reja qilingan. Taqqoslash uchun, poytaxtdagi va umuman O‘zbekistondagi eng baland osmono‘par bino – “Toshkent siti”dagi Nest One 51 qavatdan iborat.

Qayd etish lozim, “Foton” AJdagi 85,6 foiz davlat ulushi bundan bir yil oldin 151 mlrd so‘mga xususiylashtirilgan edi.

Xususiylashtirilgan obektlardan yana birining o‘rnida esa biryo‘la 10 ta “dom” paydo bo‘lishi mumkin. 2021-2022 yillarda Geologiya qo‘mitasining Taras Shevchenko ko‘chasidagi sobiq binosi va unga tutash binolarni ikkita auksionda jami 196,3 mlrd so‘mga sotib olgan “Xamkar Inshaat” MChJ 4 gektarlik ushbu maydonda “siti” barpo etish taklifi bilan chiqqan.

“Ming o‘rik” metro bekati yaqinidagi 180 mln dollarlik rejaviy majmua 10 ta ko‘p qavatli uyni ichiga olishi, ulardan kamida bittasining balandligi 30 qavat bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 540 o‘rinli bog‘cha va 1200 o‘rinli maktab ham loyihaga kiritilgan.

Bu loyiha bo‘yicha ham tegishli idoralardan “ijobiy” xulosalar olingan. Lekin poytaxt bosh rejasiga asosan, bu hududda quriladigan binolarning balandligi 5 qavatdan oshmasligi kerak.

Uchinchi yirik loyihaning tashabbuskori – xususiy sektor emas, Toshkent shahar hokimligi. Hokimlikning “Toshkent invest” kompaniyasi Beshyog‘och dahasi uchun 461 mln dollarlik loyihani ishlab chiqqan.

Magic City'ning qarshisidagi 10,6 gektar maydonni egallaydigan, 2304 ta xonadondan iborat bo‘ladigan loyihadagi binolardan birining balandligi 30 qavat bo‘lishi reja qilingan. Zaruriy “ijobiy” xulosalar ham tayyor. Biroq bosh rejaga ko‘ra, bu yerda yangi binolarning balandligini 9 qavatdan oshirish mumkin emas.

2025 yil yanvarida Turkiyaning Albayrak kompaniyasi ayni shu yerda – Beshyog‘och bozori o‘rnida to‘rtta osmono‘par bino qurish loyihasini ilgari surgan, o‘shanda Qurilish vazirligi bosh rejaga asosan bu zonada 9 qavatdan baland bino qurish mumkin emasligini aytib bayonot bergandi.

“Endi Toshkent shahrida amalga oshiriladigan barcha qurilishlarga tasdiqlangan Bosh rejaga muvofiq ruxsat beriladi”, – deyilgandi Qurilish vazirligi bayonotida.

Mavzuga oid