Jahon | 11:39
3929
2 daqiqa o‘qiladi

Eron BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirdi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish AQShning Eronga qarshi xatti-harakatlaridan chuqur xavotir bildirib, ularni xavfli keskinlashuv hamda xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdid sifatida baholadi.

Foto: REUTERS

Eron AQShning mamlakatdagi yadro obektlariga uyushtirgan hujumlaridan keyin BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirdi, deb xabar beradi IRNA agentligi.

Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy bosh kotib Antoniu Guterrishga yo‘llagan maktubida Vashington harakatlarini «yovvoyilarcha va jinoyatkorona» deb atadi hamda ularning xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solishini ta’kidladi.

«Eron Islom Respublikasi Xavfsizlik Kengashini bu ochiq tajovuz aktini muhokama qilish, uni eng keskin usullar bilan qoralash va BMT Nizomiga muvofiq zarur choralarni ko‘rish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazishga qat’iy chaqiradi. Ushbu jinoyatlar uchun mas’ullar jazodan qutulmasligi va javobgarlikka tortilishi kerak», — deyiladi murojaatda.

O‘z navbatida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish AQShning Eronga qarshi xatti-harakatlaridan chuqur xavotir bildirib, ularni xavfli keskinlashuv hamda xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdid sifatida baholadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat tezda nazoratdan chiqib ketishi va tinch aholi, mintaqa va butun dunyo uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. BMT rahbari barcha a’zo davlatlarni tashkilot nizomi va xalqaro huquq normalari doirasidagi majburiyatlariga rioya qilishga chaqirib, keskinlikni yumshatish zarurligini ma’lum qildi.

«Harbiy yechim mavjud emas. Yagona yo‘l — diplomatiya. Yagona umid — tinchlik», — deydi Antoniu Guterrish. Shuningdek, u «xaos spirallaridan qochish»ga chaqirdi.

Eron yadroviy inshootlariga hujum 22 iyunga o‘tar kechasi amalga oshirildi. G‘arb OAVga ko‘ra, AQSh Harbiy-havo kuchlari zarba berishda B-2A Spirit bombardimonchisidan foydalangan. Mamlakat prezidenti Donald Tramp Eronning muhim yadroviy obektlari yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid