Jahon | 18:42
1601
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh assambleyasida Falastin davlati tashkil topgani e’lon qilinishi mumkin

Falastin rahbariyati vakilining bildirishicha, muxtoriyatni davlatga aylantirish masalasi "2015 yilda ko‘tarilgan va o‘rganilgan, ammo prezident bu masalani hech qanday izohlarsiz muzlatib qo‘ygan". 

Foto: AFP/Getty Images

Falastin milliy ma’muriyati sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasida Falastin muxtoriyati Falastin davlatiga aylantirilganini e’lon qilishi mumkin. Bu haqda Al Araby Al Jadeed gazetasi Falastin rahbariyati vakiliga tayanib xabar berdi. 

"Rahbariyat BMT Bosh assambleyasida prezident Mahmud Abbos tomonidan Falastin muxtoriyati davlatga aylantirilganini bir tomonlama tartibda e’lon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda", - degan muxtoriyat vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan oldin Abbos konstitutsiyaviy bayonot berishi hamda Falastin milliy kengashi saylovlari o‘tkaziladigan aniq muddat belgilanishi kerak bo‘ladi. Gazeta suhbatdoshining qayd etishicha, "konstitutsion bayonot prezident tomonidan e’lon qilinadi va unda davlat chegaralari, davlatning konstitutsion asoslari tasdiqlanadi". 

Falastin rahbariyati vakilining bildirishicha, muxtoriyatni davlatga aylantirish masalasi "2015 yilda ko‘tarilgan va o‘rganilgan, ammo prezident bu masalani hech qanday izohlarsiz muzlatib qo‘yilgandi". 

Iyul oyi oxirlarida 15 mamlakat tashqi ishlar vazirlari Falastinni tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlagandi. Ushbu tashabbusga Avstraliya, Andorra, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Kanada, Lyuksemburg, Malta, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Portugaliya, San-Marino, Sloveniya, Finlyandiya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari qo‘shilgan.

Mavzuga oid