Jahon | 13:43
7607
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Eron kassetali o‘q-dorilardan foydalanayotganini ma’lum qildi

Eron 19 iyun kuni zarba berishda ishlatgan raketalarning bir qismi kassetali o‘q-dorilar bilan jihozlangan, deb xabar berdi TSAHAL.

Foto: Marc Israel Sellem/POOL/AP Photo/picture alliance

Eron harbiylari 19 iyun, payshanba kuni Isroilni o‘qqa tutishi chog‘ida kassetali o‘q-dorilardan foydalangan, deya xabar beradi Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL). Xususan, Beer-Sheva shahridagi kasalxonaga kelib tushgan raketalardan biri kassetali o‘q-dorilar bilan jihozlangan — bundan zarba joylaridan biri tahlilining dastlabki natijalari dalolat beradi, deb yozadi "Yediot Ahronot" gazetasi harbiy manbalarga tayanib.

Harbiylarning xabar berishicha, ertalabki otishma chog‘ida raketalardan birining jangovar kallagi taxminan 7 kilometr balandlikdan tushib ketayotganda bo‘lingan va 8 kilometr radiusda 20 ga yaqin kichikroq o‘q-dorilarni sochgan. Bunday o‘q-dorilar boshqarilmaydi, balki shunchaki yerga tushadi va keyinchalik portlaydi.

Og‘irligi taxminan 2,5 kilogramm bo‘lgan jangovar kallakka ega ushbu o‘q-dorilardan biri Isroil markazidagi turar joy binosiga kelib tushgan. TSAHALning tushuntirishicha, zarbadan ko‘rilgan zarar kichik raketa bilan teng.

Harbiylarning xabar berishicha, sapyorlar 20 ta shunday bombani topib zararsizlantirgan, biroq ular boshqa qolmaganligini aniq ayta olmaydi. TSAHAL aholini portlash xavfi tufayli raketalar qoldiqlariga tegmaslik va ularga yaqinlashmaslik haqida ogohlantirdi. Kassetali o‘q-dorilardan foydalanish 2008 yilda 108 davlat tomonidan imzolangan konvensiya bilan taqiqlangan. Biroq Isroil va Eron uning ishtirokchisi emas.

Mavzuga oid