Jamiyat | 09:39 / 23.05.2025
15146
12 daqiqa o‘qiladi

Bo‘rijardagi fojia. Odamlar xavfsizligi oxirgi o‘rindami?

Toshkentdagi Bo‘rijar kanalida oqib ketayotgan qizni qutqargan erkak cho‘kib ketdi. Minglab daraxtlarning kesilishi va xavfsizlik talablarining bajarilmasligi bilan kechgan obodonlashtirish ishlari ortidan kanal qirg‘oqlari xavfli bo‘lib qolgan. Loyiha avvalboshdan yopiq qaror asosida boshlanib, aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanalining ikki qirg‘og‘ini rekonstruksiya qilish ishlari xavfsizlik talablariga rioya etmagan holda olib borilgani, kanal qirg‘oqlaridagi minglab daraxtlar kesib tashlangani 5 may kuni fojiaga olib keldi.

Soat 18:00 larda kanalning Belariq mahallasidan oqib o‘tuvchi qismida (“O‘zbekfilm”ning orqa tomoni) bolalarni qutqarish uchun suvga tushgan 43 yoshli erkak cho‘kib ketdi.

Yaqinlarining Kun.uz'ga aytishicha, marhum Abdumannop Samiqov suzishni yaxshi bilgan, lekin qirg‘oq bo‘yida daraxtlar qolmagani, ularning o‘rnini sirpanchiq beton egallagani, qirg‘oqning muayyan masofalarida favqulodda holatlarga mo‘ljallangan joylar tashkil etilmagani fojiaga sabab bo‘lgan.

O‘tgan yili kuzda boshlangan rekonstruksiya davomida xavfsizlik ta’minlanishi uchun kanal yoqalari to‘sib qo‘yilmagan. Natijada 7-8 yoshlardagi ikki qiz kanal qirg‘og‘iga tushgan, ulardan biri oyog‘ini ho‘llayotgan mahal sirpanib suvga tushib ketgan. Oqim qizaloqni kanal o‘rtasiga olib ketgan. Yonidagi qiz yordam bermoqchi bo‘lib, o‘zini suvga tashlagan, lekin u qirg‘oq bo‘ylab oqib borgan.

Bolalarning qichqiriqlarini eshitgan, shu yaqin atrofda yashovchi Darya Grapinenkova o‘zini suvga tashlagan qizni tinchlantirib, qo‘liga xoda bergan, lekin betonlashgan kanal juda sirpanchiq ekani va boshqa noqulayliklar sabab, qizlar kanalda oqib ketaverishgan. Oqim bilan ketayotgan birinchi qizning hayotini saqlab qolish uchun marhum Abdumannop Samiqov o‘zini suvga tashlagan.

Holat qanday sodir bo‘lganini uning o‘gay o‘g‘li Saidakbar Abduvaliyev so‘zlab berdi.

Qizni kanalning o‘rtasidan chetiga olib chiqdilar. Ularga yordamlashish uchun qirg‘oqdagi tayoq, yog‘ochlarni uzata boshladim, o‘xshamadi. Keyin “arqon ber” dedilar, Suv oqimi yaxshigina kuchli, hozir uyga kirib arqonni qidirgunimcha , ular yana oqib ketaverardi. Dadamning hollarini ko‘rdim, holsizlanib ketdi. Keyin kanalga o‘zimni otdim. Qizni oldim. Shunaqa xayol o‘tyapti, qizni men olsam, charchab qolsam dadamlarga beraman, almashib-almashib chiqib olamiz degan fikrda edim. Beton yuzasi juda sirpanchiq. Keyin qo‘shnimiz Sasha xuddi dadamga reyka uzatganim kabi yordam berishni boshladi, o‘xshamadi, keyin yo‘ldan bitta to‘nkani suvga otdi. Biz to‘nkaning ustiga chiqdik, oxirgi marta dadamni shu yerda ko‘rdim”, – deydi Abduvaliyev.

Bu orada, shu atrofdagi otxonaning ikki xodimi arqon bilan kelib, dastlab bolalarni, keyin marhumning o‘g‘lini suvdan chiqarib olishgan. Voqea joyiga uchastka noziri yetib kelgan, Abduvaliyev tez yordam va FVVga xabar bergan.

Favqulodda vaziyatlar xodimlarining harakati yo‘q: 40 minut, 1 soatlarda keldi. Kanalning ikki tarafiga bo‘linib olishgan. G‘avvos qani desa, xotirjam, hozir kelyapti deydi. Onam qani kim topadi, suvga tushadigan odam bormi desa, yelkasini qisyapti”, – deydi marhumning farzandi.

Saidakbar Abduvaliyevning so‘zlariga ko‘ra, har 100 yoki 200 metrda zina bo‘lganda, bunaqa fojia bo‘lmasdi.

Oldingi daraxtlar bor paytida dadam bilan cho‘milib yurardik. Hozir hech qanday sharoit yo‘q, bu loyihaga bitta men emas, hamma qarshi chiqyapti”, – deydi u.

Qidiruv ishlaridan keyin marhumning jasadi shu kuni soat 23:00lar atrofida 16-shahar shifoxonasining orqa tomonidan (erkak suvga tushgan joydan taxminan 3,5 km masofada) topilgan.

Marhumning turmush o‘rtog‘i Surayyo Mahkamova, fojiadan keyingi kunlarda ham, xususan 7 may kuni bir nechta maktab o‘quvchilari kanalda cho‘milgani, bu haqda ogohlantirib 102 ga qo‘ng‘iroq qilganida esa xodimlar kelmaganini aytdi.

Xo‘jayinim o‘tganlaridan keyin, 7 may kuni ketma-ket bolalar kelib cho‘milmoqchi bo‘lyapti. Ikkitami bola keldi. Armaturaga arqon bog‘lab, suvga tushyapti. Birinchi kuni haydadik. Ertasiga yana keldi. O‘sha kuni 02 qildim. “Bir necha kun oldin shu yerda xo‘jayinim vafot etdi, bolalar cho‘milyapti, kim nazorat qiladi, bu yerda nimadir bo‘lsa, ota-onasi kuyadi” dedim. Lekin hech kim kelmadi, telefon qilmadi. Nechta o‘limni kutishyapti? Bilmayman.

Bu yerda xavfsizlikni ta’minlash kerak. Baxtsiz hodisalar bo‘lganda, ushlab chiqadigan nimadirlar qilish kerak. Xo‘jayinim cho‘milish uchun tushmadi-da, qizni qutqaraman deb shunaqa bo‘lib ketdilar. [Rekonstruksiyadan] oldingi sharoit bo‘lganda chiqardilar. 4 ta qiz bo‘lganda, hammasini daraxting ildiziga osilib bo‘lsayam olib chiqardilar. Suzishni juda yaxshi bilardilar”, – deydi marhumning ayoli.

U turmush o‘rtog‘i vafot etgandan keyin, hech kim xabar olmaganini aytadi.

Faqat maktab o‘g‘limga tashakkurnoma beribdi. Mahallamdagi bir odam qutqarganing uchun deb 500 ming so‘m kartasiga tushiribdi”, – deydi u.

Bolalarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan Darya Grapinenkova va Aleksandra Maxsudova kanal bo‘yini obodonlashtirish, uni sayr zonasi qilish bahonasida minglab daraxlar kesilgani, mutasaddilar mahalla ahlini eshitmayotganini aytdi.

Kanal bo‘yidagi daraxtlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish kerak edi, lekin kanalda bitta ham daraxt qolmadi. Bizni ogohlantirishmadi. Ishlar tun-u kun davom etdi. Bu bunga qarshi edik. Ammo, hammaning har doim bunga ko‘z-quloq bo‘lishi imkonsiz. Odam o‘lgandan keyin to‘siqlar qo‘yishdi, lekin agar ko‘rsangiz, to‘rni cho‘kkan odamning uyidan bizning uyimizgacha o‘rnatishgan. Kanalning boshqa joylarida hozir ham to‘r yo‘q.

Hozir [qazish ishlari sabab, suv bo‘yiga] yuqoridan pastga tushish juda qiyin bo‘lib qolgan. Shu baxtsiz hodisa ro‘y berayotganda ham odamlar keldi, lekin ular yordam berish uchun pastga tusholmas edi”, – deydi Aleksandra Maxsudova.

Darya Grapinenkova mahalla ahli kanalda ketayotgan obodonlashtirish va uni sayr zonasiga aylantirish uchun mutasaddilar bilan 2017 yildan beri nizolashayotganini aytdi.

Biz shu yil 27 aprelda bu yer xavfli bo‘lib qolganini, jarliklar borligini aytib, Senat, hokimiyat, Bosh prokuratura va Yakkasaroy tumani prokuraturasiga murojaat qildik. Mahallamizning barcha aholisidan imzo yig‘ib, arizalar yozdik. Quruvchilar obodonlashtirish amalga oshirilayotganini aytishdi, lekin hech qanday hujjatlar taqdim etilmadi. Hamma xabardor edi, nimalar sodir bo‘layotganini ko‘rishdi, ammo hech kim chora ko‘rmadi. Bu yerga buldozerlar, ekskavatorlar bilan kelishdi. Biz qarshilik qildik, lekin ekskavatorni ustimizga haydashdi.

Bo‘rijar kanali. 2024 yil 30 sentabr va 2025 yil 28 fevral kuni olingan suratlar / Google Earth

Bu yerda taxminan mingta daraxt bor edi. Kanal bo‘yida velosipedlar yo‘lagi, kafe va do‘konlar, sayr zonasi bo‘larkan, xuddi Seul Mun ko‘chasi kabi. Lekin loyihani ko‘rsatishmadi. Agar loyiha tasdiqlangan bo‘lsa, demak, bu hudud uchun hujjat bo‘lishi kerak. Biz shu yerda yashaymiz, nima bo‘lishi, qanday bo‘lishini bilishni xohlaymiz”, – deydi Grapinenkova.

Kun.uz kanalda ketayotgan qurilish ishlari yuzasidan bosh pudratchi “To‘palang HPD Holding” MChJ vakili bilan bog‘landi, lekin u loyiha haqida ma’lumot bera olmadi.

Buyurtmachi – Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi Kun.uz'ga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1-bosqichda Bo‘rijar kanalining Seul ko‘chasidan Cho‘ponota ko‘chasigacha bo‘lgan 3,2 kmdan iborat qismidagi qirg‘oqlari va o‘zanlari mustahkamlanadi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 dekabrdagi 724-sonli yopiq qarori qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, kanal qirg‘oqlarining yemirilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni barvaqt bartaraf etish va aholi xavfsizligini ta’minlash hamda ularni xavfsiz hududlarga ko‘chirish, ko‘chki va yemirilishlar takrorlanishining oldini olish uchun kanal qirg‘oqlari va o‘zanlarini mustahkamlash, shuningdek, kanal bo‘yini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish orqali sayilgoh, dam olish va boshqa ko‘ngilochar maskanlar hamda xiyobonlar barpo etish belgilangan.

Loyiha qiymati 140 mlrd so‘mga baholanib, mablag‘lar respublika budjetidan ajratilgan.

Buyurtmachi ayni paytda vujudga kelgan jarliklar bartaraf etilishi, hudud xavfsiz bo‘lishini aytdi. Ammo boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi Gazeta.uz'ga bergan izohida, rekonstruksiya ishlari davomida xavfsizlik talablari buzilganini tasdiqlagan. Ma’lum qilinishicha, inspeksiya xodimlari bu qurilishni muntazam ravishda tekshirib, xavfsizlik choralari, jumladan, to‘siqlar, ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatish va xavfli hududlarga kirishni cheklash ishlarini nazorat qilib kelgan. Pudratchi va buyurtmachiga obektda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha bir necha bor yozma ko‘rsatmalar berilgan.

Shunga qaramay, pudratchi tomonidan baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun zarur bo‘lgan barcha talablar bajarilmagan, bu esa xavfsizlik choralarining buzilishiga olib kelgan. Xususan, ish vaqti tugagandan so‘ng obektni qo‘riqlash va cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilish yo‘lga qo‘yilmagan, ogohlantiruvchi belgilar va to‘siqlar to‘liq hajmda o‘rnatilmagan yoki tegishli darajada saqlanmagan. Aniqlangan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan inspeksiya tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi, jumladan, mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanadi”, – deyiladi nazorat organining axborotida.

Voqea OAVda yoritilgach, 20 may kuni Bosh prokuratura tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qildi. Idora o‘z axborotida voqeada jasorat ko‘rsatgan marhumning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, hamdardlik bildirgan.

Bo‘rijar kanalining ayrim qismlari hamon aholiga xavf tug‘dirmoqda.

Mavzuga oid