Jahon | 22:50 / 21.05.2025
3176
4 daqiqa o‘qiladi

RFga qarshi sanksiyalarning 17-paketi: nishonda yana tankerlar

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketini tasdiqladi. Sanksiyalar asosan RFning “soyadagi floti” tankerlariga qaratilgan. Shuningdek, Rossiya harbiy zavodlari uchun tarkibiy qismlarni yetkazib berish yoki sanksiyalarni aylanib o‘tishga ko‘maklashishda ayblanayotgan kompaniyalarga nisbatan ham cheklovlar kiritildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiya Ukrainani bosib olishga harakat qilayotganiga javoban kiritilgan sanksiyalarning yangi paketi – Kreml uchun neft sotishni yanada qiyinlashtirish va sanksiyalarni global zanjirlar orqali “aylanib o‘tishga” urinishlarni jilovlashga qaratilgan keskin chora sifatida ko‘rsatilmoqda.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallasga ko‘ra, Rossiyaning “soyadagi floti” deyarli 200 ta tankerni o‘z ichiga oladi. Moskva bu tankerlardan neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlardan qisman qochish uchun foydalanyapti. Bu kemalarning real egasi, ya’ni yurisdiksiyasi aniq emas, bayrog‘i tez-tez o‘zgartiriladi, shuningdek, sug‘urtasi bor-yo‘qligi ham noma’lum.

17-sanksiyalar paketi esa Rossiya neft savdosining yashirin tarmog‘i, treyderlar, sug‘urtachilar va port infratuzilmasi orqali ishlashni murakkablashtiradi. Bu choralar Xitoy, Hindiston va Afrikaga eksportni izdan chiqarishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi 31 ta kompaniya nisbatan ikkilamchi sanksiyalar ham joriy qilmoqda. Bu ro‘yxatda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bitta firma (Trade Engine System) ham bor. Sanksion ro‘yxatga qo‘shilgan shirkatlar Rossiya harbiy kompleksini bevosita yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlagan yoki sanksiyalarni aylanib o‘tish zanjirlarida ishtirok etganlikda ayblangan.

Sanksiyalar G7 kun tartibida emas

So‘nggi yillarda Yettilik guruhi yig‘ilishlarida Rossiyaga qarshi sanksiyalar muhokama qilinishi odatiy holga aylangandi. Bu safargi G7 moliya rahbarlari uchrashuvi esa aftidan noodatiy tus oladi: unda oltita davlat birgalashib, AQSh moliya vaziri orqali Trampdan hatto do‘stlarga ham boj solish haqidagi tahdidlarini bas qilishni so‘rashi mumkin.

Yettilik guruhiga kiruvchi davlatlar: AQSh, Kanada, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya moliya vazirlari va markaziy bank raislari 20–22 may kunlari Kanadaning Banf yig‘ilmoqda. Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, ular global iqtisodiyot, iqtisodiy xavfsizlik va barqarorlik, Ukrainadagi vaziyat, moliyaviy jinoyatlar va sun’iy intellekt masalalarini muhokama qilmoqchi. Norasmiy xabarlar esa uchrashuvdagi bosh mavzulardan biri – Trampning dunyo iqtisodiyotini beqarorlashtirayotgan savdo siyosati bo‘lishidan darak bermoqda.

Trampning qaytishi ortidan Yettilik guruhi ichida kelishmovchiliklar kuchaygan. “Bu odatdagi G7 emas”, deydi Vashingtonda joylashgan Atlantika kengashi aql markazi direktori o‘rinbosari Anaya Kumar. Ayni paytda Yaponiya va Yevropa davlatlari AQSh tomonidan bojlarning ikki barobar oshirilishi xavfi ostida, Kanada esa hali ham Trampning 25 foizlik tariflari bilan kurashyapti.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu safargi uchrashuv G7dagi siyosiy uyg‘unlik emas, balki ichki ziddiyatlar fonida o‘tmoqda. Moliya rahbarlaridan keyin, iyun oyida Katta yettilik davlat rahbarlarining sammiti ham bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid