Nyu Yorkda Meksika harbiy kemasi Bruklin ko‘prigiga urildi. Qurbonlar bor
Kema machtalari ko‘prikning ostki qismiga urilishi oqibatida sinib tushgan. Hodisa oqibatida 22 kishi jarohat olgan va shifoxonalarga yotqizilgan, ulardan yarmining ahvoli og‘ir. Yana ikki kishi halok bo‘lgan.

Foto: Getty Images
To‘qnashuvda kemaning uchala machtasi ham shikastlangan va qulab tushgan.
«Ayni damda bortda bo‘lgan 277 kishidan 19 nafari jarohat olgan, ulardan 2 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda, yana 2 nafari, afsuski, olgan jarohatlaridan vafot etgan», – deb yozdi Nyu York meri Erik Adams X ijtimoiy tarmog‘ida.
Internetda e’lon qilingan videoda yelkanlari yig‘ishtirilgan va takelajda bayram chiroqlari yoqilgan kema ko‘prik ostidan o‘tishga uringani va machtalar ko‘prikka urilib, Ist-Riverga qulaganini ko‘rish mumkin.
Hodisa ro‘y berishi arafasida yuzlab tomoshabinlar seshanbadan beri Manhettenning janubiy qismidagi bandargohda turgan kema bilan xayrlashish uchun yig‘ilgandi.
Meksika harbiy-dengiz kuchlari bayonotida halokat oqibatida ekipajning ikki a’zosi halok bo‘lgani, yana 22 kishi yaralangani, ularning yarmi – og‘ir ahvolda ekani qayd etilgan.
Meksika harbiy-dengiz kuchlari hech kim suvga tushib ketmagani va qutqaruv operatsiyasi o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum X’dagi sahifasida ekipajning ikki a’zosi halok bo‘lganidan «chuqur qayg‘uda» ekanini yozgan.
Kema taxminan soat 20:20 atrofida (yakshanba kuni Grinvich bo‘yicha 00:20) kapitan manyovr qilganida harakatni yo‘qotgan va uni Bruklin tomonidagi ko‘prik tayanchiga olib borgan, dedi matbuot anjumanida Nyu York politsiyasining maxsus operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Uilson Aramboles.
«Kemada vahima hukm surardi. Baqir-chaqir bo‘ldi, ba’zi dengizchilar machtalarda osilib turishardi», – dedi AFP’ga suv yaqinida turgan bruklinlik 23 yoshli Nik Korso.
Bruklindan Manhettenga olib boruvchi ko‘prik 40 daqiqaga yopilgan, shundan so‘ng u qayta ochilgan.
«Tekshiruv davom etayotgan bo‘lsa-da, Bruklin ko‘prigida jiddiy shikastlanish alomatlari yo‘q», – deyiladi Nyu York transport departamenti xabarida.
Meksika elchisi Esteban Moktesum Barragan jabrlanganlar shifoxonaga yetkazilganini ma’lum qilgan.
Yelkanli kema Manhetten ko‘prigi hududiga olib ketildi va Nyu York politsiya departamenti aholiga «qatnov ko‘pligi» va «tez yordam mashinalari gavjumligi» sababli bu hududdan kelmaslikni tavsiya qildi.
Cuauhtemoc’ning machtalari balandligi 48,2 metrga yetadi.
Meksika Harbiy dengiz kuchlari bayonotida aytilishicha, kema 6 aprel kuni Akapulkodan safarga chiqqan. Uning vazifasi «dengizchilik ruhini oshirish, harbiy-dengiz ta’limini mustahkamlash hamda Meksika xalqining tinchlik va ezgulik haqidagi murojaatini dengizlar va portlarga yetkazish» bo‘lgan. Kema Nyu Yorkka, undan so‘ng esa Islandiya, Shotlandiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyaga borishi rejalashtirilgan edi.
Nyu York shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakiliga ko‘ra, Bruklin ko‘prigidan biroz pastroqda joylashgan 17-pirsga bog‘langan kema Nyu York portidan chiqib, janub tomon suzishi kerak bo‘lgan. Biroq buning o‘rniga u noto‘g‘ri yo‘nalishda harakatlangan.
Mazkur kema 1982 yilda qurilgan bo‘lib, u Nyu Yorkda keyingi yilga rejalashtirilgan va AQSh mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlangan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘quv safari doirasida edi.
Bu so‘nggi 14 oy ichida AQShdagi ko‘prik bilan kema to‘qnashuvi oqibatida insonlar halok bo‘lishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir. 2024 yil mart oyida kema Baltimordagi ko‘prikka urilishi oqibatida olti nafar ishchi halok bo‘ldi.
Mavzuga oid

20:02 / 13.05.2025
Meksikada merlikka nomzod saylovoldi mitingida otib ketildi

00:27 / 10.05.2025
Meksika Google korporatsiyasini sudga berdi

18:19 / 09.05.2025
Jizzaxda fuqaroni Meksika orqali AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

20:05 / 05.05.2025