Jahon | 18:26 / 05.06.2025
12342
2 daqiqa o‘qiladi

Tinch okeanida 3 mingta avtomobil ortilgan kema yonib ketdi

Avtomobillar Meksikaga olib ketilayotgan bo‘lgan. Kemadagi barcha - 22 nafar dengizchi evakuatsiya qilingan.

Foto: United States Coast Guard

Tinch okeanining markaziy qismida Meksikaga 3 mingga yaqin avtomobil, jumladan, 800 ta elektromobil olib ketayotgan Morning Midas yuk tashuvchi kemasida yong‘in chiqdi. Bu haqda AQSh sohilni qo‘riqlash xizmatiga tayanib Bloomberg xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa Adak orollaridan (Alyaska) 480 kilometr janubda sodir bo‘lgan.

Kemani boshqaruvchi Zodiac Maritime kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tutun palubalardan birida paydo bo‘lgan. «Ekipaj olovni o‘chirish choralarini ko‘rdi, ammo vaziyatni nazoratga olishning imkoni bo‘lmadi», — deyiladi bayonotda.

AQSh sohilni qo‘riqlash xizmati 22 nafar dengizchini shu atrofdan suzib o‘tayotgan savdo kemasiga evakuatsiya qilgan. Kemadagi yuk kimga tegishli bo‘lgani oshkor etilmadi.

Suv sig‘imi 46,8 ming tonnaga yetadigan kema 2006 yilda Xitoydagi Xiamen Shipbuilding kemasozlik korxonasida qurilgan va o‘sha yilning 26 mayida Yantay portidan suvga tushirilgan.

Allianz hisobotida keltirilishicha, litiy-ionli akkumulyatorlar kemalar, ayniqsa, avtomobil tashuvchi yirik kemalar uchun yangi tahdidlarni yuzaga keltirmoqda. Yonayotgan elektromobillarni harorat yuqoriligi va tor palubalarda ventilyatsiya cheklangani sabab o‘chirish qiyin. Kemalarning po‘lat konstruksiyasi alangani o‘chirishga xalaqit berib, ekipaj uchun xavf darajasini oshiradi.

Mavzuga oid