Jahon | 19:01 / 16.05.2025
15634
13 daqiqa o‘qiladi

Istanbulda Rossiya–Ukraina muzokaralari yakunlandi. Asosiy ma’lumotlar

Bu ikki soatga yaqin davom etdi. OAVga ko‘ra, Ukraina Rossiya ilgari surgan talablarni «norealistik» deb hisoblamoqda.

Istanbulda 16 may kuni tushdan keyin Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida 2022 yil bahoridan beri birinchi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularni bir tomonlama o‘tkazishni Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklif qilgandi, uning o‘zi Turkiyaga kelmadi va yordamchisi Vladimir Medinskiyni yubordi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Istanbulda Putin bilan shaxsan uchrashishni talab qilgandi.

Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi, ular taxminan ikki soat davom etdi, deb xabar bermoqda Reuters Turkiya va Ukraina diplomatik manbalariga tayanib. AFP agentligi esa Ukraina rasmiysiga tayanib kun davomida Rossiya-Ukraina o‘rtasida qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazilishi «mumkinligi», ammo hozircha bu «rejalashtirilmagani»ni xabar qilgan.

Reuters agentligining Ukrainadagi diplomatik manbasiga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi Istanbuldagi muzokaralarda nomaqbul talablarni ilgari surgan. Xususan, o‘t ochishni to‘xtatish uchun Kiyev o‘z hududlaridan (qisman Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlari) qo‘shinlarni olib chiqishi talab etilgan.

Hozircha e’lon qilingan yagona kelishuv – «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha harbiy asirlarni almashtirish. Bu haqda jurnalistlarga dastlab Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov ma’lum qildi, keyinroq Medinskiy ham buni tasdiqladi.

Medinskiy, shuningdek, muzokaralardan so‘ng tomonlar ehtimoliy otashkesim bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etishga kelishib olgani, shundan so‘ng muzokaralar qayta tiklanishini aytdi.

Bundan tashqari, Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni davlat rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni so‘ragan va Rossiya vakillari «bu so‘rovni ma’lumot uchun qabul qilgan».

Ukraina ommaviy axborot vositalari, jumladan, «RBK-Ukraina»ning yozishicha, juma kuni Ukraina delegatsiyasi rahbari Umerov matbuot anjumani o‘tkazadi.

Rossiya bilan muzokaralar boshlanishidan oldin Ukraina delegatsiyasi rahbari, mudofaa vaziri Rustem Umerov Kiyev to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga va eng yuqori darajada to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini aytgandi: «Bugun biz barqaror va adolatli tinchlikka erishishning haqiqiy yo‘llarini topish uchun Istanbulga keldik».

Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy (u 2022 yil bahorida ham delegatsiyaga rahbarlik qilgan) bir kun ilgari Moskva Istanbuldagi uchrashuvni 2022 yilgi muzokaralarning «davomi» sifatida ko‘rayotganini aytgandi. «Ukraina tomoni bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning vazifasi ertami-kechmi mojaroning asosiy sabablarini bartaraf etish orqali uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishga erishishdir», – degandi Medinskiy.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Moskva va Kiyev delegatsiyalari uchrashuvi boshlanishidan oldin «rossiyaliklarning bugungi kunni 2022 yilga bog‘lashga urinishlari ish bermasligi»ni aytdi. O‘sha muzokaralarni hozirgi muzokaralar bilan bog‘laydigan narsa – «bu faqat Istanbul shahri, boshqa hech narsa emas», deya qo‘shimcha qildi Yermak.

O‘ngdan chapga – Andrey Yermak (orqasi bilan turibdi), Turkiya razvedkasi rahbari Ibrohim Qalin, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Do‘lmabog‘cha prezidentlik ofisida
Foto: Arda Kucukkaya/Anadolu via Getty Images

Kun avvalida Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar uch tomonlama uchrashuv formatida – Anqara vakillari ishtirokida o‘tishi muhokama qilingandi. Ammo ko‘p o‘tmay «Interfaks» agentligi uchrashuv tashkilotchilari orasidagi manbaga tayanib, Anqara vakillari delegatsiya a’zolari bilan salomlashib bo‘lgach, zalni tark etganini xabar qildi. Bu ma’lumotni RBK-Ukraina manbalari ham tasdiqladi.

Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidan tabrik so‘zida Istanbuldagi Rossiya-Ukraina muzokaralari mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun imkoniyatlar oynasini ochayotganini aytdi. U hozirda ikki yo‘l mavjudligini aytgan: «Yo‘llardan biri tinchlik haqida. Ikkinchisi – yanada ko‘proq vayronagarchiliklarga olib keladi» (iqtibos «Interfaks» agentligidan).

Shundan so‘ng Anqara vakillari uchrashuvni tark etgani yoki etmagani – rasman ma’lum qilinmagan.

Bundan tashqari, Rossiya nashrlari o‘z manbalariga asoslanib, Moskva delegatsiyasi muzokaralarda AQSh vakillari bo‘lishiga qarshi chiqishganini xabar qildi.

BBC manbasining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasidagilar «so‘nggi daqiqalardagi» bu talabni «tinchlik jarayonini buzish, unga putur yetkazishga urinish» deb baholagan. «Agar ular chindan ham muammolarni hal etish, tinchlik sari qadam tashlash uchun kelgan bo‘lsa, unda xonada amerikaliklar bo‘lishidan manfaatdor bo‘lishlari kerak», – degan manba.

Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga Vladimir Medinskiy rahbarlik qilmoqda
Foto: Hakan Akgun/Anadolu via Getty Images

Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar payshanba kuni bo‘lib o‘tishi mumkin edi, biroq Ukraina delegatsiyasi Istanbulga Anqaradan 15 may kuni kechqurun uchib keldi, shuning uchun muzokaralar jumaga ko‘chirildi.

15 may, payshanba kuni Volodimir Zelenskiy Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Anqaraga uchib keldi. Uch soatga yaqin davom etgan uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy muzokaralarda ishtirok etish uchun Ukraina delegatsiyasini Istanbulga yuborishga roziligini bildirdi. Unga mudofaa vaziri Rustem Umerov rahbarlik qildi. Zelenskiyning o‘zi Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida ishtirok etish uchun Albaniyaga yo‘l oldi. Erdo‘g‘an ham u yerga borishni rejalashtirgan.

«Rossiya delegatsiyasining ancha past darajasiga qaramay, prezident Trampga, yuqori darajadagi Turkiya delegatsiyasiga va prezident Erdo‘g‘anga hurmat yuzasidan – hech bo‘lmaganda deeskalatsiya, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki qadamlarga erishishga harakat qilish uchun uchun – men o‘z delegatsiyamizni Istanbulga yuborishga qaror qildim», – dedi Zelenskiy.

Ukraina delegatsiyasi rossiyalik hamkasblariga qaraganda kattaroq unvon va maqomga ega, deb izohlaydi BBC muxbiri Svyatoslav Xomenko.

Uning tarkibida Ukrainaning ushbu muzokaralardagi asosiy maqsadi bo‘lgan sulh qanday ko‘rinishi va amalga oshirilishini batafsil muhokama qilishga tayyor bo‘lgan harbiy generallar bor. Shu bilan birga, Kiyevdan rossiyaliklarning «mojaroning asl sabablari», Ukrainada «antirossiya» qurilishi va Ukraina shaharlarini bombardimon qilish haqidagi ritorikasini nafaqat Rossiyaning qonuniy milliy manfaatlarini himoya qilish usuli sifatida tinglashga, balki muzokaralar shu yo‘nalishda ketsa, Moskva vakillariga tengma-teng qarshi turishga tayyor bo‘lgan odamlar ham keldi.

Bundan tashqari, Ukraina delegatsiyasi tarkibi uning tarkibida Rossiya bilan murosa tarafdorlari borligini taxmin qilishga asos bermaydi, deya qo‘shimcha qiladi BBC muxbiri. Qolaversa, unga qrimlik tatar boshchilik qilishi Qrimni Rossiyaniki deb tan olish bo‘yicha hatto nazariy munozara o‘tkazish imkoniyatini minimallashtiradi.

Muzokaralar boshlanishi arafasida nimalar bo‘lib o‘tdi?

10 may, shanba kuni Zelenskiy Kiyevda Yevropaning to‘rt davlati rahbarlarini qabul qildi. Sammit yakunida ular qo‘shma bayonot qabul qilib, unda Rossiyadan kamida 30 kun davomida so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi va yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi.

Oradan bir necha soat o‘tib, 11 mayga o‘tar kechasi Putin Kremlda jurnalistlarni to‘plab, Istanbulda 2022 yil bahorida uzilib qolgan muzokaralar 15 maydan bir tomonlama tartibda qayta tiklanishini e’lon qildi.

Zelenskiy Turkiyaga kelishini, lekin faqat Putin bilan muzokara olib borishini aytdi. Kreml 14 mayga o‘tar kechasi Rossiya delegatsiyasi tarkibini e’lon qildi. Unga Medinskiy boshchilik qiladigan bo‘lgandi. Delegatsiya tarkibiga Rossiya Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi vakillari ham kiritilgandi.

Rossiya delegatsiyasi 15 may kuni ertalab Istanbulga uchib keldi. Zelenskiy Anqaraga tushga yaqin yetib keldi. Uchib kelgach, u Rossiya delegatsiyasining darajasini «soxta» deb atadi.

«Ko‘rib turibmizki, bu ko‘proq soxta darajaga o‘xshaydi. Biz nima qilishimiz va keyingi qadamlarimiz qanday bo‘lishini prezident Erdo‘g‘an bilan suhbatdan keyin o‘ylab ko‘ramiz», – dedi Zelenskiy.

Avvalroq Zelenskiy agar u yerda Putin bo‘lsa, Anqaradan Istanbulga uchib kelishi mumkinligini aytgandi.

Kreml 15 may kuni tushdan keyin Putinning Istanbulga muzokaralarga borishi ehtimolini qat’iyan istisno qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp Putinning muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortishi uni ajablantirmasligini aytdi.

«Agar men bormasam, nima uchun u borishi kerak?» – dedi Tramp Qatarda. Biroq u bir hafta ichida yana bir bor, agar zarurat tug‘ilsa, 16 may, juma kuni Turkiyadagi muzokaralarga qo‘shilishi mumkinligini istisno qilmadi (Tramp muzokaralardagi oldinga siljishni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin). Uning Yaqin Sharq bo‘ylab safari 15 may kuni BAAga tashrif bilan yakunlandi.

Keyinroq AQSh prezidenti Dubayga qo‘nishdan oldin jurnalistlarga «Putin va men uchrashmagunimizcha hech narsa bo‘lmaydi», degan. Rossiya delegatsiyasi haqida Tramp u haqda hech narsa bilmasligini, shuning uchun undan «hafsalasi pir bo‘lmagani»ni aytdi.

Juma kuni Tramp jurnalistlarga Ukrainadagi urushni muhokama qilish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligini aytdi.

Ukraina prezidenti Rossiya bilan muzokaralardan voz kechishga tayyor edi, ammo AQSh va Yevropa uni bunday qilmaslikka ko‘ndirdi, deb yozdi Washington Post o‘z manbalariga tayanib.

Bu muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkinmi?

Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida qo‘l siqishish bo‘lmadi va deyarli hech qanday muhim yutuq kutilmayapti, deb yozadi BBC muxbiri Orla Gerin Istanbuldan. Biroq, uning ta’kidlashicha, bu oldinga tashlangan qadam va hech bo‘lmaganda ramziy ma’noga ega.

Reuters agentligi bir kun avval Vladimir Putinning Istanbulga kelishdan bosh tortishi muzokaralarni boshi berk ko‘chaga olib kirgani haqida yozgan edi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham ularga katta umid bog‘lamayapti. Uning fikricha, taraqqiyotga erishish uchun Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning shaxsiy muloqoti zarur.

«Prezident Tramp va prezident Putin bu mavzuni to‘g‘ridan to‘g‘ri muhokama qilmaguncha, bu yerda yutuq bo‘lmaydi, deb o‘ylayman», – dedi u NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Antalyadagi uchrashuvidan so‘ng.

AQSh davlat kotibi Moskva muzokaralar uchun juda past darajadagi delegatsiya yuborganini ham qayd etib, shuning uchun Rossiya vakillari bilan uchrashuvlarda ishtirok etmasligini ma’lum qildi.

«Ertaga men Turkiya tashqi ishlar vaziri Fidan va Ukraina delegatsiyasi, ukrainlarning yuqori martabali delegatsiyasi bilan uchrashaman. <...> Bizning jamoadan ham kimdir Rossiya bilan muzokaralarda qatnashadi. Ular bu yerga ancha past darajadagi guruhni yuborishgan», — degandi Rubio.

Mavzuga oid