Jahon | 16:01 / 15.05.2025
4212
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp G‘azoni erkin hududga aylantirish haqida gapirdi

Qatardagi AQShning eng yirik harbiy bazasi - Al-Udeydga tashrif buyurgan Donald Tramp G‘azo uchun «juda yaxshi g‘oyalari» borligini aytdi. «Agar AQSh bu hududni o‘z nazoratiga olsa va erkinlik zonasi qilsa, men bundan faxrlanardim», - degan Tramp.

Foto: Doug Mills/The New York Times

Qatarga tashrifi davomida AQSh prezidenti Donald Tramp amirlikdagi al-Udeyd harbiy bazasiga yetib keldi. Tramp AQShning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasiga kelgach, dastlab sahnada turib, «God Bless the USA» nomli qo‘shiq ohangiga yengil harakatlar bilan raqsga tushdi, so‘ng nutqiga kirishdi.

Tadbirda AQSh va Qatar harbiylari ham qatnashmoqda. U o‘z chiqishida G‘azo bo‘yicha rejalarini aytgan.

«Menda G‘azo uchun juda yaxshi g‘oyalar bor: uni "freedom zone" — ya’ni erkinlik zonasiga aylantirish. AQSh bu ishga aralashib, G‘azoni shunchaki erkin hududga aylantirishi kerak», — deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera nashri.

«Menda havo suratlari bor — deyarli birorta bino butun qolmagan. Bu yerda siz biror narsani saqlab qolishga urinyapsiz deyish ham qiyin. Agar zarurat bo‘lsa, AQSh bu hududni o‘z nazoratiga olsa, uni egallasa va erkinlik zonasi qilsa, men bundan faxrlanardim»,degan Tramp Qatardagi safari davomida.

Tramp joriy yil boshida ham G‘azo ustidan uzoq muddatli AQSh nazoratini o‘rnatib, uni Yaqin Sharqning Riveria'si sifatida qayta qurish fikrini ilgari surgan edi.

Trampning Yaqin Sharqning boy davlatlari — Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAga tashrifi arafasida AQSh Falastinni tan olishi haqida gaplar tarqalgan edi. Hozircha AQSh rahbari Saudiyada ham, Qatarda ham bu mavzuni ochmadi.

Al-Udeyd harbiy bazasi — 1996 yilda ochilgan, Qatarda joylashgan eng yirik AQSh harbiy bazasi bo‘lib, mintaqadagi strategik va harbiy operatsiyalar uchun muhim ahamiyatga ega.

Bu baza AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) va AQSh havo kuchlari markazining mintaqaviy shtabi sifatida ishlaydi. Bazada 10 mingdan ortiq AQSh va ittifoqchi harbiy xizmatchilar xizmat qiladi.

Mavzuga oid