Iqtisodiyot | 20:42 / 13.05.2025
18588
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning yashil energetikaga o‘tishi: bu nega muhim?

Yashil energetika o‘tish O‘zbekiston uchun ham iqtisodiy, ham ekologik, ham geosiyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Hukumat 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami iste’moldagi ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu boradagi imkoniyat va muammoli jihatlar nimada?

Foto: Nucor

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish energiya resurslariga nisbatan ehtiyojning ham oshib borishiga olib kelmoqda.

Respublikadagi elektr energiyasining juda katta qismi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Qurilmalarning eski ekani va elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz yoqilg‘isi yetishmasligi oxirgi yillarda tez-tez kuzatilayotgan noodatiy issiq va sovuq kunlarda taqchillikni yuzaga keltiryapti. Natijada qish oylarida o‘ng minglab tadbirkorlik sub’yektlarining tarmoqdan uzilishi va gaz quyish shoxobchalarida yuzaga keladigan uzun navbatlar odatiy holga aylanib qoldi.

2024 yilda O‘zbekiston Rossiya va Turkmanistondan 1,7 mlrd dollarlik gaz sotib oldi. Bu – 2023 yilga nisbatan 2,4 barobarga, 2022 yilga nisbatan 6 barobarga ko‘p.

Amalga oshirilayotgan loyihalar va kutilmalar

Pandemiyadan keyin O‘zbekiston o‘z energetika tizimini diversifikatsiya qilishga jiddiy kirishdi. Xususan, oxirgi 5 yilda energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 30 mlrd dollarlik 50 ta bitim imzolangan. Ayni paytda respublikaning 10 ta viloyatida quvvati 4067 MW bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 3 ta shamol elektr stansiyasi yashil energiya ishlab chiqaryapti.

2025 yilning 12 may holatiga, O‘zbekistonda yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 3 mlrd kWhni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich butun 2022 yil davomida 434 mln kWh, 2023 yilda 576,9 mln kWh, 2024 yilda esa 4 mlrd 860 mln kWh bo‘lgan.

O‘z navbatida, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami iste’moldagi ulushi 2023 yilda 15 foiz, 2024 yilda 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 25 foizga yetishi kutilyapti. Ushbu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 54 foizga yetishi prognoz qilingan.

Yashil energetikaga o‘tish nega muhim?

O‘zbekistonning iqtisodiy istiqbolini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biri – energetik barqarorlik. Bu esa birinchi navbatda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarga bog‘liq. Chunki yashil energiya ulushining ortishi istiqbolda elektr energiyasi tannarxini ham pasaytirishi kerak.

Hukumat “take or pay” (ol yoki pulini to‘la) tamoyili asosidagi loyihalardan 3,5 sent va undan arzon narxlarda uzoq muddatli elektr energiyasi sotib olish kafolatini olgan shartnomalar tuzyapti. Rasmiylar tomonidan oxirgi marta ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning aprel oyida 1 kWh elektr energiyasining tannarxi qariyb 1000 so‘mni tashkil etgan. Narxlarni shakllantirishda ochiqlikning yo‘qligi hamda budjetdan tizimni subsidiyalashning davom etayotgani sharoitida, arzon energiya manbalari ulushining ortishi mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro energetika agentligining 2023 yilgi hisobotiga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlarda yangi quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, mavjud gaz yoki ko‘mir stansiyalarini ishlatishdan arzonroq bo‘la boshlagan. Texnologik taraqqiyot sabab ushbu tarmoqdagi narxlar yildan yilga pasayib boradi.

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari minglab xonadonlarni elektr bilan ta’minlash barobarida atmosferaga ajraluvchi issiqxona gazlarini kamaytiradi.

Asosiy muammo nimada?

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston yashil energetikaga o‘tish bo‘yicha katta salohiyatga ega. Mamlakatda yiliga 300 dan ziyod quyoshli kunlar kuzatiladi, shamol energetikasi uchun esa qulay hududlar mavjud. Ya’ni tabiiy resurslar potensiali yuqori darajada. Bu boradagi asosiy muammo – energetika tizimidagi shaffoflikning yo‘qligi va mavjud resurslarni samarasiz boshqarish bilan bog‘liq.

E’tiborlisi, oxirgi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish bo‘yicha loyihalar investorlarga tendersiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida berilyapti. Hukumat vakillari buni vaqtdan yutish bilan izohlab keladi. Ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarlarda imzolanayotgan shartnomalardagi eng muhim band – narxlar ochiqlanmaydi.

Odatda elektr energiyasini sotib olish bitimlari xorijiy valutada tuziladi va milliy valutada keskin qadrsizlanish yuz bersa, hukumat zimmasiga tushadigan xarajat oshishi mumkin. O‘z navbatida, yildan yilga qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun texnologiyalarni ishlab chiqarish xarajatlari ham arzonlab boryapti.

Bu boradagi yana bir chaqiriq – O‘zbekistonning quruq iqlimi. Suv tanqisligi va yog‘ingarchiliklarning kamayishi ortidan qum bo‘ronlari va shunga o‘xshash tabiat hodisalari ko‘paydi. Bu esa quyosh panellarining ish faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, ish samaradorligini tushirib yuborishi mumkin.

Yashil energetika – geosiyosiy mustaqillik kaliti

Navoiy viloyatida O‘zbekistondagi ilk quyosh elektr stansiyasining qurilishi. 2021 yil iyun. Foto: Kun.uz

Oxirgi oylardagi e’tiborga molik jihat – O‘zbekistondagi yashil energetika loyihalariga Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham jiddiy qiziqish bildira boshladi. Xususan, prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi davomida bu borada bir qator masalalar muhokama qilingan. Jizzax viloyatida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga Fransiya kompaniyalari ham jalb qilinishi mumkin. Texnik hamkor sifatida Assystem, mutaxassislar tayyorlash uchun Bureau Veritas, texnik boshqaruv bo‘yicha Framatome kabi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilgan.

Shuningdek, o‘tgan oyda Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 12 mlrd yevrolik sarmoya paketi ajratilishini e’lon qildi. Ushbu mablag‘larning sezilarli qismi yashil quvvatlarni ishga tushirish uchun yo‘naltiriladi. Yevroittifoq bilan energetika sohasida hamkorlikni kengaytirishdan esa har ikkala tomon ham birday manfaatdor.

O‘zbekiston uchun. Rossiya Markaziy Osiyoda quyosh yoki shamol energetikasiga oid loyihalarda faol emas, aksincha, rasmiy Moskva O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurib berish va gaz eksportini oshirish orqali o‘z ta’sirini saqlab qolishga urinyapti. Biroq O‘zbekiston rasmiy doiralarda “energetika manbalarini diversifikatsiya qilish” tarafdori ekanini bildirgan, ya’ni asosiy maqsad – biror davlatga ortiqcha qaramlikdan qochish.

Yashil energetikaga o‘tish nafaqat ekologik va iqtisodiy jihatdan, balki geosiyosiy mustaqillik jihatdan ham juda muhim. Ayni paytda jarayondagi loyihalarning aksariyati Saudiya Arabistoni (ACWA Power), BAA (Masdar) va Xitoy (China Energy, China Datang) korxonalari tomonidan amalga oshirilyapti. Istiqbolda yashil energetika sohasida katta tajribaga ega Yevropa kompaniyalarining ham ko‘payishi raqobat o‘sishiga, sarmoyaviy oqimlarning qutblashmasligi (sohada bitta qutbning ustunligi yuzaga kelmasligi)ga imkon beradi. Taklifning ko‘payishi narxlarni arzonlashtiradi. Rossiya va Xitoydan farqli o‘laroq, Fors ko‘rfazi mamlakatlari (BAA, Saudiya Arabistoni) va Yevroittifoqdan ehtimoliy geosiyosiy oqibatlarsiz investitsiya jalb qilish mumkin.

Umuman olganda, YeI mamlakatlari bilan hamkorlik O‘zbekistonga texnologik nou-hau olib kirish, kadrlar tayyorlash va innovatsion yechimlarni joriy etish imkonini beradi.

Yevropa Ittifoqi uchun. Rossiya-Ukraina urushi amalda mavjud bo‘lgan geosiyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi. Yevroittifoq Rossiyadan neft va gaz bilan bir qatorda boshqa resurslar importini ham to‘xtatdi yoki qisqartirdi. Mazkur o‘zgarishlar tabiiy resurslarga boy O‘zbekiston va iqtisodiy jihatdan qudratli Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning iqtisodiy jihatlarini kun tartibida asosiy o‘ringa olib chiqdi. Xususan, Fransiya O‘zbekiston uraniga katta qiziqish bildiryapti. Jumladan, O‘zbekistondan Fransiyaga eksport 2022 yilda 72 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilning yakunida bu ko‘rsatkich 795 mln dollargacha yetgan yoki 11 barobarga o‘sgan.

Kritik minerallar yashil energetika tizimlari, yarimo‘tkazgichlar, batareyalar va mudofaa qurilmalari ishlab chiqarish uchun muhim xomashyodir. Oxirgi yillarda ushbu tarmoqda Xitoyning ustunligi o‘sib bormoqda. Ushbu kontekstda Qozog‘iston bilan bir qatorda O‘zbekiston ham Yevropa Ittifoqining strategik ehtiyojlarini qondirish uchun muhim metallar va resurslarning asosiy yetkazib beruvchisi sifatidagi rolini sezilarli darajada oshirdi.

O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston prezidentlari Yevropaga yashil energiya eksport qilishga qaratilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolamoqda. 2024 yil noyabr, Boku. / Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Bundan tashqari, O‘zbekiston 2030 yildan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan ortiqcha yashil elektr energiyasini Ozarboyjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtiryapti. 2024 yil noyabrida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon prezidentlari “Markaziy Osiyo – Ozarboyjon – Yevropa” yashil energetika yo‘lagini yaratish loyihasiga start berdi. Dekabr oyida uch mamlakat o‘rtasida loyihaning ta’sis shartnomasi imzolandi.

Energetika – iqtisodiyotning “qon tomiri” hisoblanadi. Iste’molning yilda yilga oshib borayotgani resurslar qisqarib borishi va qimmatlashishi, importga bog‘liqlik kuchayishiga olib kelmoqda. O‘z navbatida, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash masalasi ham bugungi kundagi eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi.

Shu sababli O‘zbekiston uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish kun sayin muhim ahamiyat kasb etib boraveradi. Energiya ishlab chiqarishda hali ham asosan tabiiy gazga tayanuvchi mamlakat uchun bu energiya xavfsizligini ta’minlash va uzoq muddatli barqarorlikni kafolatlashning yagona yo‘lidir.

Doston Ahrorov,
Kun.uz

Mavzuga oid