AQSh–Xitoy savdo urushi 90 kunga muzlatilmoqda
Jyenevada o‘tgan muzokaralar natijasida AQSh Xitoy tovarlari uchun bojlarni 145 foizdan 30 foizgacha, Pekin esa 125 foizdan 10 foizgacha tushiradigan bo‘ldi. Donald Tramp Xitoy bilan munosabatlarni “to‘liq qaytadan o‘rnatishga” muvaffaq bo‘linganini aytdi.

Foto: Francis Chung/EPA
AQSh va Xitoy o‘zaro savdo tariflarini 90 kun muddatga pasaytirishga kelishib oldi, deya xabar bermoqda Bloomberg.
Ikki tomon 2025 yil yanvaridan buyon ilk marta yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazdi. Jyenevada ikki kun davom etgan muzokaralarda AQShdan moliya vaziri Skott Bessent, XXRdan bosh vazir o‘rinbosari He Lifen ishtirok etdi. Ular savdo ziddiyatini yumshatishga va ikki mamlakat iqtisodiyotlariga moslashish uchun vaqt berishga kelishib olgan.
AQSh 145 foizlik bojlarini 30 foizgacha, Xitoy esa 125 foizdan 10 foizgacha tushiradi. Ushbu dastlabki kelishuv muddati 90 kun deb belgilandi.
Skott Bessent ham, He Lifen ham muzokaralar “konstruktiv” va “ochiq” o‘tganini aytib, savdo urushidagi deeskalatsiya haqida bayonotlar berdi.
AQShning savdo masalalari bo‘yicha vakili Jyeymison Grirga ko‘ra, erishilgan kelishuv Amerikaning 1,2 trillion dollarlik savdo defitsitini qisqartirishga yordam beradi.
Prezident Donald Tramp Xitoy bilan “munosabatlarni do‘stona, lekin konstruktiv tarzda to‘liq qayta o‘rnatishga” erishilganini aytdi. U Xitoyning Amerika biznesi uchun “ochilayotgani”ni ko‘rishni xohlayotganini qo‘shimcha qildi.
Kelishuv haqidagi yangilik dushanba kuni Xitoy va Hongkongdagi fond birjalarida ko‘tarilishga olib keldi – seshanba kuni AQSh birjalari ham yuqori kayfiyatda ochilishi kutilmoqda. Shuningdek, yuanning dollarga nisbatan mustahkamlanishi ham kuzatilmoqda.
Ayni paytda, Xalqaro savdo palatasi bosh kotibi o‘rinbosari Endryu Uilsonga ko‘ra, bojlarning pasaytirilishi aytilgan darajasi ham baribir yuqoriligicha qoladi: tariflar 20 foizdan yuqori bo‘lib qolgan taqdirda ham, baribir xalqaro savdo oqimlariga jiddiy to‘siq bo‘lib qolaveradi.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi navbatdagi savdo urushi 2025 yil 2 apreldan boshlangandi. O‘sha kuni Donald Tramp 183 ta mamlakat tovarlariga nisbatan bojlar e’lon qilgan, lekin ko‘p o‘tmay javob choralarini kiritmagan mamlakatlar uchun oshirilgan stavkalarning amal qilishini to‘xtatgandi. Lekin Xitoy uchun avvaliga 34 foizdan boshlangan bojlar, Pekinning javob qaytarishi ortidan, bir nechta qadamda 145 foizgacha ko‘tarilgan, o‘z navbatida Xitoy AQSh mahsulotlari uchun bojlarni 125 foizgacha oshirgandi.
Dunyoning ikki eng yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo urushi global iqtisodiyotda beqarorlikni kuchaytirgan.