Jahon | 19:14
1753
13 daqiqa o‘qiladi

G‘azoliklarni ko‘chirish, Eron va Suriya mavzulari - Tramp va Netanyahu nimalarni muhokama qildi?

Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashgan Netanyahu g‘azoliklarni ko‘chirish rejalari haqida gapirdi va AQSh yetakchisini Nobel mukofotiga tavsiya qildi. Tramp esa Eronga berilgan zarbalarni Yaponiyaga tashlangan atom bombasiga qiyosladi. Ayni vaqtda Vashingtonda Netanyahuning tashrifiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda, Qatarda esa Hamas bilan muzokaralar davom etmoqda.

Foto: White House

Kechki ovqat, Nobel va maqtovlar

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu dushanba, 7 iyun kuni tongda Vashingtonga yetib keldi. Avvalo u Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff, AQSh davlat kotibi hamda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Marko Rubio bilan uchrashdi.

Foto: Isroil bosh vaziri matbuot xizmati

Shu kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Binyamin Netanyahuni Oq uyda kechki ovqat ustida qabul qildi. Tramp va Netanyahu G‘azoning uzoq muddatli kelajagi va Isroilning Fors ko‘rfazidagi qo‘shnilari bilan munosabatlarini normallashtirish masalasini muhokama qilgan.

New York Times'ning yozishicha, Oq uyning Moviy zalida o‘tirgan yetakchilar avvalo, o‘zaro o‘zlarini tabriklagan va AQShning Eron yadro obektlariga uyushtirgan havo hujumlarini nishonlagan. Netanyahu esa bu vaziyatda Trampni Nobel tinchlik mukofotiga nomzod qilganini aytdi.

«U hozirning o‘zida mintaqadagi bir mamlakat ortidan boshqasi bilan tinchlikka erishmoqda. Barchangizga katta rahmat. Bu — sizni tinchlik mukofotiga nomzod qilish uchun to‘la-to‘kis munosib. Siz, albatta, uni olishingiz kerak», degan Netanyahu.

«Katta rahmat. Men bu haqda bilmasdim. Men Eronga tinch yo‘l bilan tiklanish imkoniyatini berishni xohlayman. Ular Yaqin Sharqdagi bezori edi, endi esa bezori emas», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda nashr.

Shuningdek, Tramp o‘zining Eronga havo zarbasi berish qarorini Ikkinchi jahon urushi davrida prezident Garri Trumenning Yaponiyaga atom bombasi tashlash qaroriga qiyosladi. «Bu ko‘plab urushlarni to‘xtatdi, bu ham xuddi shunday», dedi u.

Foto: White House

Isroil bosh vaziri payshanba, 10 iyulgacha Vashingtonda qolishni rejalashtirmoqda. U vitse-prezident Vens, Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson va mudofaa vaziri Pit Hegset bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Bu Netanyahuning Tramp ikkinchi marta prezidentlikka kirishganidan beri Oq uyga uchinchi tashrifi bo‘ldi — bu boshqa har qanday xorijiy yetakchidan ko‘proq.

G‘azoliklarni ko‘chirish va sulh masalasi

Reuters nashrining yozishicha, kechki ovqat boshlanishida jurnalistlarga murojaat qilgan Netanyahu, AQSh va Isroil boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilib, falastinliklarga «yaxshiroq kelajak» taqdim etish ustida ishlayotganini aytgan.

«Agar odamlar qolishni istasa, qolishlari mumkin, lekin ketishni istasalar, ketish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Biz shunga rozi mamlakatlarni topish borasida AQSh bilan juda yaqin hamkorlik qilyapmiz. Ular doim falastinliklarga yaxshiroq kelajak berishni istashini aytadi. Menimcha, biz bir nechta davlatlarni topishga yaqinlashyapmiz», dedi Netanyahu.

Foto: Foxnews

Nashrga ko‘ra, Tramp, Netanyahuga ushbu masala haqida savol berilganda, dastlab o‘zini chetga olgan. Keyinroq atrofdagi davlatlar yordam berayotganini ta’kidladi. «Bizda atrofdagi mamlakatlar bilan juda yaxshi hamkorlik bor, ularning har biri bilan… Shunday ekan, nimadir yaxshi narsa sodir bo‘ladi», dedi Tramp.

Joriy yil fevral oyida Netanyahuning AQShga tashrifi chog‘ida, Tramp ikki millionga yaqin falastinlikni G‘azo sektoridan boshqa yaqin davlatlarga doimiy ko‘chirish va AQSh bu hududni egallab olib uni «Yaqin Sharqning Riviyerasi»ga aylantirish rejasini e’lon qilgan edi. U keyinchalik bu g‘oyasidan chekinishini bildirgan.

Arab davlatlari Trampning rejasiga qarshi chiqib, aholining o‘z joyida qolishini, hududni qayta tiklash va uni kelajakdagi Falastin davlati tarkibiga kiritish rejasini ilgari surdi. G‘azoliklar esa bu taklifni tanqid ostiga olib, o‘z yurtlarini tark etmaslikka qasamyod qilishgan. Inson huquqlari tashkilotlari bu rejani «etnik tozalash» deb qoralamoqda.

Tramp va Netanyahu Vashingtonda bir necha soat davomida uchrashuv o‘tkazdi. Bu orada isroillik rasmiylar AQSh vositachiligidagi G‘azo bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish yuzasidan Qatarda Hamas bilan bilvosita muzokaralarni davom ettirmoqda.

Eron va Suriya haqida

Tramp o‘z ma’muriyati Eron bilan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi: «Biz Eron bo‘yicha muzokaralarni rejalashtirdik va ular suhbatlashishni istayapti. Ular katta zarba olishdi», dedi u. Uning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoff esa «bu uchrashuv kelasi hafta yoki shunga yaqin» bo‘lishini aytgan.

Tramp, shuningdek, Eron ustidan sanksiyalarni olib tashlashni istashini bildirdi: «Men istardimki, to‘g‘ri vaqti kelganda, bu sanksiyalarni olib tashlay olsam», dedi u.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon dushanba kuni e’lon qilingan intervyusida Eron AQSh bilan bo‘lgan ziddiyatlarni muloqot orqali hal qilishi mumkinligiga ishonishini aytgandi.

New York Times nashriga ko‘ra, Donald Tramp va Netanyahu Isroil va Suriya o‘rtasidagi munosabatlarni ham muhokama qildi. Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida imzolagan «Ibrohim kelishuvlari»ni kengaytirishga umid qilmoqda. Bu kelishuvlar Isroil va mintaqadagi boshqa davlatlar o‘rtasida diplomatik aloqalarni normallashtirishni nazarda tutadi.

Foto: White House

Tramp yaqinda AQShning Suriyaga qarshi yillar davomida amalda bo‘lib kelgan sanksiyalarini bekor qilishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu orada, yangi prezident Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi Suriya hukumati 13 yillik fuqarolik urushidan so‘ng mamlakatni tiklashga urinmoqda. AQShga ko‘ra, Suriya va Isroil AQSh vositachiligida chegarada tinchlikni tiklashga qaratilgan «mazmunli» muzokaralarni olib bormoqda.

Vashingtondagi namoyishlar

Oq uy tashqarisida Falastin sharfini taqqan va Falastin bayroqlarini hilpiratgan yuzlab namoyishchilar to‘plandi. Ular «Isroilga qurol yetkazishni to‘xtating» va «Genotsidga yo‘q deng» degan bannerlarni ko‘tarib chiqishdi. Shuningdek, ular G‘azoda sodir etilgan urush jinoyatlari bo‘yicha Xalqaro jinoiy sudning hibsga olish orderiga ishora qilib, Netanyahuni hibsga olishga chaqirishdi.

Foto: 7News

Aslida bunday namoyishlar Netanyahu tashrifidan bir necha kun oldin boshlangan edi. Isroil OAVlariga ko‘ra, asosiy namoyishlar falastinlik Yoshlar harakati (Palestinian Youth Movement) hamda Sotsializm va Ozodlik partiyasi (Party for Socialism and Liberation) tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

Foto: 7News

Namoyishda, shuningdek, Amerika Musulmonlar jamiyati va Tinchlik tarafdori yahudiylar guruhi (Jewish Voices for Peace) kabi tashkilotlar ham qatnashgan. Tadbir oldidan falastinlik Yoshlar harakati bayonot e’lon qilib, AQShning Isroil va arab davlatlari o‘rtasida munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan harakatlarini qoraladi. Ular bu jarayonni «Falastinni uning arab xalqlaridan ajratib qo‘yish harakati» deb atadi.

Qatarda muzokaralar davom etmoqda

60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifni ishlab chiqqan asosiy shaxslardan biri bo‘lgan Stivv Uitkoff ushbu hafta Dohaga jo‘nab, u yerda Qatar va Misr vakillari bilan davom etayotgan muzokaralarga qo‘shiladi.

«Yaqin Sharqdagi prezidentning eng ustuvor vazifasi — G‘azodagi urushni yakunlash va barcha garovdagilarni qaytarish», dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt dushanba kuni tushdan keyin jurnalistlarga. «Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklif Hamasga yuborilgan. Umid qilamizki, ular bu taklifni qabul qiladi. Biz barcha garovdagilar ozod qilinishini xohlaymiz».

Foto: White House

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt o‘t ochishni to‘xtatish taklifini «qabul qilsa bo‘ladigan va mos» deb atadi.

Reutersʼning falastinlik manbalari tomonlar o‘rtasida hali ham jiddiy tafovutlar borligini, Isroil insonparvarlik yordamini G‘azoga erkin va xavfsiz kirishini rad etayotgani bilvosita muzokaralarning asosiy to‘sig‘i bo‘lib qolayotganini aytdi.

AQSh tomonidan taklif etilgan bitim garovga olinganlarni bosqichma-bosqich ozod qilishni, Isroil qo‘shinlarining G‘azoning ayrim hududlaridan chiqishini va urushni to‘liq tugatish bo‘yicha muzokaralarni nazarda tutadi.

Hamas esa uzoq vaqtdan beri barcha garovdagilar ozod qilinishidan avval urushga yakun berilishini talab qilib kelmoqda. Isroil barcha garovdagilar ozod qilinmaguncha va Hamas butunlay yo‘q qilinmaguncha jangovar harakatlarni to‘xtatmasligini aytgandi. Keyinroq ichki va tashqi bosimlar oqibatida Netanyahu uchun garovdagilarni ozod qilish asosiy o‘ringa chiqdi.

O‘tgan hafta Tramp G‘azo bo‘yicha bitimga tezda erishish zarurati yuzasidan «juda qat’iy» bo‘lishini aytgan va Isroil bosh vaziri ham urushni tugatishni istayotganini bildirgandi.

Foto: ABCNews

Shu kunlarda Shimoliy G‘azoning Bayt Hanun hududida yo‘l bo‘yidagi portlash natijasida kamida besh nafar Isroil askarlari halok bo‘ldi. Bunga javoban Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bosh vazir Benyamin Netanyahuni «Doha shahrida Hamas bilan muzokara olib borayotgan delegatsiyani zudlik bilan qaytarishga» chaqirdi.

«Bizning jangchilarimizni o‘ldirayotganlar bilan muzokara olib borishga hojat yo‘q — ularni butkul yo‘q qilish, ochlik bilan o‘ldirish, ularga insonparvarlik yordami orqali "kislorod" yetkazmaslik kerak», - deydi u.

Maqsadlar

Isroil-Falastin mojarosiga ikki davlatli yechim tarafdori bo‘lgan Isroil siyosiy forumi tashkilotining Vashingtondagi ijrochi direktori Reychel Brandenburg fikricha, Tramp va Netanyahuning ushbu uchrashuvdan kutgan natijalari bir-biridan farq qiladi.

«Prezident Tramp o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini kafolatlashni va Isroilning Eronni yana nishonga olmasligi bo‘yicha kelishuvga erishishni istaydi», dedi u. «Ammo Bosh vazir Netanyahu, ehtimol, shunchaki g‘alabani nishonlashni va siyosiy mavqeyiga xavf tug‘diradigan hech narsaga imzo chekishni istamaydi».

Foto: White House

G‘azodagi keng ko‘lamli urush 2023 yil oktyabr oyida boshlandi. Isroil tomoniga ko‘ra, Hamas janubiy Isroilga hujum qilib, mingdan ortiq odamni o‘ldirgan va 251 kishini garovga olgan. Ulardan 50 nafari hanuz G‘azoda garovda qolmoqda, 20 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.

Isroilning keyingi javob hujumlari esa genotsidga aylanib ketdi. Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda 57 mingdan ortiq falastinlik vafot etdi, 130 mingdan ortiq inson jarohatlandi. Urush sababli G‘azo aholisi keng ko‘lamda o‘z uylarini tashlab chiqdi, sektor deyarli vayron bo‘ldi. BMT bahosiga ko‘ra, yarim million odam ochlik xavfi ostida qolmoqda. 

Mavzuga oid